Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Fevral, 2025   |   27 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:44
Quyosh
07:02
Peshin
12:41
Asr
16:26
Shom
18:13
Xufton
19:26
Bismillah
26 Fevral, 2025, 27 Sha`bon, 1446

Qozog‘iston bosh muftiysi haj narxi oshishini izohladi

29.07.2019   3936   2 min.
Qozog‘iston bosh muftiysi haj narxi oshishini izohladi

O‘tgan yili qozog‘istonliklarning haj safariga harajatlari 4200 AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 3200 nafar ziyoratchilarning haj amallarini bajarish uchun 4800 AQSH dollarini to‘lashlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Qozog‘iston bosh muftiysi Serikbay hoji Oraz Zakon.kz saytiga bergan intervyusida bu yilgi haj narxlarining oshishini izohlab berdi. Uning aytishicha, bo‘lajak hojilarga xizmat ko‘rsatadigan turkompaniyalar ularning har biridan o‘z xizmatlari uchun taxminan 50 ming tangadan olishadi.

“Turkompaniyalar uchta paket: Standart/ekonom, Komfort/luks va VIP paketlari bo‘yicha xizmatlarni taklif etishadi. Tanlangan paketga qarab, hajning narxi belgilanadi. Qolgan barcha harajatlar haj safariga borganlarning aviaqatnovlari, Saudiya Arabistonida ko‘rsatiladigan transport xizmatlari, zamonaviy, barcha qulayliklarga ega mehmonxonalarga joylashtirish, ovqatlanish, ziyoratgohlarga ekskursiya uyushtirish, haj amallarini bajarishga yordam berishlariga sarflanadi.

Avvallari Saudiya Arabistoni Standart/ekonom paketi borganlardan pul olmasdi, endi esa ulardan ham 300 AQSH dollaridan olmoqda. Oxirgi yillarda Nur-Sulton, Olma-Ota, Chimkent va Oqtov shaharlaridan Saudiya Arabistoniga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Oldinlari fuqarolarimiz hajga Istanbul, Sharja, Dubay orqali borishar, bu ko‘p vaqt olar va asablanishlarga sabab bo‘lar edi.

Bizning ziyoratchilarimizga xizmat ko‘rsatadigan «Fly Nas» Saudiya aviakompaniyasi ularni olib ketish uchun bo‘sh uchib keladi. Bu ham narxga ta’sir qiladi”, - deydi bosh muftiy.

Uning bildirishicha, bundan tashqari, Saudiya Arabistonidagi transport xarajatlarining narxi uch marotabaga ko‘tarildi, shunga yarasha xizmat sifati ham oshdi.

“Qo‘shni mamlakat fuqarolari uchun haj safarlari arzon tushayapti, degan gaplarga xizmat ko‘rsatishning sifati nuqtayi nazaridan baho berish kerak. Qirg‘izistonlik ziyoratchilar 90-yillardan beri Saudiya xayriya jamg‘armalari hisobidan bepul mehmonxonalar bilan ta’minlanadi. Ammo ushbu mehmonxonalar Makkadagi al-Haram masjididan ancha uzoqda joylashgan. Bu esa ushbu masjidga ziyoratchilarning yetib kelishi uchun ancha qiyinchilik tug‘diradi. O‘zbekistondagi haj xarajatlari esa biznikidan unchalik katta farq qilmaydi”, - o‘z so‘zini yakunladi Serikbay hoji Oraz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Har daqiqani ibodatga aylantirsa bo‘ladi

25.02.2025   2134   3 min.
Har daqiqani ibodatga aylantirsa bo‘ladi

Inson biror ishni qilayotganida men bu kasbni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashib, zimmamdagi haqni ado qilyapman, deb niyat qilsa, o‘sha ishga sarf qilgan har daqiqa vaqti ulkan ibodat darajasiga ko‘tariladi.

Abu Maxoriqdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan o‘tirganlarida, yosh a’robiy yigit o‘tib qoldi. Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo: Agar u yigitligiyu kuch-quvvatini Alloh yo‘lida sarflaganida, katta ajr olgan bo‘lardi”, deyishdi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Agar qarib qolgan otaonasiga yordam berishga harakat qilsa, u Alloh yo‘lidadir. Kichik bolalari uchun harakat qilsa, u Alloh yo‘lidadir. Agar u o‘z nafsi uchun, odamlardan behojat bo‘laman, deb harakat qilsa, u Alloh yo‘lidadir. Agar odamlar ko‘rsin va eshitsin, deb harakat qilsa, u shayton yo‘lidadir (Imom Tabaroniy rivoyati).

Hadisdan xalq orasida keng tarqalgan din boshqa, dunyo boshqa degan fikrning xato ekanini anglaymiz. O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, biz dunyoviy ish, deb o‘ylaydigan halol rizq talab qilish ham dinning bir bo‘lagi ekan. Faqat shart shuki, talabimiz shariatga muvofiq, joiz yo‘l bilan bo‘lsin.

Shariatda: “Dinim menga ahli ayolimning nafaqasini vojib qilgan, halol yo‘l bilan luqma topib, oilamga tutay”, degan niyat bilan dalada ishlayotgan dehqon, dastgoh oldida turgan ishchi, o‘z kasbidan qolmayotgan hunarmand, o‘z vazifasini ado etayotgan idora xodimi yoki ziyoli, ibodat qilayotgan bo‘ladi. Bundan boshqa niyatni qilgan odam esa mo‘ljalidagi narsaga erishishi mumkin, ammo ajru savobga yetisha olmaydi.

Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Amallar faqat niyatlarga ko‘radir. Har kimga niyat qilganigina bo‘ladi”, deb bejizga aytmaganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Xullas, o‘ziga munosib qudrati, ilmi, ma’rifati yetadigan, risoladagidek ado etishiga ishonchi komil ishga kirgan inson har kuni ishga ketayotib, yaxshi niyatini takrorlaydi. Haloldan rizq topish, elga, vatanga xizmat qilish, ishni puxta ado etish, dangasalikka yo‘l qo‘ymaslik kabi narsalarni niyat qiladi. Bu bilan rizq topishga sarflagan vaqti ham ibodatga aylanadi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mo‘min-musulmon qanday ishda bo‘lmasin, eng yaxshi ishchi, eng yaxshi kosib, yaxshi dehqon, yaxshi muhandis, yaxshi xizmatchi, yaxshi tabib, yaxshi o‘qituvchi, xullas, har bir kasbning eng mohiri, eng omili, eng tadbirlisi bo‘lishga harakat qilishi, Allohning roziligini va halol rizqni niyat qilishi lozim bo‘ladi.

 

“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan