Fransiya, Britaniya va AQSH olimlari hamkorlikda o‘tkazgan tajribalari natijasida mutaxassislar yuzning ifodasi orqali insonning hayoti haqida ma’lumot olish mumkin degan xulosaga keldilar.
Rostgo‘y odamning yuziga, yuz ifodalariga qarab uning rostgo‘yligini bilish mumkin. Shuningdek, o‘g‘ri, jinoyatchi va hokazolarni ham yuz orqali aniqlash imkoni bor.
Fohishalar, poraxo‘rar, sudxo‘rlar, mast qiluvchi ichimlik ichuvchilar, kashandalar va giyohvandlarga nigohi tushgan odam ularning yuzlarida qilib yurgan gunohlarining asari borligini darhol ilg‘aydi.
Bugungi kunda ayblanuvchilarni tergov qilish jarayonida ularning yuzlari, ko‘z qarashlari, o‘zlarini tutishlari orqali jinoyatlar aniqlanmoqda.
Insonning hayotida sodir bo‘ladigan hodisalar uning yuzida iz qoldiradi. Bu iz nimalarni anglatishini ko‘p izlanish va tadqiqot orqali bilsa bo‘ladi. Misol uchun Allohga iymon keltirgan mo‘min bilan iymon keltirmagan kimsaning orasidagi ko‘p farqlarni ularning yuzlari orqali ham aniqlash mumkin.
Qur’oni Karim yuz ifodasining inson shaxsiyatiga aloqasi borligiga ishora qilgan.
Alloh taolo Qur’oni Karimda bundan o‘n to‘rt asr oldin insonning ish faoliyatiga qarab yuz ifodalari o‘zgarishi haqida xabar bergan.
Oliyjanoblik, tortinish, uyatchanlik, iffat va qanoatga odatlangan insonning yuzida ushbu fazilatlar zohir bo‘lib turadi. Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qilgan:
لِلْفُقَرَاء الَّذِينَ أُحصِرُواْ فِي سَبِيلِ اللّهِ لاَ يَسْتَطِيعُونَ ضَرْباً فِي الأَرْضِ يَحْسَبُهُمُ الْجَاهِلُ أَغْنِيَاء مِنَ التَّعَفُّفِ تَعْرِفُهُم بِسِيمَاهُمْ لاَ يَسْأَلُونَ النَّاسَ إِلْحَافاً وَمَا تُنفِقُواْ مِنْ خَيْرٍ فَإِنَّ اللّهَ بِهِ عَلِيمٌ
“(Sadaqa va xayru-ehsonlar) Allohning yo‘lida tutilgan, yer yuzida kasb qilishga qodir bo‘lmagan, iffatlari tufayli bilmagan kishi ularni boy deb o‘ylaydigan faqirlargadir. Ularni siymolaridan taniysan, odamlardan xiralik qilib so‘ramaslar. Nafaqa qilgan yaxshiliklaringizni, albatta, Alloh bilguvchidir”. (Baqara surasi, 273-oyat).
Buning muqobilida esa odamlardan turli narsalarni xiralik bilan so‘rab, o‘z hollaridan shikoyat qilib yuradigan kishilarning bu noqulay qilmishlari ham ularning yuzlarida namoyon bo‘ladi.
Ko‘p sajda qiladigan, ko‘p namoz o‘qiydigan kishining ushbu amalining ta’siri ham uning yuzida aks etadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
سِيمَاهُمْ فِي وُجُوهِهِم مِّنْ أَثَرِ السُّجُودِ
“Ularning siymosi sajda asaridan yuzlarida (balqiydir)” (Fath surasi, 29-oyat).
Buning muqobilida Alloh taologa sajda qilmaydigan kimsalarning qilmishlari ta’siri ularning yuzida ko‘rinadi.
Qiyomat kunida ham insonlarning yuzlarida bu dunyoda qilgan amallariga mos ifodalar yaqqol ko‘rinib turadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
يُعْرَفُ الْمُجْرِمُونَ بِسِيمَاهُمْ فَيُؤْخَذُ بِالنَّوَاصِي وَالْأَقْدَامِ
“Jinoyatchilar siymolaridan bilinib turur. Va ularning peshona sochlari va oyoqlaridan tutilur” (Rahmon surasi, 41-oyat).
Ha, azizlar! Qur’on – Allohning Kitobidir! U o‘zida qiyomatga qadar yuzaga chiqadigan barcha ilmiy haqiqatlarni jamlagandir. Qur’onda yuz ifodalari bilan bog‘liq oyatlarning borligi, bu oyatlarda kishining qilgan ishlarini yuzi orqali bilib olish mumkinligiga 1400 yil oldin ishora qilinishi Qur’on Alloh taoloning Kalomi ekaniga dalolat qiladi!
Abduddoim Kahelning maqolasi asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Shu yil 17 dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Xo‘jakent» jome masjidida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Sayyor uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, O‘MI Moliyaviy nazorat va tahlil bo‘limi boshlig‘i Islomiddin domla Zuhriddinov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar domla Kamolov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Musoxon domla Boboyev, viloyatning tumanlar/shaharlari bosh imom-xatiblari, shuningdek, Bo‘stonliq tumanidagi masjidlar imom-xatiblari, noiblar, “Haj – 2025” ziyoratchilari va mahalla faollari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda Zayniddin domla Eshonqulov mazkur kitobning bugungi hayotimiz bilan naqadar uyg‘un ekani, dinimizda ham inson va uning qadr-qimmati ulug‘lanishi, har bir diniy soha xodimining bugungi kundagi faoliyati uchun dasturamal bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu kitob viloyatdagi barcha masjidlarga tarqatildi.
Tadbir davomida viloyat bosh imom-xatiblari va tuman-shahar bosh imom-xatiblari uchun namunaviy maxsus kiyim namunasi taqdimot qilindi. Unda chakmon, duxoba va milliy do‘ppilar namoyish qilindi.
Shuningdek, Toshkent viloyati, xususan, Bo‘stonliq tumanida 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Unda viloyatdagi imom-xatiblar faoliyatidagi yutuqlar e’tirof etilib, ba’zi kamchiliklar bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Sayyor yig‘ilish ishtirokchilari Bo‘stonliq tumanining 24 ta masjidi hamda 24 ta mahallasiga biriktirildi.
Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 110 ta oilaga, otinoyilar 4 toifaga mansub 23 ta oilaga, umumiy hisobda 133 ta oilaga kirilib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib borildi.
3 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lgan fuqaro bilan suhbatlashildi, uning tushunchalari to‘g‘rilandi.
Notinch oilalar o‘rganilib, ular yarashtirildi.
Shuningdek, 10 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘ygan kishilar bilan suhbatlar o‘tkazildi.
Ma’naviy ko‘makka muhtoj 12 ta oila ila muloqot qilindi.
Muxtasar aytganda, birgina shu tadbir doirasida barcha jihat qamrab olindi.
Toshkent viloyatidagi navbatdagi sayyor yig‘ilish Yuqori Chirchiq tumanida o‘tkazilishi rejalashtirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati