Ish bor joyda xato bor. Gazeta-jurnal tahririyatlarida gohida qilingan tahrirlarni kiritish, sahifalash jarayonida texnik sabablarga ko‘ra, bu kabi holatlar, ro‘y berib turadi. Illo, xatokor bandalarmiz.
“Hidoyat” jurnalining 2019 yil 3-sonida “Namoz o‘qishning tartibi va odoblari” maqolasida ikki o‘rinda xatolik bo‘lgan. Taassufki, o‘sha xatolar jurnal o‘quvchilar qo‘liga yetib borganidan so‘ng payqaldi. Shuning uchun ushbu nashrning 4-sonida ushbu shaklda tuzatish berildi:
«Tuzatish: Jurnalning 2019 yil 3-soni, 21-sahifasida 1-ustun, yuqoridan 8-qatordagi “Subhana robbiyal aziym” iborasi “Subhana robbiyal a’lo” deb; 2-ustun, yuqoridan 3-xatboshidagi 1-jumla “Namozxon ikkinchi rakatning sajdasini qilib bo‘lgach, chap oyog‘ini yotqizib ustiga o‘tiradi, o‘ng oyog‘ini tikka qilib, barmoqlarini qiblaga qaratib o‘tiradi”, deb o‘qilsin».
Bu xatolikni payqab, tahririyatga bildirgan jurnalxonlarga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Kelgusida ana shunday xatolar tahririyatdan bir sabab bilan o‘tib qolsa, ularni topganda ijtimoiy tarmoqlarga emas, “Hidoyat” jurnali tahririyatiga bildirilsa behad mamnun bo‘lamiz. Zero, mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir (murojaat uchun telefonlar: 71-227-34-30).
hidoyat.uz
Oisha roziyallohu anho onamiz aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga olti (yo yetti) dinor berib, ularni kambag‘allarga tarqatishimni buyurgan edilar. Ammo o‘zlari bemor bo‘lganlari uchun menga bergan omonatlarini tarqata olmagandim.
Keyin tuzaldilar va mendan dinorlarni nima qilganimni so‘radilar. Men: “Allohga qasamki, kasal bo‘lganingiz tufayli sizga qarab, band bo‘lib qoldim. Tarqata olmadim”, dedim.
U zot alayhissalom: “Uni olib kel”, dedilar. Olib kelganimdan keyin kaftlariga qo‘yib, zaif ovoz bilan: “Muhammad Allohga yo‘liqqanida qo‘lida bu pullar bo‘lsa Robbidan nimani kutgan bo‘lardi?” dedilar».
Allohumma, solli ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammad!
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlaridan 101 qissa” kitobidan.