O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
27 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “Matbuot va ommaviy axborot vosita-lari xodimlari kuni” munosabati bilan barcha ijodkorlarni muborakbod etdilar.
Ushbu bayram tadbirida televideniya, radio, bosma va elektron nashrlar xodimlari, jurnalistlar, sayt yurituvchilari, bloggerlar va tahlilchi-sharhlovchilar ishtirok etdi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari mana shunday ijod ahlini bir joyga jam qilib, Islom dini ma’rifatini keng yoyish va ijobiy o‘zgarishlarni xalqimizga yetkazishda mo‘min-musulmonlar manfaati, din g‘ami va Vatan taqdirini yuragidan o‘tkazib ishlaydigan ijod ahlining da’vatkor so‘zi, ibratli faoliyati tahsinlarga loyiq ekanini alohida qayd etdilar.
Bugungi tezkor zamonda bloggerlar voqea-hodisalarni yoritishda juda ham tezkor bo‘layotganlari uchun tashakkur aytib, ular jarayonlarni yoritishda xolislikni asos qilib, xabarlarni chiroyli uslubda yortishni va berilgan imkoniyatlardan keng foydalanishni muftiy hazratlari tavsiya etdilar.
Hozirgi murakkab zamonda xalqimizni ro‘yi-rost ma’lumot bilan ta’minlashda bloggerlarning o‘rni va mas’uliyati har qachongidan ham ortib borayotgani, ayniqsa, jurnalist va bloggerlarning jamiyatimizdagi diniy-ma’rifiy voqealarning ahamiyatini ochib berish, taraqqiyotimiz yo‘lida to‘siq bo‘lib turgan muammolarni dadil ko‘tarish, mavzuga xolisona va haqqoniy yondashish kabi milliy matbuotimizning asosiy mezonlariga doimo amal qilish lozimligi ta’kidlandi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari qalam ahlining mehnatini naqadar mashaqqatli ekanini to‘la anglagan holda, ularning sa’y-harakatlarini doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanlari, ularni eng yaqin yordamchi, deb bilishlari, shuningdek, barcha ijodkorlarga, jumladan, tanqidiy-tahliliy yo‘nalishda mehnat qiladigan mualliflarga ham alohida e’tibor qartishlarini hamda Diniy idora har qanday masalada yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qiladilar.
Bayram tadbirida turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlar yakunlari bo‘yicha bir guruh ijodkorlar taqdinlandi.





O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan ko‘plab sohalarda hamkorlik qilib keladi. So‘nggi yillarda bu davlat bilan xayriya yo‘nalishidagi aloqalar yanada rivojlanmoqda. Podshohlik har yili yurtimizga xurmo mevasi, oziq-ovqat mahsulotlari, Qur’on kitoblarini xayriya qilib keladi.
Bir muncha vaqt oldin Saudiya Arabistoni tomonidan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga hadya qilingan Qur’on kitoblari kecha Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yetkazildi. Ta’kidlash joizki, har yili mazkur institutning “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursida minglab yurtdoshlarimiz ta’lim olib, muqaddas kitobni bemalol o‘qiydigan bo‘lib yetishadi. Taqdim etilayotgan bu Mus'haflar esa tinglovchilar uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin.
Jami olti ming dona Qur’on kitoblarini institut rahbariyati, talabalar xursandchilik bilan qabul qilib olishdi.
Alloh taolo yurtimiz diniy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan mo‘min-musulmonlarning qilgan ehsonlarini O‘z dargohida qabul qilsin. Alloh barchalarimizni ilm ahliga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni nasib aylasin.
Vaqf.uz