Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qildilar: “Kimki har bir (farz) namoz orqasidan Allohga 33 marta tasbeh, 33 marta hamd, 33 marta takbir aytib, yuzinchisida “Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku valahul hamdu vahuva alaa kulli shay’in Qodiyr” deb aytsa, gunohlari dengiz ko‘pigidek ko‘p bo‘lsa ham kechiriladi”. Imom Molik, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Tabaroniy rivoyat qilishgan.
Bu hadisga yaxshilab e’tibor beraylik! Gunohlarning ko‘pligi dengiz ko‘pigiga o‘xshatilmoqda. Ma’lumki, bu ko‘pik juda ko‘p bo‘lib, dengiz mavjlangani sari undagi ko‘pik miqdori ham oshib boradi. Hadisda ana shunday ko‘p miqdordagi gunohlar ham kechirilishi aytilmoqda.
Bandaning dengiz ko‘pigichalik ko‘plab gunohlari kechirilishi uchun u har bir farz namoz orqasidan Alloh taologa 33 marta tasbeh aytishi kerak. Tasbeh – Alloh taoloni pok deb yod etishdir. Ya’ni SUBHANALLOH deyishdir. Keyin 33 marta hamd aytishi lozim. Ya’ni ALHAMDULILLAH deyishi lozim. Undan so‘ng 33 marta takbir aytishi zarur. Ya’ni ALLOHU AKBAR deyishi kerak. Mana shu bilan sanoq to‘qson to‘qqizta bo‘ladi. Oxirida, ya’ni yuzinchisida LAA ILAAHA ILLALLOHU VAHDAHU LAA SHARIYKA LAHU LAHUL MULKU VA LAHUL HAMDU VAHUVA ALAA KULLI SHAY’IN QODIYR deb aytishi shart. Zikrlarni mana shu tarzda aytgan odamning ko‘plab gunohlari mag‘firat qilinadi.
Biz, O‘zbekiston musulmonlari namozlarimiz oxirida yuqoridagi zikrlarni hadisi sharifda ko‘rsatilgan tartibda va adadda aytishni odat qilganmiz. Namozni jamoat bilan o‘qigan kishi ham, yolg‘iz o‘zi o‘qigan kishi ham bu zikrlarni aytadi. Bularni aytishga ko‘p vaqt ketmaydi. Imkon qadar ushbu zikrlarni farz namozlardan keyin qoldirmay aytishga harakat qilaylik!
Nozimjon Iminjonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا حمدون بن عباد نا علي بن عاصم نا محمد بن سوقة عن إبراهيم النخعي عن الأسود عن عبد الله بن مسعود قال: قال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم :"من عزى مصابا فله مثل أجره".
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Kim bir musibatga duchor bo‘lgan kishiga tasalli bersa, u uchun musibatga uchraganchalik ajr beriladi”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi