8 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi,muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yong‘indan jabr ko‘rgan sakkizta xonadon ahllaridan xabar oldilar.
Joriy yilning 18 mart kuni poytaxtning Shayxontohur tumani “Oqlon” mahallasidagi “Ko‘kcha Darboza”, “Fuzuliy” va “Omon Muxtorov” ko‘chalarida joylashgan sakkizta xonadonda kuchli yong‘in bo‘lib, uylarning hammasi barcha jihozlari bilan yonib ketgan va 65 kishi boshpanasiz qolgan edi. Shukrki, yong‘in xavfsizligi xodimlarining tezkorligi va mahalla ahlining uyushqoqligi tufayli hech kim jarohat-lanmadi.
Muftiy hazratlari aziyat chekkanlarga tasalli berib, ko‘ngillarini ko‘taradigan gaplarni aytib, bunday talofatda qilgan sabrlari ajru savoblarga noil bo‘lishini so‘zlab berdilar. Shuningdek, ushbu xonadonlarga mahalla ahli astoydil yordam ko‘rsatayotgani, yong‘in bo‘lgan xonadonlarni qayta qurish ishlari hashar yo‘li bilan barpo etilayotganiga e’tibor qaratdilar va ana shunday og‘ir damlarda mahalla ahlining ittifoqligi juda katta oliy fazilat ekanini ta’kidladilar.
Mo‘minlarning bir-birlariga mehribonligiga misol qilib, Saodat asrida Makkadan Madinaga hazrati Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallam bilan birga ko‘chib borgan mo‘min-musulmonlarga mahalliy aholi o‘zlarining uylaridan joy berganlari, o‘zlarining eng yaxshi ko‘rgan narsalarini in’om etganlarini aytib berdilar.
Darhaqiqat, har bir banda hayoti davomida turli qiyinchilik va musibatlarga duch keladi. Zotan, bu hayotning o‘zi imtihon dunyosidir. Bu haqda Qur’oni karimda bunday xabar qilinadi: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar(hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz” (Baqara, 155).
Musibatlar sabab qilinib bandaning imoni sinaladi. Mol-mulkning kasodga uchrashi, bemor bo‘lish yoki ishdagi muvaffaqiyatsizlik kabilarning barchasi sinovdir. Banda gohida yaxshilik bilan, ba’zida qiyinchilik bilan sinaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Musulmonga qay bir musibat: charchashmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafachilikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki, tikan kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qilur”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Suhbatda mahalla ahli yong‘in sodir bo‘lgan kuniyoq oqsoqol Baxtiyor Karimov boshchiligida shtab tuzilgani, barcha zaruriy yordam va tashkiliy ishlar ushbu shtab orqali amalga oshirilayotganini bildirdi.
Shuningdek, “Oqlon” jome masjidi imom-xatibi Sobir qori Rustamov tashabbusi bilan saxovatpesha insonlar uzluksiz ravishda xayriya qilib turganlarini aytdilar.
Bundan mamnun bo‘lgan muftiy hazratlari imom-xatiblarni bunday savobli ishlarga har doim kamarbasta bo‘lishga chaqirib, ziyoratga o‘zlariga hamrohlik qilib borgan Diniy idoraning Masjidlar bo‘limi mudiri Muhammadnazar Qayumov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Rahimberdi Rahmonov va Shayxontohur tumani “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li kabi taniqli imom-xatiblarga shunday damlarda yanada g‘ayrat ko‘rsatish haqiqiy din peshvosining ishi ekanini ta’kidladilar. Shuning bilan birga, xonadon sohiblarining yonib ketgan kitoblari, xususan, Qur’oni karim va boshqa diniy-ma’rifiy adabiyotlarning o‘rnini to‘ldirishni tayinladilar.
So‘ngra “Oqlon” jome masjidida peshin namozini mahalla jamoasi bilan birga ado etdilar. Namozdan so‘ng masjid qavmi bilan suhbatlashayotib, jumladan, bunday dedilar.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Musulmon musulmonning birodaridir. Kim o‘z birodarining hojatini chiqarsa, Alloh uning hojatini chiqaradi. Kim bir musulmonni g‘amdan forig‘ qilsa, Alloh undan qiyomat kunining g‘amlaridan bir g‘amni forig‘ qiladi”, degan hadisi shariflariga ergashgan mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, yoru birodarlarining boshiga tushgan tashvishga sherik bo‘lib, o‘zlarining katta yordamlarini berayotganliklari bizni juda ham xursand qildi. Bu ayni mo‘minlik sifatidir.
Qad rostlayotgan xonadonlar birining poydevoriga muftiy hazratlari va mo‘ysafid otaxonlar birinchi g‘ishtni qo‘yib, eng ezgu duolarni qildilar.
Tez orada ushbu xonadonlar bitadi, yangi uylarda to‘yu tantanalar o‘tkazamiz, insho Alloh.
Muftiy hazratlarining ko‘ngil so‘rab kelganidan sevingan mahalla ahli va xonadon egalari shunday og‘irdamlarda qimmatli vaqtlarini sarflab tashrif buyurganlari va ko‘ngillarini ko‘targanlari uchun minnatdor-lik bildirdilar.













O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni Karimning to‘rtinchi surasi Niso bo‘lib, u Madinada nozil bo‘lgan, bir yuz yetmish olti oyatdan iborat. «Niso» so‘zining ma’nosi «Xotinlar», «Ayollar»dir. Surada ayollar to‘g‘risida shariat hukmlari batafsil bayon qilingani sababli unga shu nom berilgan. Bu sura hajm jihatidan Qur’oni Karimda Baqara surasidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Niso surasi oyatlari olti yil mobaynida nozil bo‘lgan.
Surada ko‘pgina shar’iy hukmlar kelib, jumladan, yetimlar haqqiga rioya qilish, kichik yoshdagi bolalar va zaif kishilarga rahm-shavqatli bo‘lish, ayollarga chiroyli va samimiy munosabatda bo‘lish, ularni hurmat qilish va haq-huquqlarini himoya qilish, oila va qarindosh-urug‘chilikni mustahkamlash, er-xotin o‘rtasidagi aloqalar, ularning bir-birlari oldidagi huquq va burchlari, er oilada boshliq va barcha mas’uliyat uning zimmasida bo‘lishi, oila to‘g‘risidagi boshqa haq-huquqlar keng bayon qilinadi. Ayollar hurmatini yuksaklarga ko‘tarib, agar er kishi o‘z ayolini yaxshi ko‘rmasa ham u bilan hushmuomalada hayot kechirishi kerakligi buyuriladi, u yoqtirmagan narsada ko‘pgina hikmat va yaxshiliklar mavjudligi xabari beriladi.
Jamiyatdagi ichki va tashqi aloqalar to‘g‘risida ham zikr qilinib, jamiyat mustahkam bo‘lishi uchun kishilar o‘rtasida birdamlik, mehr-shafqat, o‘zaro bag‘rikeng bo‘lishlik, har bir ishda adolat va tenglik bo‘lishi lozimligi ta’kidlanadi. Jamiyatni fahsh, zulm va fitnadan saqlash haqida ham bayon qilinadi.
Shuningdek, johiliyat paytida mavjud bo‘lgan birovlarning molini botil yo‘llar bilan yeyish, poraxo‘rlik, omonatga xiyonat, kishilarning obro‘ va haq-huquqlarini poymol etish, nohaq odam o‘ldirish kabi razil ishlar muolaja qilinadi. Ularning o‘rnini islomiy fazilatlar egallashi lozimligi uqdiriladi.
Jihod paytida urushda namozni qanday ado etishning hukmi ham shu surada kelgan. Doimo og‘ir paytda pand beradigan munofiqlar haqidagi masalalar ham urush haqidagi oyatlar ichida muolaja etiladi.
Muso alayhissalom va uning qavmi haqida ham oyatlar kelib, yahudiylarning o‘tmishdagi jirkanch ishlari va odatlariga qisqacha izoh berilib, ularning xavfli kirdikorlaridan musulmonlar ogohlantiriladi. Yahudiylarning musulmonlar jamoasiga qarshi olib borgan ishlari haqida ham bahs yuritiladi. Ular munofiq va mushriklar bilan birikib olib, Islomga, musulmonlarga qarshi turli fitnalar uyushtirib, musulmonlarda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklariga shubha uyg‘otish uchun qilgan urinishlari fosh etiladi.
Islom aqidasi, Alloh taoloning yagona ilohligi haqida ham so‘z yuritilib Nasorolarning o‘zgartirib olgan “Alloh uch asldan - ota, o‘g‘il va muqaddas ruhdan iborat” degan noto‘g‘ri e’tiqodini to‘g‘rilash uchun Iso alayhissalom Allohning bandasi va payg‘ambar ekani, Bibi Maryam ham iloh emas balki Allohning bandasi ekanligi haqidagi oyatlar ham bayon qilinadi va Nasorolarning botil e’tiqodi ochib beriladi.
Shuningdek, surada meros hukmlari ham batafsil bayon qilingan. Meros ilmini chuqur o‘rganishga targ‘ib qilinadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: «Faroiz (meros ilmi)ni o‘rganinglar va uni o‘rgatinglar. Albatta, u ilmning yarmidir. Aniqki, u yoddan ko‘tarilib ketadi va u ummatimdan birinchi bo‘lib sug‘urib olinuvchi narsadir» (Imom Ibn Moja rivoyati).
Oisha roziyallohu anho: «Niso surasi men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida ekanligimda, ya’ni birga yashagan vaqtimda nozil bo‘lgan», deganlar.
Ushbu surani fazilatlari haqida Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu shunday deganlar: «Niso surasidagi besh oyat o‘rniga menga dunyo va undagi bor narsa berilsa ham xursand bo‘lmayman». Ushbu oyatlar quyidagilar:
«Agar sizlar man etilgan gunohlarning kattalaridan saqlansangiz, kichik gunohlaringizni sizlardan o‘chirurmiz va sizlarni rohatbaxsh manzil (jannat)ga kiriturmiz», (31-oyat). Ulamolarimiz yetmishga yaqin katta gunohlar mavjudligini aytishib, ularga Allohga shirk keltirish, nohaq odam o‘ldirish, zino, bachabozlik, aroq ichish, o‘g‘rilik, bosqinchilik, birovni zinoda ayblash, yolg‘on guvohlik berish, yolg‘on qasam ichish, riboxo‘rlik, pora olish, qarindoshlik aloqalarini uzish, ota-onaga oq bo‘lish, yetim molini yeyish, o‘lchov va tarozuda xiyonat qilish, zakotni ma’n qilish, namozni vaqtidan oldin o‘qish, uzrsiz namozni vaqtidan keyin o‘qish, erkak va ayollar o‘rtasida qo‘shmachilik qilish, amri ma’ruf va nahyi munkarga qodir bo‘lib turib qilmaslik, Qur’on ta’limotini unutib yuborish, Allohning rahmatidan noumid bo‘lish, Allohning makridan beparvo bo‘lish, ahli ilm va hofizi Qur’onlarga yomonlik qilish va boshqalar kiradi.
«Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham birovga) zulm qilmagay. Agar (o‘sha miqdorda) yaxshilik bo‘lsa, uni (bir necha barobar) ko‘paytirur va O‘z huzuridan ulug‘ mukofot (jannat) ato etur», (40-oyat).
«Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa (gunohlar)ni O‘zi xohlagan (banda)laridan kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, demak, u ulkan gunohni to‘qib chiqaribdi», (48-oyat).
«Qaysi bir payg‘ambarni yuborgan bo‘lsak, Allohning izni bilan unga itoat qilinishi uchun (yuborganmiz). Agar ular o‘zlariga zulm qilgach, darhol Sizga kelishib, Allohdan kechirim so‘raganlarida va Payg‘ambar ham ular uchun kechirim so‘raganda, Alloh kechiruvchi va rahm-shafqatli ekanini bilgan bo‘lur edilar», (64-oyat).
«Kimda-kim biror yomon ish qilsa yoki o‘z joniga jabr qilsa, so‘ngra Allohdan kechirim so‘rasa, Allohning (qanchalik) kechiruvchan va rahmli ekanini idrok etadi», (110-oyat). Bu oyati karima haqida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu quyidagilarni aytganlar: «Alloh o‘z bandalariga karami, afvi, hilmi, rahmatining kengligi va mag‘firatining beqiyosligi haqida xabar bermoqda. Kim kichikmi-kattami gunoh qilsa-yu, so‘ngra Allohga istig‘for aytsa, Allohni mag‘firatli va rahmli Zotligini topadi. Garchi gunohlari osmonlaru yerdan, tog‘lardan katta bo‘lsa ham».
Ibn Abbos roziyallohu anhu esa: «Niso surasida nozil qilingan sakkiz oyat bu ummat uchun ustidan quyosh chiqqanidan va botganidan (dunyodagi bor yaxshiliklarga ega bo‘lganidan) yaxshiroqdir», deganlar. Ular 26,27,28, 31,40,48, 64, 110-oyatlardir.
«Alloh sizlarga (shariat ahkomlarini) bayon qilish, sizlarni ilgari o‘tgan (haq yo‘ldagi) zotlarning yo‘llariga hidoyat etish va tavbalaringizni qabul qilishni xohlaydi, Alloh dono va hakim zotdir. Alloh tavbalaringizni qabul etishni xohlaydi, shahvoniy hissiyotga tobe’ bo‘lganlar esa, (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘ib ketishlaringizni xohlaydilar. Alloh sizlarga (shariat ahkomlarini) yengillatishni xohlaydi. Axir, inson zaif yaratilgandir», (26-27-28 oyatlar).
Surada ko‘pgina shariat hukmlari bayon qilingani sababli ulamolar uni chuqur o‘rganishga targ‘ib qilishadi. Shunday oyatlardan biri «Senga yetgan yaxshilik Allohdandir va senga yetgan yomonlik nafsingdandir. Biz seni odamlarga Payg‘ambar qilib yubordik, shohidlikka Allohning o‘zi kifoya qilur», (79-oyat).
Ulamolarimiz ushbu oyatning tafsirini shunday izohlaydi: Insonning bu dunyoda qiladigan amallari natijasi bu dunyosiga ham, u dunyosiga ham tegishli bo‘ladi. Agar inson Alloh taolo ko‘rsatgan yo‘ldan yurib, shariatda buyurilgan amallarni bajarsa, yaxshilik qilib yomonlikdan qaytsa, Alloh taolo o‘zining rahmati ila ikki dunyo saodatiga erishtiradi. Ammo, inson Allohning buyurgan yo‘lidan yurmasa, Uning shariatiga amal qilmasa, qaytargan yomonliklardan qaytmasa, bu dunyoda ham, oxiratda ham xor bo‘ladi, u o‘ziga zulm qiladi, oqibatda esa unga yomonlik yetishiga o‘zi sababchi bo‘ladi.
«Va Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani sherik keltirmanglar! Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga va miskinlarga, yaqin qo‘shnilarga, yon qo‘shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko‘chada qolganlarga, qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta, Alloh o‘zini yuqori tutuvchi va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush ko‘rmas», (36-oyat).
Agar barcha insonlar Qur’oni Karimda buyurilgan oyatlarga amal qilsalar jamiyat tinch, odamlar omon, xalq hayoti obod va farovon hayot kechirishiga zamin bo‘ladi.
«Kim Allohga va Rasulga itoat etsa, bas, ana o‘shalar Alloh ne’mat bergan nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Va ularning rafiqlari qanday ham yaxshi! Bu Allohdan bo‘lgan fazldir va bilguvchilikda Allohning O‘zi kifoya qilur», (69-79-oyatlar).
Ushbu oyatda har bir musulmonning orzusi, istagi ifodalanib, ularni ushbu yo‘lda yanada g‘ayrat va shijoat bilan harakat qilmoqlikka, hayotning har bir jabhasida islom ahkomlariga amal qilishlikka, inshaalloh, jannatda esa eng yuksak maqomlarga ega bo‘lishlik uchun rag‘batlantiradi.
“Tafsiri Hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”, “Qur’oni azim
muxtasar tafsiri” va boshqa manabalar asosida Dilshodjon MAMADALIYEV tayyorladi.