Quyoshli kunlarning birida muallima o‘z o‘quvchilariga odatdagidek dars o‘tayotgan edi. Birdan xayoliga yangi fikr kelib qoldi. Quyosh nurida toblanish va o‘zgacha uslubda dars o‘tish uchun o‘quvchilarni tashqariga olib chiqdi.
Tashqariga chiqishgach, muallima maktab tomorqasida yangi ekilgan ko‘chatlardan birini ko‘rsatib, o‘quvchilardan birini uni sug‘urishga yubordi. O‘quvchi borib, ko‘chatni sug‘urdi. Keyin boshqa ko‘chatni sug‘urishni buyurdi. O‘quvchi uni ham qiynalmasdan sug‘rib oldi. Shundan keyin muallima mazkur o‘quvchiga katta daraxt oldiga borishni va uni sug‘urishni tayinladi. O‘quvchi ustoziga qarab: “Ustoz, bu qo‘limdan kelmaydi. Bu darxt ancha oldin ekilgan qadimiy daraxtdir. Tanasi ham katta. Buni sug‘urishga kuchim yetmaydi” dedi.
O‘quvchidan bu javobni eshitgan ustoz tabassum qildi va qolgan talabalarga qarab: “Bu o‘simliklar bizning yomon odatlarimiz deb faraz qilaylik. O‘sha odatlarimiz eskirib borgani sayin qalbimizda, tana a’zolarimizda chuqur o‘rnashib oladi. Keyin biz ulardan voz kechishimiz, qutulishimiz qiyin bo‘ladi. Yomon odatlarimiz endi ko‘rina boshlagan paytda yangi ekilgan ko‘chatlar kabi sug‘urib tashlash oson bo‘ladi. Shuning uchun ulardan qutulish maqsadida harakatni hozirdan boshlaylik! Ularni yaxshi odatlar va fazilatlarga almashtiraylik!” dedi.
Internet ma’lumotlaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.
Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimistonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!
Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!
Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.
Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.
Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].
Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.
Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati.
[2] Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).