Bandalariga Ramazon ro‘zasini farz qilgan Alloh Taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Ummatlariga ro‘za tutishni o‘rgatib, ta’lim bergan payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga salovotu salomlar bo‘lsin.
Alloh subhanahu va taolo Qur’oni karimni nabiyyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga muborak ramazon oyida nozil qildi.Unda qalblar shifosi, iymon ozuqasi, Alloh va bandani bog‘lab turuvchi rishta bordir. Alloh taolo aytadi:
شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآَنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ فَمَنْ شَهِدَ مِنْكُمُ الشَّهْرَ فَلْيَصُمْهُ وَمَنْ كَانَ مَرِيضًا أَوْ عَلَى سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِنْ أَيَّامٍ أُخَرَ يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ وَلِتُكْمِلُوا الْعِدَّةَ وَلِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَى مَا هَدَاكُمْ وَلَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ
“Ramazon oyiki - odamlar uchun hidoyat va to‘g‘ri yo‘l xamda ajrim etuvchi xujjatlardan iborat Qur’on tushirilgandir. Sizdan kim o‘sha oyda hozir bo‘lsa , bas, ro‘zasini tutsin”[1]1.
Ramazon oyi “Qur’on oyi” deb ataladi. Unda Qur’onga bo‘lgan ahamiyat: tilovat qilish, yod olish, ma’nolarini tushunib yetish tobora ortadi. Rasululloh sollallohu alauhi vasallam har yili Ramazon oyida Qur’oni karimni Jabroil alayhissalom huzurlarida o‘qib o‘tkazar edilar. Sahobalar ham Ramazonda Qur’onni xatmqilishga qattiq kirishardilar, ba’zilari uch kechada xatm qilsa, ba’zilari yetti kechada xatm qilar yana boshqalari o‘n kechada Qur’onni xatm qilishardi. Ular Qur’onni kechasi-yu kunduzi, hoh namozda, hoh namozdan tashqari bo‘lsin tilovat qilishar edi.
Imom Molik rohimahulloh Ramazon oyi kirishi bilan barcha ilm kitoblarini yopib faqat Qur’onga sho‘ng‘ib ketar edilar, Imom Zuhriy rohimahulloh esa: bu faqat Qur’on o‘qish va taom ulashish oyi deb bir oy davomida faqat shu ikki ibodat bilan mashg‘ul bo‘lardilar. Imom Zahabiydan rivoyat qilinishicha Imom Shofe’iy Ramazon oyida Qur’onni oltmish marta xatm qilar ekanlar. Qanday qilib deysizmi? Chunki ular Qur’ondan boshqa barcha narsani tark qilishardi.
Ramazon oyida farz ibodatlarning savobi bir necha barobar ko‘paytiriladi, nafl ibodatlarning savobi esa farz ibodati savobiga tenglashtiriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: «Kim Allohning kitobidan bir harf o‘qisa unga bitta savob bo‘ladi, bitta savob esa o‘n barobar ko‘paytirib beriladi, men: Alif, Lom, Mim bitta harf demayman, lekin Alif harf, Lom harf va Mim alohida harfdir”. Endi ushbu muborak oyda qilingan Qur’on tilovatidan hosil bo‘luvchi savobni bir hisoblab ko‘raylikchi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinishicha: Ro‘za va Qur’on qiyomat kunida bandaga shafoatchi bo‘lar ekan. Demak, Ramazon oyida iloji boricha behuda ishlarni tark qilish va Qur’on o‘qishga katta ahamiyat berish lozim ekan.
Ramazonda karamli bo‘lish. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilik qilishda odamlarning eng saxiysi edilar. U zotningeng saxiy paytlari esa, Ramazonda Jabroil muloqotlariga kelganda bo‘lar edi. Jabroil alayhissalom Ramazon tamom bo‘lgunicha har kecha U zotning huzurlariga kelar edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam unga Qur’onni arz qilib (o‘qib berar) edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlar orasida eng karamlisi edilar: hoh ilm berish bo‘lsin, hoh Alloh yo‘lida nafsni fido qilish bo‘lsin, hoh mol sarflash bilan bo‘lsin, hoh ochni to‘ydirish bilan bo‘lsin, hoh hojatini chiqarish bilan bo‘lsin, barcha sohada insonlarning eng saxiysi edilar. Ayniqsa Ramazon oyida yana ham saxiyroq bo‘lib ketar edilar. Yana ba’zi rivoyatlarda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda saxovat borasida esgan shamoldan ham o‘zib ketishlari zikr qilingan.
Imom Termiziyning hadis to‘plamlarida Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Sadaqaning eng afzali Ramazonda qilingan sadaqadir» deyilgan. Yuqorida zikr qilganimizdek, Ramazonda qilingan hayrli ishlarning savobi ikki barobar ko‘paytirib beriladi. Demak, Ramazon oyida iloji boricha saxiylik ko‘rsatib, beva–bechora, yetim-yesir, miskin va muhtojlarga hayr ehson qilishimiz lozim ekan.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisasi
Muxlisa Qodirova
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ko‘pchilik musulmonlar Qur’onni faqatgina savob va ajr olish maqsadida o‘qishadi, ayni paytda Qur’onda ko‘plab manfaatlar borligini unutishadi.
Aslida, Qur’onni har gal aniq bir niyat bilan o‘qilsa, Alloh taoloning fazli ila o‘sha niyati amalga oshadi.
Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: "Amallar niyatlarga bog‘liqdir va har kimga niyatiga yarashasi beriladi", deganlar.
Qur’on — hayot dasturi. Niyat olimlarning sarmoyasi. Shunga binoan musulmon kishi Qur’on o‘qiganida quyidagicha niyatlarni qilishi kerak:
1. Men Qur’onni ilm olish va unga amal qilish maqsadida o‘qiyman.
2. Men Qur’onni Allohdan o‘zimga, farzandlarimga va oilamga hidoyat berishi uchun o‘qiyman.
3. Men Qur’onni Allohga munojot qilish uchun o‘qiyman.
4. Men Qur’onni dardlarimga shifo bo‘lishi uchun o‘qiyman.
5. Men Qur’onni jaholat zulmatidan hidoyat nuriga chiqish uchun o‘qiyman.
6. Men Qur’onni qalbimning qattiqligini yo‘qotish, unga xotirjamlik solish va shaytonning vasvasasini ketkazish uchun o‘qiyman.
7. Men Qur’onni hasaddan, nazar nafasdan o‘zimni va oila ahlimni asrash uchun o‘qiyman.
8. Men Qur’onni g‘ofillardan bo‘lib qolmaslik va Allohni mudom zikr qiluvchilar qatorida bo‘lish uchun o‘qiyman.
9. Men Qur’onni iymonim mustahkam bo‘lishi, ishonchim ortishi uchun o‘qiyman.
10. Men Qur’onni Allohning amriga itoat etish uchun o‘qiyman.
11. Men Qur’onni har bir harfi uchun o‘ntadan savob olish uchun o‘qiyman.
12. Men Qur’onni qiyomat kuni Qur’onning shafoatiga noil bo‘lish uchun o‘qiyman.
13. Men Qur’onni jannatda yuqori daraja topish uchun o‘qiyman.
14. Men Qur’onni Allohning huzurida darajam yuksak bo‘lishi uchun o‘qiyman.
15. Men Qur’onni qiyomat kuni ota-onamga toj kiydirish uchun o‘qiyman.
16. Men Qur’onni Allohning xos ahllaridan bo‘lish uchun o‘qiyman.
17. Men Qur’onni do‘zaxdan najot topish uchun o‘qiyman.
18. Men Qur’onni o‘zimga yoki oilamga yetgan sehr-jodu amalidan xalos bo‘lish uchun o‘qiyman.
19. Men Qur’onni Alloh mushkulimni oson, hojatimni ravo qilish uchun o‘qiyman.
20. Men Qur’onni Alloh qarzimga najot berishi uchun o‘qiyman.
21. Men Qur’onni qabrimda menga hamroh bo‘lishi, sirot ko‘prigida nur bo‘lishi uchun o‘qiyman.
22. Men Qur’onni Payg‘ambar alayhissalomning axloqlari bilan xulqlanish uchun o‘qiyman.
23. Men Qur’onni o‘zimni botil ishlardan tiyilib, savobli ishlar bilan mashg‘ul qilish uchun o‘qiyman.
24. Men Qur’onni g‘am-tashvishlardan forig‘ bo‘lish uchun o‘qiyman.
25. Men Qur’onni nafsim va shaytonga qarshi kurashish uchun o‘qiyman.
Qur’on tilovati bu - zikr. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar: "Alloh taolo shunday degan: "Kim mening zikrim bilan mashg‘ul bo‘lib, mendan hojatlarini so‘ray olmasa, Men unga so‘raganlaridan ham afzalini ato etaman".
Alloh taolo barchamizning qilgan amallarimizni qabul aylasin.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV