Ramazon! Aytilishi oson, muddati naqadar oz, bir yilda bir mehmon.
Ramazon! Bir yilda bir kelasanu, lekin biz gunohkor, osiy bandalarning bir yil ichida yig‘ilib qolgan qanchadan-qancha gunohlarimiz, xatolarimiz va kamchiliklarimizni kechirilishiga sababchi bo‘lasan.
Ramazon! Senga ta’rif berish mening qo‘limdan kelmaydi, chunki sening tarifingni Alloh taolo bergan: «Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir...» (Baqara, 185).
Ramazon! Qadring shunchalar balandligidan ikki dunyoimiz saodati bo‘lgan Kalomulloh sening bag‘ringda nozil bo‘ldi. Darajangni yuksakligidan bizni gunohlar xorligidan, do‘zax olovidan himoya qiluvchi, shaytoni-la’inning ustidan g‘alaba garovi, jismimiz zakoti, jannatga elituvchi ko‘prik, ibodatini faqatgina O‘ziga xoslagan, mukofotini ham faqat O‘zi berguvchi amal, ya’ni ro‘za aynan senga xoslandi.
Ramazon! Senga qanday ta’rif berayki, suyukli habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) bizga xabarini bergan go‘zal ta’riflardan ortiq. Uzot (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Ramazon ro‘zasini imon, ishonch bilan va savobidan umid qilib tutsa oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ramazon! Sening hurmatingdan jannatlar jilolanadi, jahannam eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi. Qadringni balandligini madh etuvchi hadislar, xushxabarlar shu qadar ko‘pki, ulardan ortib qanday ta’rif berishni bilolmay xayronman. Agar menga sen uchun bir dona ta’rif berish kerak bo‘lganda senga “mo‘minning mavsumi” degan ta’rifni bergan bo‘lardim. Chunki suyukli payg‘ambarimizning quyidagi birgina hadisi shariflari senga bunday ta’rif berishimga sabab bo‘ldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Kim Ramazon oyida zikr majlislarida hozir bo‘lsa, Alloh taolo uning xar bir qadamiga bir yillik ibodatning savobini yozadi va qiyomat kuni Arshning soyasida men bilan birga bo‘ladi. Kimki Ramazon oyida jamoat namozlarida bardavom bo‘lsa, Alloh taolo har bir rakatiga nurdan bo‘lgan bir shaharni beradi. Kim bu oyda ota-onasiga qo‘lidan kelgancha yaxshilik qilsa, Alloh taolo u bandaga muloyimlik va rahmat nazari bilan qaraydi va men uning kafili bo‘laman. Qaysi bir ayol Ramazon oyida o‘z erining roziligini talab qilsa, u uchun Alloh taoloning huzurida Maryam va Osiyo (roziyallohu anhum)larning savobiga ega bo‘ladi. Ushbu oyda kimki bir musulmonning bir hojatini chiqarsa, Alloh taolo uning ming-minglab hojatlarini ravo qiladi. Kimki Ramazon oyida muhtojga xayru saxovat qilsa Alloh taolo unga mingta yaxshilik yozadi, uning minglab gunohlarini o‘chiradi va uning darajotini ming pag‘ona ko‘taradi” (“Nuzxatul-majolis” kitobi).
Yana qanchadan-qancha ta’riflaring, sifatlaring, raxmatlaring va biz bilmagan sirlaring borki, ularni zikr qilishga zabonimiz, yozishga qalamimiz, sanashga sanoqlarimiz, o‘zgalarga yetkazishga ilmimiz yetmaydi. Qo‘limizdan kelgani shu ozgina ibodat, Robbimizga itoat, yaxshiliklaringdan umidvorlik, sening dunyolarga sig‘mas hurmatingni saqlash hamda Robbimizning bizga yuborgan bir oylik mehmoni oldida mezbonlik burchimizni chiroyli ado etish xolos.
Ramazon! Xar yilgidek bu yil ham sening iforingga chanqoq bo‘lgan do‘stlaringni suyuntir, qalblariga orom ber. Sening hurmatingni saqlagan, sendan unimli foydalangan, sen tufayli o‘ziga jannatni vojib qilib olgan har bir inson ikki dunyoda aziz bo‘lsin. Kimki senga yetsayu, sening qadringni bilmasa, hurmatingni saqlamasa, sen buyurgan amallarni qilib, sen qaytargan ma’siyatlardan qaytmagan holda, o‘ziga jannatni vojib qilolmasdan seni o‘tkazib yuborsa, uning burni yerga ishqalansin.
Mamatqulov Jaloliddin
Uchko‘prik tumani “Shox muqaddam” jome masjidi
imom-xatibi
Islomov Yorbek
Uchko‘prik tumani “Shox muqaddam” jome masjidi
imom noibi
Naml surasida: «To ular chumolilar vodiysiga yetganlarida, bir chumoli: “Ey chumolilar! Uyalaringizga kiringiz...” dedi», deyiladi.
Sulaymon alayhissalom qo‘shini bilan kelayotganida, bir chumoli jamoasiga kutilmagan xatar yaqinlashayotganini his qildi va qolganlarni ogohlikka chaqirib, biz tarafga xatar yaqinlashib kelyapti, joningizni qutqaring: «...Yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni bosib-yanchib ketmasinlar, degan edi» (Naml surasi, 18-oyat).
Chumolining qilgan ishi qanchalar ajabtovur-a?! U xatarni payqashi bilanoq o‘zini qutqarish uchun emas, jamoasini qutqarish uchun shoshildi.
Qavmining qayg‘usini o‘z zimmasiga oldi, xatar kelmasidan uni his qila bildi va chumolilar to‘dasini “xavf bostirib kelyapti, shoshilinglar, joningizni xatardan qutqarib qoling”, deya ogohlantirdi.
Bir nazar solaylik-da, oyati karimada kelgan “chumoli” so‘zi arab tili qoidalariga ko‘ra tadqiq qilinsa, u nakra (noaniq) shaklda turibdi. Ahamiyatli jihati shundaki, “chumoli” so‘zi Qur’oni karimda noaniq shaklda keltirildi, demakki o‘sha chumoli to‘daning oddiy bir a’zosi, lekin shunday bo‘lishiga qaramay o‘zini past sanamadi. Biz esa, falonchi nima qildi, pismadonchi-chi, deb surishtirish bilan ovoramiz.
Keling, endi masalaning boshqa tomoniga e’tiborimizni qarataylik. Chumoli: “Ey chumolilar, hozir Sulaymon sizlarni qirib yuboradi. Sizlar bir kuchsiz jamoasiz, ular sizga e’tibor ham bermaydi”, dedimi?! U to‘dasidagilar bilan vaziyatni tahlil qildimi?! Chumoliga boqing. Aksincha, Sulaymon va uning qo‘shinini aybsiz deya, ular sezmayaptilar, deb ularni oqladi.
Chumolilar ham ogohlantiruvchiga qarab: “Yo‘q, sen bizning ustimizdan boshliq bo‘lmoqchisan. Senga faqat martaba, mansab kerak”, deyishdimi?! Aslo yo‘q! Aksincha, uning gapini olib, inlariga kirib ketishdi va jajji chumolining da’vatiga ergashganlari holda najotga yetib, jonlari omon qoldi.
O‘zi uchun uya qurish jarayonida sabr qilish ham chumolilarning xususiyatlaridandir. Ular qurayotgan uyalari bir necha marotaba qulab tushishiga qaramasdan, uni qayta-qayta tiklayveradilar va oxir-oqibat bir butun uya holiga keltiradilar.
Hikoyat. Rivoyat qilinishicha, Amir Temur janglarning birida mag‘lubiyatga uchraydi va o‘sha yerga yaqin bir g‘orga kirib, mag‘lubiyati haqida o‘ylaydi. U chuqur tafakkur qilarkan, ko‘zi bir chumoliga tushadi. Chumoli g‘or devoriga ko‘tarilmoqchi bo‘lib, tushib ketadi. Ikkinchi urinishda ham devordan sirpanib tushadi. Uchinchi safar ham... Amir Temur bu mitti jonivorni diqqat bilan kuzata boshlaydi, undan ko‘zini uzmaydi. Axiyri, o‘n yettinchi urinishda chumoli devorga chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Shunda Amir Temur: “Yo qudratingdan! Shu kichik maxluq sal kam yigirma marta urindi. Men nima uchun mag‘lubiyatimdan zaiflashyapman?!” – deya o‘zini koyiydi.
Buyuk qo‘mondon g‘ordan chiqib tor-mor bo‘lgan qo‘shinini yana jangga tayyorlaydi va bitta bo‘lsa-da, tirik odami qolgunicha taslim bo‘lmaslikka astoydil qaror qiladi. Uning ko‘z o‘ngida esa mitti chumolining shijoati aks etadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, chumoli hasharotlar orasida eng qat’iyatli, o‘zaro hamkor va hamjixat ekan.
Chumolining yana bir sifati ularning o‘zaro hamkorlik va hamjihatligidir. Ularning bari bir bo‘lib, bitta chiziq tortgan holda doimiy harakatda bo‘lar ekanlar.
Shu mitti chumolining harakatlari bizlarga qaysidir ma’noda o‘rnak bo‘lishi mumkinmi?!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.