27 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbiri doirasida “Oylar sultoni – Ramazon!” maqolalar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Quyidagi tanlov g‘oliblari diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi:
1-o‘rin – “Qadr kechasini izlang!” nomli maqola muallifi Nilufar Saidaziz qizi birinchi darajali diplom va Noutbuk kompyuteri bilan taqdirlandi.
2-o‘rin – “Ramazon oyida Payg‘ambarimizning amallari qanday bo‘lgan?” nomli maqola muallifi Muhammad Ali Muhyiddin ikkinchi darajali diplom va planshet bilan taqdirlandi.
3-o‘rin – “Qadr kechasi fazilatlari” nomli maqola muallifi Iysoxon Yahyo ikkinchi darajali diplom va telefon apparati bilan taqdirlandi.
“Oylar sultoni – Ramazon!” maqolalar tanlovida faol ishtirok etgan mualliflar maqtov yorlig‘i va sovg‘alar bilan taqdirlandi:
“Ramazon – yoshlar uchun ayni fursat!” nomli maqola muallifi Abdussami’ Ergashev;
“Ko‘z qanday ro‘za tutadi?” nomli maqola muallifi Fayzullayev Doniyor;
“Ro‘zaning yetti buyuk fazilati” nomli maqola muallifi Asadulloh Muhammad;
“Ro‘zaning inson salomatligiga tibbiy foydalari” nomli maqola muallifi Omonjonov Zikrillo;
“Iftorlik” nomli maqola muallifi Umida Adizova;
“Ramazonda muslima singlimga dil so‘zlarim” nomli maqola muallifi Odina Saydaxmedova;
“Ramazon oyi va uning ro‘zasining fazilatlari” nomli maqola muallifi Umarali Abdulg‘affor;
“Muborak Ramazon vaqtlarini qanday o‘tkazaylik” nomli maqola muallifi Abdulqayyum Komil;
“Oylar sultoni – Ramazon” nomli maqola muallifi Haytmurat Yerejepov;
“Xush bor, Ramazon...” nomli maqola muallifi Zumrad Foziljon qizi kabilar munosib taqdirlandi.
“Oylar sultoni – Ramazon!” tanlovi doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan va Samarqand viloyatlari vakilliklari matbuot xizmatlari maqtov yorliqlari va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tanlov g‘oliblari va ishtirokchilariga Alloh taboraka va taolodan ijodlariga qut-baraka tilab, mazkur taqdim etilgan sovg‘alar ramziy ekani va oliy mukofot Janobi Haq taoloning huzurida taqdim etilishini so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Do‘stingiz sizga ayblaringizni aytishi, siz esa hushyor tortib, o‘zingizni o‘nglab olishingiz naqadar go‘zal!
Shu sabab Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Ayblarimni ko‘rsatib qo‘ygan kishiga Alloh rahm qilsin”, degan edilar.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Har gal ko‘rishganingizda sizdan bir ayb topadigan birodaringiz, har safargi uchrashuvda qo‘lingizga bitta tillo tanga qistirib qo‘yadigan birodardan ko‘ra yaxshiroqdir”.
Darhaqiqat, ayblaringizni ko‘rsatib qo‘yadigan kishi sizni hadya va mol-dunyoga ko‘mib tashlaydigan kishidan yaxshiroqdir.
Hotamul Asom aytadi: “Birodaringda birorta ayb ko‘rsang-u, uni berkitib, indamay qo‘yaverasang, shubhasiz, unga xiyonat qilibsan. Mabodo o‘zidan boshqaga aytadigan bo‘lsang, u holda g‘iybat qilibsan. Uning bu aybini yuziga solsang, do‘stligingni buzibsan. Shuning uchun ham unga yumshoqlik ila nasihat qil. Unga aybi nimada ekanini tushuntir. Biroq bu ishlarni odamlarning oldida qila ko‘rma!”.
Imom Shofe’iy aytadilar: “Birodariga maxfiy tarzda pand-nasihat qilgan kishi haqiqiy ma’noda nasihat qilibdi va uning obro‘sini saqlabdi. Kim birodariga oshkora (odamlarning oldida) nasihat qilsa, uni sharmanda qilibdi va obro‘sini to‘kibdi”.
Shoir aytadi:
Yolg‘iz paytim yomg‘ir ayla nasihating,
Olamonda aslo bunday qila ko‘rma!
Koyishdir ul jamoatda pand aytganing,
Quloq osmoqqa men hech rozi bo‘lmam!
Leonardo da Vinchi bunday degan: “Do‘stingga maxfiy holda tanbeh beravergin, biroq boshqalarning oldida uni maqtab qo‘y”.
Birodaringizning obro‘sini saqlang, zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kim bir birodarining obro‘sini himoya qilsa, Alloh taolo qiyomat kuni o‘sha kishidan jahannam azobini daf qiladi” .
O‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladiki, do‘stingizdan ayrilmaslik uchun uning ba’zi kamchiliklarini kechirishingizga to‘g‘ri keladi.
Shoirlardan biri shunday degan edi:
Do‘stsiz yashamoqdan xavfsirab doim,
Yumib o‘taman kamu ko‘stiga ko‘zim.
Xolid ibn Safvondan “Birodarlaringiz orasida qay biri sizga mahbubroq?” – deb so‘rashganida, u kishi: “Qoqilishimni kechiradigan, kamchiliklarimni qabul qiladigan va xatolarimni berkitadigani”, deb javob bergan ekan.
Suqrot aytadi: “Do‘sting uchun o‘zingni qurbon qilishing juda ham oson, biroq bu qurbonlikka tom ma’noda haqli bo‘lgan do‘stni topish anchayin mashaqqatdir”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.