2 may kuni Toshkentdagi “Wyndham Tashkent Hotel” mehmonxonasida Markaziy Osiyoda Islomiy moliya va bankchilik 2019 forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida O‘zbekistonda islomiy moliya va bankchilik munosabatlarini tashkil qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar va shu sohadagi istiqbolli yo‘nalishlar muxokama etildi.
Tadbirning faxriy mehmoni sifatida O‘zbekistonga kelgan Qozog‘iston Respublikasi Investitsiyalar va rivojlanish vazirligi maslahatchisi, Islom moliyasi bo‘yicha mutaxassis Yerlan Alimjanovich Baydauletning «Islom moliyasi asoslari» kitobining o‘zbek tilidagi tahriri keng jamoatchilik hukmiga xavola qilindi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu kitob Islom taraqqiyot bankining (ITB) O‘zbekistondagi vakili Husan Hasanovning umumiy tahriri ostida iqtisodchi Botirxo‘ja Jo‘rayev tarjimasi asosida o‘zbek tilida nashrga tayyorlandi va qo‘shimcha ma’lumotlar va alohida qismlar bilan to‘lg‘azildi.
Mazkur kitob oliy o‘quv yurtlari talabalari, tadqiqotchilar va keng jamoatchilik uchun mo‘ljallangan bo‘lib, iqtisodchi B.Jo‘rayev tomonidan islomiy moliya sohasida o‘zbek tiliga tarjima qilingan ikkinchi asar hisoblanadi. Kitobdan islomiy moliyalashtirishning nazariy asoslari, mexanizmlari, vositalari, shu soha bilan shug‘ullanadigan xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarda bu sohaning rivojiga oid ma’lumotlarni topishingiz mumkin. Mazkur kitob, shuningdek, H.Hasanov tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasida islomiy moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotlar bilan boyitilgan.
Quyidagi havola orqali mazkur kitobni yuklab olishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Yil yakuni munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vaklligi tizimidagi masjidlarda faoliyat yuritib, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan, mas’uliyat bilan bajarib kelayotgan moliyaviy hisobchi (mutavalli)larga minnatdorlik bildirildi hamda ular munosib taqdirlandilar.
Tadbirda moliyaviy hisobchi (mutavalli)larning masjidlar faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, moliyaviy hisob-kitoblarni belgilangan tartib va qonun-qoidalar asosida olib borishdagi mehnatlari alohida e’tirof etildi. Shuningdek, ularning kelgusidagi faoliyatlariga muvaffaqiyat tilab, ezgu niyatlar bildirildi.
Ushbu tadbir tizimda xizmat qilayotgan xodimlarni rag‘batlantirish, ularning mehnatini qadrlash hamda mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati