Ozarbayjonda “Halol” sertifikatini taqdim etish mexanizmi ishlab chiqiladi va hayotga tadbiq etiladi. Bu haqda islam.az sayti, "Ozarbayjon Respublikasining 2019-2025 yillarga mo‘ljallangan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha davlat dasturi"ga iqtibosan xabar bermoqda.
Hujjatga ko‘ra, ushbu faoliyat Davlat monopoliyaga qarshi kurashish va iste’molchilik bozori ustidan nazorat qilish agentligi, Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi va mamlakat iqtisodiyot vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Kavkaz musulmonlar idorasiga ushbu mexanizmni tayyorlashda ishtirok etish tavsiya etilgan. Mexanizmni shakllantirish 2020 yilda yakunlanishi ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent islom institutida o‘qish jarayonida bilimga chanqoqligi, faolligi, mas’uliyati hamda namunaviy xulqi bilan ajralib turgan talabalarning ota-onalariga institut nomidan tashakkurnomalar taqdim etildi. Mazkur tashakkurnomalar talabalar orqali ota-onalariga yetkazildi.
Ushbu tashabbus orqali institut tomonidan ota-onalarning farzand ta’limi va tarbiyasiga bo‘lgan e’tibori, mas’uliyati hamda fidoyi sa’y-harakatlari yuksak e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoshlarning nafaqat chuqur bilim egallashi, balki yuksak ma’naviyatli, odobli va jamiyatda munosib o‘rin egallagan shaxs bo‘lib kamol topishida oilaning, xususan, ota-onaning o‘rni beqiyosdir. Ana shu hamjihatlik va o‘zaro hamkorlik samarasida talabalar ta’lim-tarbiyada yuqori natijalarga erishib, institut nufuzini oshirib kelmoqda.
Toshkent islom instituti jamoasi bunday tashakkurnomalarni yo‘llash amaliyotini kelgusida ham davom ettirib, ota-onalar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda yoshlarni har tomonlama yetuk insonlar etib tarbiyalashni maqsad qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati