Insonga umri davomida kitobdan sodiqroq do'st topilmasa kerak. Kitob gapirmaydi, lekin sizga juda ko'p narsani o'rgatadi. Bu borada ularni o'ziga xos ustoz deyish ham mumkin. Lekin kitoblarning hammasi ham sodiq do'st bo'la oladimi? Barcha kitobni o'qiyverish kerakmi yoki tanlab mutolaa qilish maqsadga muvofiqmi?
Aslida kitobni to'g'ri tanlay olish ham e'tibor talab qiladigan o'ziga xos nozik san'atga o'xshaydi. Qanday kitoblarni o'qish kerak degan savolga g'arblik bir olim bunday deydi: «Yaxshi kitoblarni bugun o'qing, yomon kitoblarni o'qishga ertaga albatta vaqt topiladi». Ya'ni vaqt oz, bugun yaxshi, saviyali kitoblarni o'qish payida bo'ling, degan fikrni ilgari suradi.
Tan olish joiz: bir vaqtlar kitoblarning kamligi ilmning rivojiga ta'sir qilgan, biror kerakli ma'lumotni olish uchun ko'proq izlanishga sabab bo'lgan. Bugungi kunga kelib, kitoblarning ko'pligi ba'zilarni shoshirib, tanlov masalasida ikkalanishni yuzaga keltirmoqda. Ulug'larimiz kitob topishga qiynalishgan bo'lsa, biz bugun ularni tanlay olmay, boshimiz qotgan...
Bobom Ahmad Muhammad (Alloh ularni rahmatiga olsin) avvalgi vaqtlar haqida hikoya qilib berganlari hamon yodimda. U kishi: «Bir narsaning ustida izlanish uchun juda ko'p vaqt ketkazardik, ma'lumotlarning qadri juda baland edi-da, do'stlarimiz bilan birgalikda kitoblarni taqsimlab olib, ulardan nusxa olish uchun uyga olib ketardik. Nusxalash uchun ko'p vaqt ketgani hamda muqovalar juda eski bo'lgani sabab, matnlarni bazo'r tushunib olar edik. O'sha damlar boshqacha edi. Ilmning, ma'lumotlarning qadri juda baland edi», derdilar.
Hozirgi kunga kelib bir ma'lumotni qidirsangiz, kerakli mavzu yuzlab, balki minglab har xil manbada, turli tilda chiqarib berilmoqda. Bizdan talab qilinadigani – o'sha ma'lumotlarni xuddi oddiy toshlar ichidan olmosni ajratgandek tanlab olishdan iborat. Kitoblarning soni emas, balki sifati foyda keltiradi. Hammamizga ma'lumki, bugungi kunga kelib nashr ishlari ham marketingning bir bo'lagiga aylanib ulgurdi. Saviyasiz, shunchaki go'zal muqovali kitoblar soni juda ko'paydi.
Qanday kitobni tanlash kerak?
Biror qurilishni boshlaydigan kishi, tabiiyki, uni tomidan emas, poydevoridan boshlab tiklaydi. Huddi shunga o'xshab mutolaani ham oddiyroqlaridan, asos tushunchalarni shakllantiradigan kitoblardan boshlash maqsadga muvofiq. Huddi zinadan bosqichma-bosqich chiqqanimiz singari kitoblar ham muayyan tartibda mutolaa qilib boriladi. Tartib bilan qilingan ish bardavom bo'ladi. Ustozlar ustozi, fazilatli shayx, hazrat Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: «Yakkam-dukkam ma'lumotlarni o'qigan-o'rgangan kishining fikrlari ham yakkam-dukkam bo'lib qoladi», degan edilar.
Nima bo'lganda ham, doimo eng yaxshisiga intiling. Insonning aqli, xulq-atvori, dunyoqarashini uning kutubxonasiga ko'z tashlab turib ham bilsa bo'ladi.
Ba'zi kitoblarni shunchaki o'qib bo'lmaydi. Padari buzrukvorim (Alloh umrlarini uzoq qilsin) «Ihyou ulumid-din» kitobini o'qimoqchiligimni bilganlarida darhol meni to'xtatganlar. Mazkur asarni ilk kitobxonlik davrida o'qish xato ekanini aytgan edilar.
Shu bois kitobni darajamizga qarab tanlashimiz darkor. Men ilk mustaqil tarzda mutolaa qilgan kitobim – sevimli adibim Erkin Malikning «Shaytonvachchaning nayranglari» kitobi bo'lgan. Bunga sabab shaytonlar, jinlar olamiga bolalik chog'imda qattiq qiziqar edim. Bu kitob ayni muddao bo'lgan. Jajji shaytonning hiylalari o'z tilidan aytilgan. E'tiborimni tortgan jihati kitob qisqa va hikoyaviy edi.
Avvalo dunyo tarixida o'z o'rniga ega bo'lgan, ilmu salohiyati bilan dunyoni titratgan buyuk insonlar, olimlar, yozuvchilarning kitoblarini o'qish va ularning hayoti va ijodini o'rganishga intilmoq zarur. Modomiki hayot juda qisqa, bo'sh vaqt esa juda kam ekan, qimmatli vaqtimizni sayoz kitoblarga sarflamasligimiz darkor.
Qo'lga tushgan kitobni emas, tanlab, saralab olingan kitobni o'qish kerak. Did va tafakkuringizni tarbiyalang. Mustaqil mutolaani sayoz emas, lekin hamma birdek tushuna oladigan kitoblardan boshlang.
Masalan, muslima opa-singillarimiz uchun «Siz qanday yashamoqchisiz?», «Ulug'lar shunday yashashgan», «Hikmatlar xazinasi», «Erkak kishining kamolotida ayolning o'rni»,
«Qizlarjon», «Ey qizim», «Hadis va Hayot» silsilasining 25-juzi hisoblangan «Nubuvvat xonadoni xonimlari», «Sahobiya ayollar» kabi kitoblarning yozilishi engil, ularni o'qish kitobxonga qiyinchilik tug'dirmaydi. Bu kabi kitoblarning saviya darajasi yuqori hamda anglash qiyin emas.
Kitobga muhabbat qo'ymoqchi bo'lsangiz buning uchun avval o'zingiz aynan nimaga qiziqishingizni bilib oling. Tarixiy, badiiy, didaktik ruhdagilarnimi yoki diniy, falsafiy qarashlarga boy bo'lgan asarlarmi yoki boshqa? Hattoki qiziqishingizga qarab, go'zallik sirlari, pardoz yoki pazandachilikka oid kitoblarni ham boshlanishiga tanlab olishingiz mumkin. Shu orqali kitoblarga qiziqishingiz ortadi.
Badiiy adabiyot mutolaasini eng qadimiysidan boshlash maqsadga muvofiq. Mumtoz adabiyot sira eskirmaydi. Eng muhim jihatlardan biri shundaki, kitob tanlashdan avval, muallifga jiddiy e'tibor qarating. Chunki kitobda uning fikrlarini o'qiysiz, uning dunyosida yashaysiz.
Oilada mutolaa madaniyati
Jamiyat, millatning rivojlanishi, taraqqiy etish tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak, bilimli, ma'naviyatli va ma'rifatli yoshlarning jamiyat yuksalishida o'rni beqiyosligini ko'rish mumkin. Bunday yoshlarni barkamol etib tarbiyalovchi asosiy omillardan biri – kitobdir. Buyuk bobokalonlarimiz ham bola tarbiyasida kitobning o'rni benihoya katta ekanini, uni tafakkurning tolmas qanoti o'laroq inson ma'naviy olamini boyitishi, yuksak ijodiy faoliyat vositasi sifatida undan samarali foydalanish zarurligini ta'kidlab o'tganlar.
Esimni tanibmanki, padarim oilada barchamizni yig'ib bizga «Hikmatlar xazinasi», «Riyoz us-solihiyn», «Sohilsiz dengiz» kabi tarbiyaviy ahamiyatga ega tarixiy, ta'sirli va shu bilan birga ma'nosi nisbatan sodda bo'lgan kitoblarni o'qib, sharhlab berar edilar.
Ba'zilar farzand tarbiyasi – uni edirish, ichirish, kiyintirishdan iborat deb o'ylashadi. Aslida farzandga nisbatan bunday muomala uni shunchaki parvarish qilish deyiladi.
Inson biror jonzotni ham parvarishlaydi, e'tibor qaratib, qimmatli vaqtini ajratadi. Farzandga ma'naviy ozuqa, bilim berilganida bir kun albatta shirin mevani olasiz.
Oilada mutolaa madaniyati shakllangan bo'lsa, farzandlar bu odatda bardavom bo'lishadi. Ovqat qilish uchun alohida xona, mehmonlar uchun ham alohida xona, joylar tayyorlaymiz. Uxlamoqchi bo'lsak, bolalarni jim qilib, o'zimizga qulaylik yaratib uxlaymiz. Mutolaa uchun ham muayyan joy tayyorlash, qulaylik yaratib vaqtimizni ajratmog'imiz darkor.
Diqqatni jamlash juda muhim
Sizni siz istagan kelajakka eltadigan narsa – diqqatdir. Butun diqqatingizni faqatgina bir narsaga qarating. Mutolaaga muhabbat qo'ying, shunda diqqat ham jam bo'ladi. Uyqungiz kelavermasligi, diqqatingiz bo'linavermasligi uchun tikka turib o'qish uslubini qo'llasangiz, albatta foyda beradi.
Pomidor uslubi
Jarayon juda sodda: belgilangan loyihaga sarflamoqchi bo'lgan vaqtingizni qisqa, 25 daqiqalik «davr»larga bo'lib olasiz va har bir shunday davrdan keyin kichik, 5 daqiqalik tanaffus qilasiz. Ya'ni 25 daqiqa ishlab, 5 daqiqa dam olasiz. Har bir 25 daqiqa «pomidor» deb ataladi. Har 4 ta «pomidor»dan keyin kattaroq, 15–20 daqiqalik tanaffus qilinadi va mutolaa jarayonidagi kamchilik hamda yutuqlar yozib chiqiladi.
Bu uslub sizni vaqtni qadrlashga o'rgatadi. Shuningdek, bu jarayon orqali imkoniyatlaringizni chuqurroq tahlil qilasiz. Bir necha kunlik mashg'ulotlar natijasida ma'lum bir ishni uddalash uchun sizga nechta «pomidor» kerak ekanini aniq bilib olasiz.
Siz dangasa emassiz
Siz dangasa emassiz. Shunchaki bir damning o'zida ko'p narsaga erishishni xohlaysiz. Bir vaqtni o'zida mingta narsani xohlash – sizni umuman harakat qilmaslikka olib keladi.
Undan ko'ra, ana shu mingtaning ichidan eng muhimini tanlang va bor diqqatingizni unga qarating.
Ko'p eyish, ko'p uxlash va ko'p gapirish kabilar dangasalikni keltirib chiqaruvchi omil hisoblanadi. Bu illatlardan dinimizda qaytarilgan va zamonaviy tibbiyot ham inson uchun zararli ekanini isbotlagan. Ko'p eyish orqali hazm tizimi buziladi. Qon aylanishi sekinlashadi va hokazo.
Ozuqalar uch xil darajada bo'ladi: hojat darajasi, kifoya darajasi, ortiqcha miqdor.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonga qaddini tiklab turish darajasidagi luqmalar kifoya qilishining xabarini berganlar. Bu bilan uning quvvati susayib, zaiflashmaydi, balki aksi bo'ladi. Inson tabiati ko'p taom bilan emas, balki undan qabul qilgani miqdoricha quvvatli bo'ladi.
Uyqu vaqti
Uyqu hayotiy zaruratdir. Me'yordagi uyqu tana va miyamizning rivojini ta'minlash bilan birga biologik ritmlarning tartibga soladi, kun davomida to'plangan ma'lumotlarni qayta tiklab, uni tahlil qilish imkonini beradi.
Ammo juda ko'p uxlash miyani qaritishi va aqliy tanazzulni kuchaytirishi mumkin. Umumiy sog'liqning yomonlashishi, natijada esa umrning qisqarishiga olib kelish ehtimoli bor. Shu sabab tunda erta uyquga yotish va erta uyg'onish tajribada sinalgan eng samarali uyqu vaqtidir.
Hulosa o'rnida
Har bir narsada mo''tadillikni ushlash, Alloh bizga ne'mat o'laroq omonat qilib bergan organizmimizni sog'-salomat, sifatli umr kechirgan holatda qaytarmog'imiz lozim.
Kitobxon bo'lish uchun kitob o'qishning o'zi kifoya emas. Salomatligimiz, kun tartibimiz va, eng asosiysi, kitobni to'g'ri tanlashimiz, mutolaa sirlarini o'rganishimiz hamda amal qilishimiz zarur.
Sakina Anvar qizi
«Hilol» jurnalining 4(49) sonidan
Hajga ketayotganlarga yoki hajdan qaytganlar haqqiga «Hajingiz mabrur haj bo‘sin!» deya duo qilinadi. Umuman, hojilarning o‘zlari ham o‘z hajlarining mabrur bo‘lishini istab, duoi xayrlar qiladilar. Nima uchun bunday duo qilinadi? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu hadisi shariflari bor: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannat bo‘ladi!” (Imom Buxoriy, 3/1773; Imom Muslim, 2/1349).
Boshqa bir o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan insoniyat uchun eng afzal amallar qaysiligini so‘ralganida, ul zoti sharif tomonlaridan bunday amallar qatorida hajji mabrur ham sanab o‘tilgan edi (Imom Buxoriy, 2/1519; Imom Muslim, 1/83).
Shunday ekan, hajning qay tariqada mabrur bo‘lishini bilib olish juda zarur ekan. Avvalo «mabrur» so‘zining lug‘aviy ma’nosi qanday?
«Mabrur» so‘zi lug‘atda yaxshilik qilingan, qabul qilingan degan ma’nodadir. Uning «xolis» degan ma’nosi ham bor. Demak, «mabrur» so‘zi «maqbul» so‘ziga ma’nodosh bo‘ladi.
Mabrur haj bo‘lishi uchun quyidagilar bo‘lishi lozim:
1) Imom Buxoriyning “Tarixi kabir” asarida bir rivoyat bor. Unda mashhur olim Hasan Basriy rahimahullohning bunday degani naql qilinadi: “Mabrur haj shuki, hajdan dunyoda zohid holda, oxiratga rag‘batli bo‘lgan holatda qaytmoqlikdir” (Imom Buxoriy, «Tarixi kabir», 3/808).
Demak, hojilar yurtga qaytar ekanlar dunyo borasida zohid, zuhdu taqvoga berilgan, oxirat borasida esa unga rag‘bat qo‘ygan, harom va shubhali narsalarga parhezgor bo‘lib, har dam va har qadamda oxiratini o‘ylaydigan bo‘lishlari kerak ekan. Agar ana shunday hojilar bo‘lsa, ularning hajlarining mabrur bo‘lganining alomati ana shudir.
2) Haj vaqtida gunoh ish va qiliqlar aralashmagan haj mabrur bo‘ladi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari bor: «Kimki haj qilsa, yomon gap va yomon ish qilmasa, o‘tgan gunohlari kechiriladi» (Imom Termiziy, 2/808).
Hadisi sharifda tilga olingan “rafas” so‘zi lug‘atda shallaqilik qilish, behayo gaplarni gapirish, buzuq, iflos ishlarni qilish ma’nosida ekani aytiladi. Qur’oni karimda u «xotini bilan jinsiy yaqinlik qilish» ma’nosida kelgan. Bu yerda esa u umumiy bo‘lib, yomon gap-so‘z, qabih ishlar ma’nosida qo‘llangan. Demak, hajda bu xildagi ishlar mutlaqo mumkin emas.
3) Hajdan ko‘zlangan maqsad faqat Allohning farz qilgan hajini ado qilish bo‘lishi kerak. Shundagina haj mabrur bo‘ladi. Bu to‘g‘ridagi Hazrati Umar roziyallohu anhuning mana bu gapiga e’tibor bering:
“Kim mana bu Uyni boshqa narsani iroda qilmasdan haj qiladigan bo‘lsa, gunohlardan xuddi onasi tuqqan kundagidek bo‘lib chiqadi” (Ibn Abu Shayba, 3/12785).
Inson hajga borar ekan, tijorat, savdo-sotiq va boshqa shunga o‘xshash dunyoviy va hajdan o‘zga diniy ishlar hajning bahonasi ila safarning birinchi maqsadiga aylanib qolmasligi kerak.
Hazrati Umar roziyallohu anhu bir xotinning hajdan qaytayotganini ko‘rib, «Sayru sayohat qilib, do‘konlarni aylanib yuribsanmi?» debdilar. Xotin tasdiq javobini berganida, unga Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Unday bo‘lsa, qaytadan haj qilgin!» degan ekan.
Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu Ka’baga suyanib o‘tirganida, Iroqdan kelgan hojilar u yoqdan bu yoqqa o‘ta boshlabdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ularni oldiga chaqiribdi. «Sizlar hajga keldinglarmi? Tavof qildinglarmi, Safo va Marva orasini sa’y qildinglarmi?» debdilar. Ular tasdiq javobini qilibdilar. «Hozir nima qilayapsizlar? Haj mavsumidan foydalanib qolyapsizlarmi?» debdi.
Hojilar fursatdan foydalanib, u yer bu yerlarni ko‘rib yurishganini, u yoqqa bu tomonga o‘tib, borib-kelib yurganlarini, boshqa xayrli amallar, ko‘proq zikr, ko‘proq nafl ibodatlar qilmayotganlarini aytishibdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu ularga hajni qayta qilishlarini buyuribdilar (Ibn Abu Shayba, 3/12787).
Sahoba Abu Zarr roziyallohu anhu haj kunlarida Rabza degan joyni aylanib yurgan hojilarni ko‘rib, ularga hajlarini qayta qilishni burgan ekan.
Demak, inson haj kunlarini g‘animat bilishi, boshqa narsalarga, sovg‘a-salomlarga chalg‘ib ketib, ibodatlardan, zikrlardan qolib ketmasligi kerak. Shunda uning haji mabrur bo‘ladi.
4) Haji mabrur bo‘lganining alomati hoji haj qilib qaytganidan so‘ng uning holi yaxshi tarafga o‘zgarishidir. Har bir hoji o‘z holiga qarab ko‘rsin: ko‘proq ibodatlar qilayaptimi, o‘qiyotgan nafllari avvalgidan ko‘paydimi, odamlarga qilayotgan xayrli amallari ortdimi, og‘zidan chiqqan yomon gaplar endi yo‘qoldimi, yomon amallari yo‘qoldimi, hech kimga aytib bo‘lmaydigan gunohlari, aybu nuqsonlari ozaydimi?
5) Imom Qurtubiy rahimahulloh aytgan: “Haj mabrur bo‘lishi uchun haj arkonlari, manosiklari, amallari, farzu, vojibu sunnat va mustahablarining barchasi mukammal va to‘liq ado qilinishi kerak”. Bu juda muhim gap! Hojilar bunga e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi. Hajning amaliyotlarining birortasi qolib ketmasligi, amallarning ketma-ketligi, tartibi o‘zgarmasligi, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasligi, birovlar gapiga kirib oson va qulay yo‘lga o‘tib olmasligi kerak.
6) Muhammad Yusuf Bannuriy rahimahulloh hajning mabrur bo‘lishi uchun u riyodan xoli bo‘lmog‘i kerak, deb ta’kidlagan. Zotan, riyo savoblar kushandasidir. Xo‘jako‘rsinga, odamlar hoji desin, hammaning e’tibori va obro‘-hurmatiga sazovor bo‘lish maqsadida hajga borsa; hamma hajga borayapti-ku, deb odamlar ko‘zi uchun hajga ketsa, uning haji mabrur bo‘lmasligi mumkin.
7) Umuman, mabrur haj deganda gunoh, ma’siyat aralashmagan hajga aytiladi. Chunki uning «xolis haj» degan ma’nosi bor. Bu gunohlardan xoli, deganidir. Tavof asnosida, odamlar tiqilinchida birovga turtilmaslikka, birovning oyog‘ini bosib olmaslikka ham e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Birovning ko‘ngliga og‘ir keladigan gaplarni gapirmaslik kerak. Buning uchun zikrga zo‘r berish kerak. Hajga borib, mehmonxonada oyoq uzatib yotib, umrida bir marta bo‘ladigan, atigi o‘n besh kunlik muborak safarida bu yoqdagi, yurtidagi dunyoviy ishlarini muhokama qilishning hech keragi yo‘q.
Barcha hojilarning hajlari mabrur, sa’ylari mashkur bo‘lsin!
Hamidulloh BЕRUNIY