Kunlarning birida Makka osmonida bir nur ko‘rindi va Makkani oydinlatib, qorong‘ulikni tarqatib yubordi. Bu nur Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning payg‘ambarlik nuri edi. Hazrati Hadicha roziyallohu anho qizlari Ruqayya va Ummu Gulsum roziyallohu anholarni o‘ylar edi. Ummu Jamil va uning so‘zidan hech chiqmaydigan Abu Lahab xonadonida qizlarining holi ne kechadi? Qurayshiylar Muhammad sollallohu alayhi va sallam xususida aniq bir to‘xtamga kelish uchun to‘plandilar. Oralaridan biri:
— Siz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning ishiga xalaqit bermoqchimisiz? U holda qizlarini qaytarib yuboringlar, u qizlari bilan ovora bo‘lib qoladi, - dedi.
Abu Lahab, Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning qizlari bilan oila qurgan o‘g‘illariga:
— Agar, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning qizlarini qo‘ymasangiz, boshim boshingizga harom bo‘lsin, - dedi. Ikki qiz ham otalik uylariga qaytib keldilar. Ummu Jamil va Abu Lahab bu ishlari bilan cheklanib qolmadi. Nabiy alayhissalomga doimiy ravishda aziyat yetkazaverdilar. Ammo, Alloh taolo suyukli payg‘ambari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aziyat yetkazgan bu ikki badbaxtni jazolabgina qolmay, Qur’oni karimda ularning qismatlari haqida so‘z yurituvchi “Masad” surasini nozil qildi.
Suraning tarjima ma’nosi: “1. Abu Lahabning qo‘llari qurigay – halok bo‘lgay! (Aniqki) u quridi – halok bo‘ldi. 2. Mol-mulki va kasb qilib topgan narsalari unga asqotgani yo‘q! 3-4-5. Yaqinda u va uning o‘tin orqalagan, bo‘ynida pishiq toladan eshilgan arqon bo‘lgan xotini (lovullab turgan) alangali do‘zaxga kirajak!”
Nabiy sollallohu alayhi va sallam samimiy va vafodor zavjasiga: “Endi bizga uyqu yo‘q, ey Hadicha...” dedilar. Ruqayya va Ummu Gulsum roziyallohu anho uylaridagi muhit o‘zgarib qolganini sezdilar. Uyda xursandchilikdan asar ham qolmaganday, g‘am-qayg‘u butkul hukmrondek ko‘rinar edi. Biroq opa-singil ota-onalari bilan birga bu qiyinchiliklarga bardosh berdilar. Qurayshiylarning taxmini bekor bo‘ldi, sevinchlari uzoqqa bormadi. Ular o‘ylaganidek, qizlarining uyga qaytib kelishi bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam buyuk vazifalarini ado etishdan to‘xtab qolmadilar. Alloh taolo solih, asl bir oilaga mansub, boy va yumshoq tabiatli kuyov berdi. Bu kishi Usmon ibn Affon roziyallohu anhu nasab, mavqe va boylikda Qurayshning eng oldi kishilaridan edi.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam Ruqayya roziyallohu anhoni Usmon roziyallohu anhuga nikohladilar va ularga barakot tilab, Alloh taologa duo qildilar. Quraysh mushriklarining musulmonlarga aziyatlari yanada ortdi. Ularga juda yomon munosabatda bo‘la boshladilar. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam fitnaga duchor bo‘lishmasin deb sahobalarning Habashistonga hijrat qilishlariga izn berdilar. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu bilan zavjasi Ruqayya roziyallohu anho ham yo‘l hozirligini ko‘ra boshladilar. Ruqayya roziyallohu anhoning ko‘zlari yosh, qalbi g‘am-alam bilan to‘la edi. Ayriliq oldidan otasini, onasini va qarindoshlarini bir-bir quchoqladi. Aytmoqchi bo‘lgan gaplarini aytolmay, so‘zlari bo‘g‘ziga tiqildi. Uning butun holati go‘yo: “Oiladan, vatandan ayrilish juda og‘ir. Ruh bilan tananing ajralishiga o‘xshaydi. Alloh bu ishimizdan rozi bo‘lsin. Ishonchimiz yo‘lida jonimiz fido bo‘lsin”, degandek edi. Usmon roziyallohu anhu ham juda xafa edilar. Sabrli mo‘mina Ruqayya roziyallohu anho unga yuzlanib, taskin berish uchun:
– Alloh taolo biz bilan va Shu muborak Baytning atrofidagi tuprog‘imizda qolayotgan kishilar bilan birgadir, — dedi. Hazrati Usmon roziyallohu anhuning qayg‘usi tarqaldi. Habashiston tomon yo‘lga tushdilar.
Davomi bor...
Saidabror Umarov tayyorladi
Farg‘ona viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatiblar ishtirokida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari qalamiga mansub “Inson qadri” nomli asarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Alisher domla Naimov, shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, masjidlarda faoliyat olib borayotgan imom-domlalar ishtirok etdilar.
Taqdimot davomida asarning mazmun-mohiyati, unda ko‘tarilgan dolzarb mavzular hamda kitobning bugungi jamiyat hayotidagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritildi. So‘zga chiqqanlar kitobda inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va burchlarini anglash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik kabi insoniy fazilatlar chuqur va ta’sirchan tarzda yoritilganini ta’kidladilar.
Shuningdek, ishtirokchilar “Inson qadri” asari imom-xatiblar uchun ma’naviy-ma’rifiy faoliyatda muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi, aholi bilan muloqotda, jamoatchilik orasida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishda keng foydalanish mumkin bo‘lgan manba ekanini qayd etdilar.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati