Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam), oila a’zolari va ilm buloqlari bo‘lgan sahoba (roziyallohu anhum)larga salavot va salomlar bo‘lsin.
Taomning halol va haromligi inson hayoti, tutgan yo‘li, xulqu odobi va ma’naviy dunyosida muhim o‘ringa ega. Shuning uchun Alloh taolo Payg‘ambar (alayhimussalom)larga hamda mo‘min-musulmonga quyidagicha amr qiladi:
“(Payg‘ambarlarimizga shunday dedik:) «Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu (ish) qilingiz! Albatta, Men qilayotgan ishlaringizni biluvchidirman (Mu’minun, 51).
“Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara, 172).
Oyati karimada zikr qilingan pokiza narsalar Alloh taolo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) orqali mo‘min bandalarga halol qilgan narsalardir. Bu haqida Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi” (A’rof, 157).
Banda barcha a’zolari hamda ruhiy-ma’naviy olami bilan ro‘za tutmog‘i – eng buyuk hamda mukammal ro‘zadir. Inson Ramazonda ko‘z, og‘iz va quloq singari a’zolarini halol bo‘lmagan joylarga qarash, g‘iybat qilish va lag‘v narsalarni eshitish kabi illatlardan tiygani kabi qornini ham harom narsalardan asrashi lozim. Banda harom luqmadan saqlanish, Ramazon kunduzida taom va ichimlikdan tiyilish, iftor vaqtida halol bo‘lmagan narsalarni yemaslik bilan qorin ro‘zasini tutadi. Shuningdek, boshqalar haqidan qo‘rqib, yetimning haqini o‘z o‘rniga qo‘yadi va ribo (sudxo‘rlik)dan yemaydi. Zero ribo yeguvchilarga olamlar Rabbisi g‘azab qiladi. Bu haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Ey, imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko‘paytirib, ustama shaklida yeb yubormangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Zora (shunda) tole topsangiz” (Oli imron, 130).
“Holbuki, Alloh bay’ni halol, sudxo‘rlikni (esa) harom qilgan” (Baqara, 275).
Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ribo haqida: “Alloh taolo sudxo‘rlik qiluvchi, unga vakil bo‘luvchi, yozib turuvchi va guvoh bo‘luvchilarni la’natladi. Ularning barchasi gunohda barobar”, dedilar” (Imom Muslim).
Muqaddas dinimiz inson boshqaga muhtoj bo‘lmasligi uchun kasb qilishga buyuradi hamda halol rizq talab qilishga chaqiradi. O‘tgan barcha payg‘ambar (alayhimussalom)larning o‘z kasblari bo‘lgan. Zakariyyo (alayhissalom) duradgorlik, Davud (alayhissalom) temirchilik, Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) qo‘y boqqanlar, tijorat bilan shug‘ullanganlar.
Alloh taolo kasb qilish, halol rizq talab qilish hamda yetim va boshqalarning haqini yeyishdan qaytarib, Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo‘lurlar va albatta, do‘zaxda kuygaylar” (Niso, 10).
“Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara, 188).
“Hadisi sharifda ham aytilgan: “Men ham bir insonman. Mening huzurimga haq talashib, da’vo bilan kelib turasizlar. So‘zga ustalik qilib, nohaqlik bilan o‘zgalar haqini o‘zlashtirib olsangiz, bilib qo‘yingki, o‘sha narsa do‘zaxning bir cho‘g‘idir. Xohlagan uni olsin, xohlamagan olmasin” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ilm va taqvoda namuna bo‘lgan buyuk zotlar shubhali bir luqma yeb qo‘ysalar, qalblari o‘zgarib qolar ekan. Shunda qalblarini sof qilish uchun bir muddat taom va ichimlikdan tiyilarkanlar, natijada o‘zgarishni his qilarkanlar.
Bahriddin PARPIYEV
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَلِيٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَهَّزَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَاطِمَةَ فِي خَمِيلٍ وَقِرْبَةٍ وَوِسَادَةٍ حَشْوُهَا إِذْخِرٌ .رَوَاهُ النَّسَائِيُّ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotimaga bir chiyduxoba, bir mesh va ichiga izxir solingan bolishni jihoz (sep) qilib berdilar» (Nasaiy rivoyat qilgan). Alloh oliy va bilguvchiroqdir.
Sharh: Olamlarning sayyidi bo‘lmish zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning jigargo‘shalari, ahli jannat ayollarning sayyidasi Fotimai Zahro roziyallohu anhoga qilib bergan seplari qanchalik kamtarona, qanchalik sodda bo‘lganini qarang.
Bu holatni bilgandan keyin bugungi kunga bir nazar solaylik. Boshqalarni qo‘yib turib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ummatlik da’vosini qilayotganlarga ko‘z tashlaylik.
Qiz bola tug‘ilganidan boshlab, yemay-ichmay, yedirmay-ichirmay sep to‘plab, bo‘lgan-bo‘lmagan narsani yig‘ib, jamlab yuradiganlarga nima deyish mumkin?
Sep masalasini nikohning asosiy va markaziy masalasiga aylantiruvchilarga nima deymiz?
Kelinning epiga emas, sepiga qaraydigan qudalarga nima deymiz?
Sep tufayli kelib chiqayotgan urush-janjallarga nima deymiz?
Nima ham der edik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak oling, otalar, deymiz.
Fotimai Zahrodan o‘rnak oling, qizlar, deymiz.
Hazrati Ali karramallohu vajhahudan o‘rnak oling, kuyovlar, deymiz.
Sep masalasida tez-tez oilaviy kelishmovchiliklar chiqib turishini ko‘zda tutib, ulamolarimiz bu masalani batafsil yoritib berganlar.
– Mahr deb berilgan narsaning sepga hech aloqasi yo‘q.
Bir odam mahrga ming dinor berdi. Odatda bunchalik ko‘p mahr olgan kelin ko‘p sep bilan kelar edi. Ammo bu kelin oz sep bilan keldi. Shunda erning «Sen ko‘p jihoz bilan kelishing kerak edi», deyishga haqqi yo‘q.
– Kelin o‘zi bilan olib kelgan sepiga o‘zi ega hisoblanadi. U narsalarda erning haqqi yo‘q.
– Agar er mahrdan tashqari, jihoz olishga alohida pul bergan bo‘lsa-yu, kelin hech narsa olmay kelsa, er talab qilishi mumkin. Ammo ma’lum muddat indamay yursa, rozi bo‘lgan hisoblanadi va keyin talab qilishga haqqi qolmaydi.
– Agar ota urf-odatga binoan, qiziga sep olib bergan bo‘lsa, keyin uni qaytarib olishga haqqi yo‘q. Ota vafot etganidan keyin boshqa merosxo‘rlar ham uni ololmaydilar.
– Ota qizi kichkinalik paytida unga sep bo‘ladigan narsani sotib olib bergan bo‘lsa, keyinchalik orada nizo chiqib, ota «Omonatga bergan edim», desa, qiz esa «Sepga berilgan edi», desa, otaning hujjat-dalillari bo‘lmasa, qizning gapi o‘tadi. Agar qiz vafot etganidan keyin nizo chiqsa, uning erining gapi o‘tadi.
– Agar ona otadan so‘ramay, uydagi narsalardan qiziga bersa, ota indamasa, u narsalar qizga sep bo‘ladi, qaytarib olish mumkin emas.
– Agar kuyov qizning valiylariga to‘yni tezlashtirish uchun biror narsa bergan bo‘lsa, keyinchalik «O‘sha narsani qaytarib beringlar», deyishga haqqi bor. Chunki u narsa rishva – pora hisoblanadi.
Hamma muqaddimalar qilib bo‘linganidan keyin er-xotin bo‘lib yashashdan oldin nikohni e’lon qilish kerak.
«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi