Joriy yilning 15-16 may kunlari Mir Arab oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtlarining bitiruvchi kurs talabalari o‘rtasida “Yagona olimpiada – 2019” ning yakuniy Respublika bosqichi bo‘lib o‘tadi.
Yagona olimpiada o‘rta maxsus islom bilim yurtlari bitiruvchi kurs talabalari orasidan umumta’lim, chet tili va mutaxassislik fanlari bo‘yicha qobiliyatli va iste’dodli talabalarni aniqlash, ularning iste’dodi va ijodiy qobiliyatini namoyon qilish, ixtisosligini chuqur o‘rganishga qiziqishlarini oshirish va munosib rag‘batlantirish maqsadida o‘tkaziladi.
Mir Arab oliy madrasasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Bir hadisda Qur’oni karimni yod olib, keyin uni unutib yuborsa, qattiq gunohkor bo‘lishi haqida o‘qidim. Unutib yuborishni qanday tushunamiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Haqiqatda Qur’oni karimni unutishning gunoh ekani haqida hadislar kelgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga ummatimning savoblari, hatto kishi masjiddan chiqarib tashlagan xas-cho‘pning savobi ham ko‘rsatildi. So‘ng menga ummatimning gunohlari ko‘rsatildi. Men bir kishiga Qur’ondan bir sura yoki bir oyat berilib, uni unutib qo‘yganidan ko‘ra kattaroq gunohni ko‘rmadim”, dedilar (Imom Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Yana bir hadis Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qur’onni o‘qib, so‘ng uni unutib yuborsa, qiyomat kuni Alloh taologa qo‘li kesik holda yo‘liqadi”, dedilar.
Abu Dovud va Dorimiy rivoyatlari. Ulamolar mazkur ma’nodagi barcha hadislarni o‘rganib, hadisda qoralangan unutishlikdan murod o‘qigan yoki yod olgan suralarni mus'hafga qarab ham o‘qiy olmaydigan darajaga tushib qolishlik, deganlar.
Demak, musulmon inson doimiy ravishda Alloh taoloning kalomini o‘qib turishi lozim bo‘ladi. Ana shunda hadisi sharifda aytilgan og‘ir gunohga yo‘l qo‘ymagan bo‘ladi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Qur’on sohibi huddi tushovlangan tuya sohibiga o‘hshaydi. Agar undan xabardor bo‘lib tursa uni tutib turadi. Agar tek qo‘ysa, ketib qoladi”, dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.