Bugun, 27 mart kuni Samarqand viloyatida “Mahmud az-Zamaxshariy va uning al-Kashshof asari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar doirasidagi tadbirlar boshlandi. Avval muftiy hazratlari boshchiliklarida taniqli ulamolar, bosh imom-xatiblar, tajribali imom-xatiblar va madrasalar mudirlari Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qildilar.
Tashrif avvalida Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinib, savobi Imom Buxoriy ruhi poklariga baxshida etildi.
Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Oliy maktabning o‘qituvchi va mutaxassislari tomonidan ilm dargohida muhayyo qilingan shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonlarini olib borish uslublari, axborot resurs markazi, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish metodlari, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdilar.
Tanishuv jarayonida mehmonlar yurtimizda diniy-ma’rifiy sohani yanada takomillashtirish, muborak dinimizning sofligini asrash, uning asl insonparvarlik tamoyillarini ochib berish va keng targ‘ib etish, bu borada malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani va tizimli islohotlar olib borilayotganini alohida ta’kidladilar.
“Mahmud az-Zamaxshariy va uning al-Kashshof asari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar o‘z ishini boshladi.






O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mir Arab oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirlar doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda inson qadrini ulug‘lash g‘oyasining jamiyat ma’naviy hayotidagi ahamiyati ta’kidlandi.
Shuningdek, 2025 yilda diniy soha vakillari faoliyati yuzasidan sarhisob yig‘ilishi o‘tkazilib, sohadagi islohotlar, ustuvor vazifalar va kelgusi rejalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ma’naviy-ma’rifiy sohada faollik ko‘rsatgan bir qator soha vakillari taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati