Sayt test holatida ishlamoqda!
31 May, 2025   |   4 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:53
Peshin
12:26
Asr
17:33
Shom
19:52
Xufton
21:27
Bismillah
31 May, 2025, 4 Zulhijja, 1446

Ramazon oyida bo‘lgan tarixiy voqealar

16.05.2019   41620   2 min.
Ramazon oyida bo‘lgan tarixiy voqealar

Ramazon oyida juda katta tarixiy voqealar sodir bo‘lgan.  Bu voqealar Islom dinining nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatadi. Bu o‘rinda o‘sha muhim voqealarning ba’zilarini sanab o‘tmoqchimiz:

  • Milodiy 610 yili, hazrati Muhammad sollallohu alayhi va sallamga qirq yoshlarida Ramazonning Qadr kechasida Makka yaqinidagi Hiro g‘orida ilk vahiy – Qur’oni karimning Alaq surasidan dastlabki besh oyat nozil bo‘ldi.
  • Ramazon sharifda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga mab’us (payg‘ambarlik) maqomi berildi.
  • Buyuk Badr g‘azoti. Bu g‘azot Islomda “furqon”, ya’ni, “Haq bilan botilni ayirguvchi” deb nomlanadi. Bu urush musulmonlarning ustunligi bilan hijratning ikkinchi yili 17-ramazon, juma kunida sodir bo‘lgan. Islomning ashaddiy dushmani bo‘lgan Abu Jahl shu urushda halok bo‘lgan.
  • Hijriy 2 yili Ramazon ro‘zasini tutish va zakot berish farz qilindi.
  • Makka fathi. Hijratning sakkizinchi yili Ramazon oyining 10-kuni Makka ozod etildi. Butparastlikka chek qo‘yildi. Ka’badagi butlarning barchasi yer bilan yakson etildi.
  • Rasululloh sallallohu alayhi va sallam to Ramazon oyi tugagunigacha kechalari hazrati Jabroil alayhissalom bilan uchrashib, Qur’oni karimni tilovat qilib berar, shu tarzda o‘zlarini imtihon qildirar edilar.
  • Hijratning to‘qqizinchi yili Ramazon oyida Tabuk g‘azotining bir qismi bo‘lib o‘tdi.
  • Hijratning to‘qqizinchi yili Ramazon oyida Toifdagi Soqif qabilasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib Islomga kirganini e’lon qildi.
  • Hijratning o‘ninchi yili Ramazon oyida Yamanga Islom keng ko‘lamda kirib keldi.
  • Ispaniyaning fathi. Hijratning to‘qson ikkinchi yili Ramazon oyining 28-kuni (milodiy 711 yili iyul oyining 19 kuni) Toriq ibn Ziyod rahbarligidagi shiddatli urushda kofirlar rahbari bo‘lgan Ruzrik ustidan g‘alaba qozonildi. So‘ngra Kurtaba, G‘urnata va Ispaniyaning poytaxti bo‘lgan Tulaytiliya fath etildi.

Manbalar asosida

Munira ABUBAKIROVA

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar

Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

23.05.2025   8067   3 min.
Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

Saudiyalik bir shifokor ayol hikoya qiladi: "Muhammad ismli yoshi taxminan o‘ttizlarda bo‘lgan bir yigit qabulimga keldi. Uning yonida onasi bor edi — u undan qochmoqchi bo‘lar, u esa uni bag‘riga bosardi. 
Onasi ro‘molini uloqtirardi, u esa qaytadan joyiga to‘g‘irlab qo‘yardi. Uning qo‘llarini tishlar, tirnardi, yuziga tuflardi — u esa jilmayardi.

Onasi shifoxonaga kirdi-yu, ro‘molini uloqtirib, aqli yo‘q majnun odam kabi kulib, shifokorning stoli atrofida yugurib aylana boshladi.

Shunda men so‘radim:
— Bu kim?
— Onam, — dedi u.
— Unga nima bo‘lgan?
— Ular shu hollarida, aqlsiz tug‘ilganlar, — dedi u.
— Unday bo‘lsa, siz qanday tug‘ilgansiz?
— Bobom ularni otamga olib bergan ekanlar, shoyad farzandli bo‘lar deb. Otam bir yildan so‘ng uni taloq qilgan ekanlar. Onam menga homilador bo‘lgan ekanlar. So‘ng men tug‘ilganman.

— Qachondan beri ularga qaraysiz, parvarish qilasiz?
— O‘n yoshimdan beri. Ularga ovqat tayyorlayman, qarayman. Uxlamoqchi bo‘lsam, chiqib ketib qolsalar qidirib yurmayin deb oyog‘imni oyoqlariga bog‘lab uxlayman...
— Nega bugun bu yerga olib keldingiz?
— Ularning qon bosimlari yuqori, qandli diabet kasallari bor.

Onasi kulib:
— Kartoshka ber, — dedi.
U berdi. Onasi yuziga tufladi. U kulib, yuzini tozaladi.
Shunda men so‘radim:
— U sizga ona ekanini biladilarmi, sizni taniydilarmi?
— Yo‘q, vallohi, men o‘g‘lilari ekanimni bilmaydilar. Lekin Yaratgan Robbim biladiki, u zot mening onamdirlar.

Onasi qarab turib:
— Ey o‘g‘lim, sen yolg‘onchisan! Nega meni Makkaga olib bormayapsan? — dedi.
U esa:
— Payshanba kuni olib boraman deb aytmadimmi, onajon? Payshanba kuni boramiz — dedi.
Men so‘radim:
— Uning zimmasidan (aqli joyida emasligi sabab) soqit bo‘lsa, Makkaga olib borish kerakmi?
U javob berdi:
— Opa, onam bilan Robbimning huzuriga hisobda turganimizda: “Muhammad, nega meni Makkaga olib bormagan eding?” — deyishini xohlamayman.
 Men Robbimga qarata: “Robbim, men onamni yelkamda opichlab ko‘tardim, tavof qildirdim, zamzam ichirdim, Ka’baga qaratib qo‘ydim”, deyishni xohlayman. 
   Yana: “Allohim! Garchi ularning aqllari bo‘lmagan bo‘lsada, mening onam ekanlarini albatta Sen bilguvchisan!”, deyishni istayman”, dedi. 

Men jim bo‘lib qoldim, ko‘zim yoshga to‘ldi. So‘ngra unga:
— Onangga ko‘rsatgan bu ehtiroming uchun Alloh senga ajru mukofotlar ato etsin! Bugungiday ota-onaga yaxshilik qilishni ko‘rmaganman.
U esa javob berdi:
— Men bu ishimni (kuni kelib) farzandlarim ham menga shunday muomala qilishlari umidila qilapman. Chunki birrul volidayn (albatta qaytadigan) qarzdir".