Biz shunday zotlarni bilamiz. Hech qachon Allohning zikridan chalg‘imasdilar, unutmasdilar. Erkaklari ham, ayollari ham, shaharda yashaydiganlari ham, sahroda yashaydiganlari ham, ilmsizlari ham, olimlari ham, qorilari ham, johillari ham shunday edi. Ular Allohning zikridan aslo charchamasdilar. Bugunchi? Bugun ko‘pchilik zikrdan vazifasi yo‘q, ongi bo‘sh holda yuribdi.
Sizlarga o‘zim taniganlar, ko‘zim bilan ko‘rgan, qulog‘im bilan eshitgan zotlar haqida aytib beraman. Shulardan birlari bobom rahimahullohdir. Biror vaqt Allohning zikridan charchamasdilar. Kechayu kunduz zikr qilardilar. Kechasi odamlar uxlayotganda u kishi Allohni zikr qilib o‘tirardilar.
Yana birlari otamning xolasining eri. Bu kishi kechasi uyg‘onib, Alloh xohlaganicha namoz o‘qib, keyin o‘tirib, Allohning Kitobini tilovat qilar edilar. Ha, namozdan keyin Alloh taologa eng mahbub zikrni qilardi, ya’ni Uning Kalomini tilovat qilardilar. Undan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovot aytar edilar.
Yana birlari onamning xolasi. Alloh taolo u kishini rahmatiga olgan bo‘lsin! U kishi juda zokira ayol edilar. Bizning uyimizda yashardilar. Tonggi zikrlari hamda kechki zikrlari bor edi. Vafot etishlarining sababi ham kechasi uyg‘onganlarida, uyning zinasidan pastga tushayotganlarida yiqilib, shifoxonaga olib borilganda vafot etganlar. U kishi har kuni kechasi Alloh taoloni zikr qilish uchun turardilar. Bu ayol omi bo‘lgan, ya’ni o‘qish-yozishni bilmagan. Qo‘li bilan biror marta biror qator xat yozmagan. Ammo zikrda bardavom edi.
Keyingisi ayolimning bobosi. Bu odam bomdodni o‘qigandan so‘ng quyosh chiqqunicha o‘rnidan turmay zikrda bardavom bo‘lardi. Men u kishini keksaygan hollarida ko‘rganman. Yurishga, turishga qiynaladigan kishi edilar. Ammo o‘g‘illari va nabiralarining aytishicha, u kishi bu odatni ular aqllarini tanigandan beri qilib kelgan ekanlar. Quyosh chiqqach, Zuho namozini o‘qib, ana shundan so‘ng o‘z ishlariga ketar ekanlar.
Shayxlarimizdan birlari bo‘lmish Atiyya hazratlari bir voqeani aytib bergan edilar. U kishi Madinada shunday savdogarlarni ko‘rgan ekanlarki, ulardan birining qo‘lidan Mus'haf tushmas ekan. Robbining Kitobidan hech uzoqlashmas ekan. Agar oldiga xaridor kelsa, o‘qiyotgan joyiga belgi qo‘yib, xaridorning hojatini chiqarib, keyin yana Qur’onni kelgan joyidan o‘qishni davom ettirar ekan.
Odamlar mana shunday edilar. Bizchi?! Bizga nima bo‘ldi?! Bizdan keksa bo‘lgan kishilar yengilmagan, charchamagan amallarda bizga o‘xshagan yoshlar charchab, yengilib qoldilar. Vaholanki, o‘tgan kishilar olim, voiz emasdilar. Bizga esa ilm berilgan, nutq berilgan. Shunday bo‘lsak-da, amalda sustlashib qoldik. Amal bo‘lmasa, gapning nima foydasi bor?! Amal bo‘lmasa, gapirishdan nima ko‘zda tutiladi?!
Sahroyu shaharlarda yashaydigan, keksa, ojiz, ilmsiz, voiz bo‘lmagan kishilar shunday bo‘lishgan. Shaharda yashaydigan, ilmi bor kishining zikri bo‘lmasligi, har kunlik vazifasi bo‘lmasligi mumkinmi?! Shuni tasavvur qilsa bo‘ladimi?!
Imom Shotibiy rahimahulloh shunday deganlar: “Qalbdagi tashnalikning ketishi Allohning zikri bilan bo‘ladi”.
Agar Allohni zikr qilsang, qalbing qonadi, tashnaligi ketadi. Bordiyu zikr qilmasang, qalbing qurib, qaqshab ketadi. Sizlar yaxshi bilasizlarki, qalb jasaddagi muhim a’zo bo‘lib, u solih bo‘lsa, boshqa a’zolar solih bo‘ladi, agar u buzilsa, jasaddagi barcha a’zolar ham buziladi.
Alloh taolo Qur’onda “Albatta, Allohning zikri buyuk ishdir” degan.
Ha, Allohning zikri barcha katta, muhim ishlardan buyukdir.
Siz qachon zikr qilishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashgan bo‘lasiz? Qay darajada zikr qilsangiz, Allohni ko‘p zikr qiluvchi sanalasiz?
Shu tarzda barcha ishlar uchun aytiladigan Allohning zikrlari bor.
Bir kunda:
- 100 marta ASHHADU AN LAA ILAAHA ILLALLOHU VAHDAHU LAA SHARIYKA LAHU LAHUL MULKU VA LAHUL HAMDU VA HUVA ALA KULLI SHAY’IN QODIYR,
- 100 marta ASTAG‘FIRULLOH,
- 100 marta SUBHANALLOHI VA BIHAMDIHI SUBHANALLOHIL AZIYM,
- 100 marta ASTAG‘FIRULLOHA VA ATUUBU ILAYHI,
- 100 marta LAA ILAAHA ILLALLOH,
- 100 marta SUBHANALLOH,
- 100 marta ALLOHU AKBAR,
- 100 marta ALLOH
Shularning hammasiga qancha vaqt ketadi? Ketsa, bir soat ketadi. Musulmon odam shu zikrlarni aytishga nega erinadi?
Qolaversa, Ramazon oyida bu zikrlarning savobi, barakasi, ta’siri yanada ko‘proq bo‘ladi-ku!
Ey Alloh, Seni zikr qilish, Senga shukr qilish va Senga go‘zal ibodat qilishimiz uchun bizga yordam bergin!
Shayx Sa’iyd ibn Muhammad Kamaliyning mav’izasidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ba’zan Qur’ondagi bir oyatni o‘nlab marta o‘qiymiz…
Lekin undagi kichik bir sirga e’tibor bermaymiz. Aslida esa o‘sha sir bizga tushunish va tadabburning keng eshigini ochib beradi.
Doktor Zag‘lul an-Najjor rahimahulloh Qur’ondagi bitta so‘z ustida to‘xtab, uni Qur’on tili va undagi so‘z tanlashning naqadar nozik ekani haqida chuqur tafakkur sayohatiga aylantirgan.
U kishi Alloh taoloning quyidagi kalomi haqida mulohaza yuritadilar:
﴿وَتَرَاهُمْ يَنظُرُونَ إِلَيْكَ وَهُمْ لَا يُبْصِرُونَ﴾
“Ularni senga qarab turganini ko‘rasan, lekin ular ko‘rmaydilar” (A’rof).
Bu yerda ikki so‘z o‘rtasidagi chuqur farqqa e’tibor qaratiladi. Biz esa ko‘pincha ularni bir xil ma’noda deb o‘ylaymiz:
النظر — nazar
البصر — basar
“Nazar” nima?
Bu — bir narsani ko‘z bilan ko‘rish, lekin bu ko‘rishda aql va qalb ishtirok etmasligi.
Yuzlar, kiyimlar, ranglar oldingdan o‘tib ketadi…
Ammo sen ulardan hech narsani eslab qolmaysan, chunki sen faqat “qarading”, xolos — diqqat va tadabbur bo‘lmadi.
Qancha marta bir odamni ko‘rgansiz, keyin uning kiyim rangi haqida so‘ralsa eslay olmaysiz?
Bu — basiratsiz nazar.
“Basar” nima?
Bu — ko‘z bilan ko‘rish, lekin bu ko‘rishda aql va qalb ham ishtirok etadi.
Ya’ni: diqqat, tushunish, oldingdagi narsani idrok qilish.
Bu shunchaki o‘tib ketuvchi tasvir emas…
Balkim insonga ta’sir qiladigan, qalbida iz qoldiradigan ongli ko‘rishdir.
Shuning uchun basar — nazardan chuqurroq va kuchliroq.
Shu sababli Alloh taolo aytadi:
﴿قُل لِّلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ﴾
Bu yerda:
“Nazarlarini past qilsinlar” (Nur, 30) demadi, balki “basarlarini past qilsinlar” dedi.
Chunki haqiqiy xavf ko‘z oldidan tasvir o‘tib ketishida emas…balki unga diqqat bilan, shahvat uyg‘otadigan darajada tikilib qarashda.
Shunda oddiy “nazar” qasddan qilingan, lazzat izlaydigan “basar”ga aylanadi.
Mana shu yerda ilohiy amr — ko‘zni tiyish keladi.
Shuningdek, Allohning go‘zal ismlaridan biri:
“Al-Basir” — Hammasini ko‘ruvchi
Biz “An-Nozir” demaymiz.
Alloh taolo aytgan:
﴿إِنَّهُ كَانَ بِعِبَادِهِ خَبِيرًا بَصِيرًا﴾
Ya’ni Alloh bandalarini to‘liq, mukammal, hamma tomoni bilan qamrab olgan ko‘rish bilan ko‘radi. Undan hech narsa yashirin qolmaydi.
Yana bir go‘zal jihat:
Qur’on bizdan koinot haqida tafakkur qilishni talab qilganda ko‘pincha “nazar” so‘zini ishlatadi:
﴿أَفَلَا يَنظُرُونَ إِلَى الْإِبِلِ﴾
“Ular tuyaga nazar solmaydilarmi?”
﴿أَفَلَا يَنظُرُونَ إِلَى السَّمَاءِ﴾
“Osmonga nazar solmaydilarmi?”
﴿فَلْيَنْظُرِ الْإِنسَانُ مِمَّ خُلِقَ﴾
“Inson nimadan yaratilganiga nazar solsin”.
Chunki bu maxluqotlar shunchalik buyukki, inson ularning barcha sirlarini to‘liq qamrab ololmaydi.
Shuning uchun bizning vazifamiz — taajjub va tafakkur bilan nazar solish, to‘liq qamrab olish esa faqat Allohga xos.
Har bir so‘zida sir bor Zotga tasbehlar bo‘lsin.
Qur’ondagi har bir kalima — noziklik,
har bir harf — hikmat,
har bir oyat — g‘aflat uyqusidan uyg‘otuvchi da’vatdir.
(Saffat: 159) ﴿سُبْحَانَ اللَّهِ عَمَّا يَصِفُونَ﴾
Allohim! Bizga faqat qarashni emas, basirat nurini nasib et.
Oyatlaringni uyg‘oq ko‘zlar, hozir qalblar va idrokli aqllar bilan o‘qishni nasib qil, yo Robbul olamin.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV