O‘tgan kuni Samarqand viloyatidagi “Mahmud az-Zamaxshariy va uning al-Kashshof asari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar doirasida muftiy hazratlari boshchiliklarida taniqli ulamolar, bosh imom-xatiblar, tajribali imom-xatiblar va madrasalar mudirlari Jomboy tumanida joylashgan “MAN Auto-Uzbekistan” yuk avtomashinalarini ishlab chiquvchi zavod faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Ushbu tashrif chog‘ida o‘zbek-german qo‘shma korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi hamda ushbu zavodda ishlab chiqarilayotgan texnika namunalarini ko‘rishdi. Tanishuv jarayonida mehmonlar qo‘shma korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy avtobuslar, yuk avtomobillari va maxsus avtotransport vositlarini ko‘zdan kechirishdi. Transport vositalarining texnik imkoniyatlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Har tomonlama qulay, zamonaviy avtotransport vositalari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif davomida mehmonlar Samarqand viloyati Payariq tumanidagi namunaviy shaklda obodonlashtirilgan “Choshtepa” qabristonini ham ziyorat qildilar.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan hadislarda qabrlarni bir-biridan farq qilmagan holda bir tekis bo‘lishi, ya’ni biri baland, biri past, biri hashamdor, biri qarovsiz bo‘lishi durust emasligi bayon qilingan. Islom dini manbalarida qabr yerdan biroz ko‘tarilishi, qor va yomg‘irlarda yuvilib, cho‘kib ketmasligi uchun somon aralashtirilgan loy bilan suvab turish joizligi aytilgan.
Muhtaram Prezidentimizning qabristonlarni obod qilish va qabrlarni oddiy bo‘lishiga e’tibor qaratish borasidagi tavsiyalaridan kelib chiqib, respublikamizda joylashgan mozorlarni imkon qadar yuqorida qayd etilgan shaklda qilish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan ilmiy-amaliy seminar doirasidagi tadbirlar yakunladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 oktyabr kuni Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi ekspozitsiyalar orqali xalqimizning boy tarixiy va ma’naviy merosini keng namoyish etishga qaratilgan ishlar bilan tanishdi.
Mazkur ulkan va noyob loyiha davlat rahbarining 2017 yil 23 iyundagi qaroriga asosan boshlangan. Ko‘p o‘tmay, 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni uning poydevoriga tamal toshi qo‘yilgan edi. O‘tgan davrda bu yerda katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Markaz qadimiy me’moriy an’analarimiz va milliy bezaklar uyg‘unligida barpo etildi. Inshootning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada esa 65 metrli milliy uslubdagi gumbaz qad rostlagan.
Inshootning markaziy qismida Qur’oni karim zali joylashgan. Bu yerda musulmon olamining noyob ma’naviy durdonasi sanalgan qadimiy Usmon Mus'hafi namoyish etiladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid muqaddas kitob nusxalari, ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari, shu bilan birga, jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham joy oladi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan chet ellarda saqlanayotgan tariximiz va ulug‘ allomalarimiz merosi bilan bog‘liq qimmatli manbalar va ashyolar Vatanimizga qaytarildi.
Markaz tarkibida 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazilgan bo‘lib, xalqaro miqyosdagi uchrashuv va ilmiy anjumanlarni o‘tkazish uchun barcha zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan.
Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “O‘zbekiston XX asrda” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” bo‘limlari tashkil etilgan. Bu yerda buyuk allomalarimiz faoliyati haqida ma’lumotlar, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulamolar merosi ham keng yoritilgan.
Shuningdek, tariximizda ilmu ma’rifat va ma’naviyat homiysi bo‘lgan Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi mo‘tabar zotlar faoliyati ham alohida ekspozitsiya sifatida namoyish etilgan.
Davlatimiz rahbari doimo markazning ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishini samarali tashkil etish, uning mazmun-mohiyatini boyitib borish zarurligini alohida ta’kidlaydi. Bu borada O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.
Tashrif chog‘ida Prezidentimiz zallarda amalga oshirilayotgan pardozlash va jihozlash ishlarini ko‘zdan kechirdi, bo‘limlar va ko‘rgazmalarning mazmun-mohiyati, qo‘llanilayotgan interfaol texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Davlatimiz rahbari eksponatlarni mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilarga har tomonlama qiziqarli hamda tushunarli qilib taqdim etish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda markazda faoliyat yuritadigan mutaxassis va gidlarning sonini ko‘paytirish, ularni maxsus dasturlar asosida tayyorlash zarurligiga e’tibor qaratildi.
Markaz faoliyatini mazmunan yanada boyitish, ekspozitsiyalar orqali xalqimiz ma’naviy va ilmiy merosini to‘liq namoyon etish bo‘yicha qator tavsiyalar berildi.