Inson dunyoda saodatli hayot kichirishi uchun Alloh taolo yer yuzini yashashga qulay qilib yaratdi. Unda turli xil o‘t o‘lan, tog‘-toshlarni, dengiz-daryolarni, hayvonot olamlarini va yana ko‘plab ne’matlarini yaratib, barchasini bani basharga bo‘ysundirib qo‘ydi. Biz Robbimiz bergan bu ne’matlarni sanash bilan sanog‘ini tugata olmaymiz. Inson faqatgina Alloh ta’olo bergan barcha ne’matlarni e’tirof etib, u ne’matlar uchun shukr qilsa, Allohga haqiqiy bandalikni bajo keltirsagina, shokir bandalar safidan joy oladi. Har bir inson Alloh taolo bergan ne’matlari uchun shukr qilishi kerak. Noshukrlik kufroni ne’matdir. Mo‘min-musulmonlikka ziddir. Shukr qilish bilan birga solih amallarni ko‘proq qilishga, ota-onaga, qarindosh-urug‘larga, qo‘ni-qo‘shnilarga yaxshilik qilib, Allohning roziligini axtarishga harakat qilish mo‘minga xos go‘zal xislatlardandir.
Alloh taolo: “Agar shukr qilib, iymonli bo‘lsangizlar, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Axir Alloh (bandalarining toat-ibodatlariga savob ato etish bilan) shukr qiluvchi va biluvchi bo‘lgan zot-ku?!” (Niso, 147 oyat) Bu muborak oyat orqali Alloh taolo shukr iymonga bog‘liq fazilat ekanligini ma’lum qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad solallohu alayhi vasallam barcha go‘zal amallarni o‘zlarida mujassam etgan zot edilar. Shukr qilishda ham u zotga yetadigan biror bir kishi topilmasligiga shubha yo‘q. Sababi, Alloh taologa duolari ijobat bo‘ladigan kishi bo‘la turib, U zotdan ko‘p mol dunyo berishini so‘ramagan edilar. Balki, Alloh bergan rizqqa qanoat qilib yashaganlar. Ochlikdan qorinlariga tosh bog‘lab yurganlarini bilamiz. Shukrning fazilatlaridan yana biri shuki, inson shukr qilsa rizqi yana ziyodalashadi. Bu haqida Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Ne’mat shukrga bog‘langandir, shukr ziyodalikka bog‘langandir. Shukr kesilmaguncha, ziyodalik kesilmaydi”, deganlar.
Shukr qiluvchi kishida mehr-muruvvat, insof-diyonat, qanoat, sabr kabi axloqlar mavjud bo‘ladi. Bu axloqlar esa insonni dunyo va oxirat saodatiga boshlaydi.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh: “Har bir inson o‘z holiga, hayotiga, qismatiga, taqdiriga rozi bo‘lishni, shukr qilishni o‘rganishi kerak. Chunki, bu hayotni unga Alloh subhanahu va taolo ravo ko‘rdi va shunday bo‘lishini iroda qildi. Shuning o‘zi katta marhamat, shuning o‘zi katta bir ne’mat. Shukr qilsak Alloh bundan ham ziyoda qilishi mumkin. Ammo noshkurlik qiladigan bo‘lsak, boshqa hayotlarga havas qiladigan bo‘lsak, o‘zimizdagi boridan ham mahrum bo‘lib qolishimiz mumkin”, deganlar.
Inson ko‘p gunohlarga noshkurligi sababidan qo‘l urib, turli jinoiy ko‘chalarga kirib qoladi. Natijada Allohning g‘azabiga uchrab, oxirat hisob-kitobini unutadi. Oz muddatli bu umrni zalolatda o‘tkazmasdan, faqat yaxshilik qilib, elga nafi tegadigan kishi dunyoda xotirjam, oxiratda saodatli hayot kechiradi.
Zoir Ostonov
Buxoro viloyati “Hazrat Bilol” jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Men padari buzrukvorim rahmatullohi alayhdan eshitganman: «Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir o‘g‘illari bor edi. Uni hazrat qayergadir ilm tahsil qilish uchun yubordilar. U olim bo‘lib qaytdi. Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir majlislari bo‘lar edi. Majlisga hazratga yaqin kishilar kelardi. Hazrat ularga nasihat qilib turardilar. O‘g‘illari kelganida, hazrat unga: «Birodar, sen butkul yangi ilm hosil qilib kelgansan, bugun ularga sen va’z qil», dedilar. U judayam tetik edi.
Hazratning taklifini bajonudil qabul qildi. Majlis hali jam edi. U va’z aytdi. Odamlar tinglayverdilar, tinglayverdilar. Lekin ta’sirlanmadilar. Oddiy bir olimning gapini eshitdilar. Shundan keyin hazrat tashrif buyurdilar va o‘tirib, bor-yo‘g‘i shunday bir jumla aytdilar: «Birodar, biz bugun ro‘za tutishni iroda qilgan edik. Kechasi saharlikda ichamiz deb sut saqlab qo‘ygan edik. Lekin taqdirni qarangki, mushuk sutni ichib ketdi va biz ro‘za tuta olmadik».
Bor-yo‘g‘i shu gapni aytdilar. Gaplari qattiq ta’sir qildi. Keyin hazrat o‘g‘illariga bunday dedilar: «Qara, sen soatlab va’z qilding. Ularga hech narsa qilmadi. Men bor-yo‘g‘i bir og‘iz gapirdim, odamlarning qalblariga ta’sir etdi. Sen ilm o‘rganib kelding. Lekin endi qalb dardini paydo qil, qalbingni Allohga qaytarishga, ya’ni bog‘lashga harakat qil. Keyin sening bir so‘zing, u fasohatli-balog‘atli bo‘lsa-bo‘lmasin farqi yo‘q, odamlarning qalblariga, ruhiyatlariga ta’sir qiladi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan