Joriy yilning 2 may kuni Toshkentdagi Wyndham mehmonxonasida “MDH – Islom bankchiligi va moliyasi bo‘yicha forum – 2019” o‘tkaziladi. 3-4 may kunlari esa «Islom bankchiligi, takaful va islom mikromoliyasi» mavzusida seminar ham tashkil etiladi.
Mazkur tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, bizning tadbirkorlarni ular uchun yangi bo‘lgan Islom bankchiligi va moliyasi sohasi bilan tanishtirish, ularni ushbu soha imkoniyatlaridan xabardor qilish, boshqa mamlakatlardan tashrif buyurishi kutilayotgan mutaxassislar, amaliyotchi-olimlar va boshqa mehmonlar bilan ushbu sohada yuz berayotgan yangiliklar bilan bo‘lishishdan iborat.
Ushbu forum va ikki kunlik seminar tashkilotchilari Al Huda islom bankchiligi va iqtisodiyoti markazi (BAA), «Sheikh Ahmed Bin Obeid Al Maktoum» (SABOAM) xalqaro investitsion kompaniyasi (BAA), hamda Islom taraqqiyot bankining ICD tarmog‘i hisoblanadi.
Tadbirda hamkor davlat idoralari qatorida O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Vazirlar Maxkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Kapital bozorni rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston Lizing beruvchilar Uyushmasi va boshqa ko‘plab tashkilotlar qatnashishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Nukus shahridagi "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom bilim yurti kichik sport maydonida "Sport - salomatlik garovi" shiori ostida musobaqa tashkil etildi.
Ushbu futbol musobaqasi qariyb ikki hafta davomida ko‘tarinki kayfiyatda, sog‘lom raqobat ruhida o‘tdi. Talabalar o‘z jamoalari bilan g‘alaba uchun kurashar ekan, o‘zaro hurmat, jamoaviylik va sportga bo‘lgan mehrini namoyon etdi. Bellashuvlarda har bir jamoa g‘alabaga munosib o‘yin namoyish etdi, tomoshabinlar esa har bir gol va harakatni qizg‘in olqishlar bilan kuzatib bordi.
Uch guruhda, jami 11 jamoa o‘yinlarda ishtirok etdi. Dastlabki o‘yinda A guruhidan, V guruhidan va S guruhidan g‘oliblar aniqlanib, keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Yakuniga ko‘ra, 4-B kurs talabalaridan tuzilgan guruh 3-o‘rinni, 2-A kurs talabalaridan tuzilgan guruh 2-o‘rinni va 4-S kurs talabalaridan tuzilgan guruh 1-o‘rinni egalladi.
G‘olib jamoalar bilim yurti jamoasi tomonidan tayyorlangan diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, musobaqa davomida eng yaxshi darvozabon, eng yaxshi hujumchi, eng yaxshi o‘yinchilar aniqlanib, ular ham faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Musobaqa yakunida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining ijtimoiy va diniy tashkilotlar bo‘yicha kotibiyat mudiri J.Yusupov hamda bilim yurti mudiri J.Abdirazakovlar musobaqa ishtirokchilarini g‘alabalari bilan tabriklab, kelgusi o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.