Qur’onni o‘qib, ma’nolarini tushunish uchun Tafsiri Hilol, Tafsiri Irfonni o‘qib, o‘sha ma’nolar haqida tafakkur qilgan insonning qalbi yaxshi tomonga tez o‘zgaradi.
Tafakkur qilib, qalbida o‘sha ma’no jo bo‘lgandan keyin o‘sha oyatlarning tilovatini ko‘zni yumib eshitilsa, katta o‘zgarish bo‘ladi.
Salafi solihlarimiz Ramazon oyi kelsa, barcha ishlarini to‘xtatib, Qur’onni o‘qishga, o‘qitishga, oyatlari ustida tafakkur, tadabbur qilishga kirishar ekanlar.
Yunus ibn Yazid aytadi: “Ibn Shihob Zuhriy Ramazon oyi kirsa, “Bu oy Qur’on tilovati va taom ulashish oyidir” derdilar”.
Zubayd Yomiy Ramazon oyi kelsa, Mus'hafni olib kelar (ya’ni Qur’onni tilovat qilishga astoydil kirishar) va do‘stlarini ham shu ishga jamlardilar.
Sa’id ibn Jubayr rahimahulloh har ikki kechada Qur’onni xatm qilardilar.
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh Ramazon oyida kunduzi bir xatm, har uch kunda taroveh namozidan keyin yana bir xatm qilar edilar.
Ha, ulug‘larimiz Ramazon oyida Qur’oni Karimga ana shunday muomalada bo‘lardilar. Biz ham Qur’on oyida Qur’onni ko‘proq o‘qiylik, oyatlarining ma’nosi borasida tafakkur qilib, qalbimizni poklashga urinaylik!
Alloh taoloning O‘zi bu borada barchamizga madad bersin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Ushbu tamoyil asosida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi ta’minlanadi
MUNOSABAT
Yurtimizda diniy sohada davlat siyosatining takomillashuvi, fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligi kafolatlanishi va diniy sohaga oid masalalarning huquqiy asosda hal etilishi borasida tub burilish yuz bermoqda. Bu borada ilgari surilgan konseptual yondashuvlar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining shu yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ushbu yo‘nalishdagi islohotlar uchun muhim hujjatdir. Zero, u orqali davlat-din munosabatlari ochiqligi, shaffofligi, diniy tashkilotlarning huquqiy maqomini mustahkamlash, shuningdek, diniy-ma’rifiy faoliyatni ilmiylik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tashkil etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Farmon nafaqat diniy sohada faoliyat yuritayotgan mutasaddilar, balki keng jamoatchilik, ilmiy doiralar, xalqaro ekspertlar tomonidan ham ijobiy baholanmoqda. Chunki u O‘zbekistonning inson huquqlari, xususan, vijdon erkinligi bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni amalda ro‘yobga chiqarishga intilayotganini yaqqol namoyon etdi.
Ilhomjon Bekmirzayev,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori, tarix fanlari doktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 26 aprel, 85-son