Mittigina jonzot – asalari Alloh taoloning ulkan mo‘jizalaridan biridir.
U Zot Qur’oni Karimda shunday degan:
وَأَوْحَى رَبُّكَ إِلَى النَّحْلِ أَنِ اتَّخِذِي مِنَ الْجِبَالِ بُيُوتاً وَمِنَ الشَّجَرِ وَمِمَّا يَعْرِشُونَ ثُمَّ كُلِي مِن كُلِّ الثَّمَرَاتِ فَاسْلُكِي سُبُلَ رَبِّكِ ذُلُلاً يَخْرُجُ مِن بُطُونِهَا شَرَابٌ مُّخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاء لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لآيَةً لِّقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
“Robbing asalariga: “Tog‘lardan, daraxtlardan va ko‘tarilgan so‘ritoklardan uy tutgin. So‘ngra hamma mevalardan yegin. Bas, Robbing oson qilib qo‘ygan yo‘llardan yurgin”, deb vahiy qildi. Ularning qorinlaridan turli rangdagi sharob chiqar. Unda odamlar uchun shifo bordir. Albatta, bunda tafakkur qiluvchilar uchun oyat-belgi bordir”. (Alloh taoloning hayvonotlarga, jumladan, asalariga vahiy qilishi unga ilhom berishi hisoblanadi. Alloh taolo asalarini yaratganda unga his-tuyg‘u va ilhomni qo‘shib yaratgani uchun u ko‘pgina aqlli insonlar ham qila olmaydigan aniqlik bilan o‘ziga topshirilgan ishni bajaradi.) (Nahl surasi, 68-69-oyatlar).
Agar tafakkur qilmoqchi bo‘lsangiz, ushbu oyat borasida tafakkur qiling! Chunki, u ham boshqa oyatlar kabi tafakkurga chorlovchidir.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam asaldan tayyorlangan sharbat ichar edilar.
Asalari hasharotlar ichida ozuqa uchun gul shirasi (nektar) yig‘adigan yagona jonzotdir. Asalarini ko‘pchilik faqat asal ishlab chiqaradi deb o‘ylaydi. Aslida asal ishlab chiqarish uning vazifalaridan biridir. Bundan tashqari u gullarni, o‘simliklarni changlatuvchi ham hisoblanadi. Asalarining ishtirokisiz ko‘plab o‘simliklar meva bermaydi.
Asalari xuddi chumoliga o‘xshab ijtimoiy hasharotdir. Uning tuzilishi, ish faoliyati va mehnatining mahsuli aqlni lol qoldiradigan darajadadir.
Hayvonlardagi tabiiy sezgi juda murakkab holatdir. Lekin bu kasbiy emas. Ya’ni bu sezgi hayvonlarning o‘z kuchi, mehnati evaziga shakllangan emas, balki Alloh taolo tarafidan in’om etilgan vahbiy holatdir.
Asalari bir tomchi shira yig‘ish maqsadida mingdan ortiq gullarga qo‘nadi. U gulga qo‘nib nektarni so‘rib bo‘lgach, o‘zidan bir belgi qoldiradi. Toki uning sheriklari o‘sha gulga qo‘nib, nektar izlab vaqtlari ketmasin.
Asalari yuz gramm nektar yig‘ish uchun milliontacha gulga qo‘nadi. Bir kilogramm asal to‘plash uchun esa asalari taxminan bir necha yuz ming kilometr masofani bosib o‘tadi. Bu esa Yer shari atrofini taxminan o‘n marta aylanib chiqishga tengdir.
Yuksiz asalari uchayotgan paytda tezligi soatiga 65 kilometrga yetadi. Agar nektarni ko‘tarib olgan bo‘lsa, u holda uning tezligi soatiga 30 kilometrga pasayadi. Asalari olib ketayotgan nektarning og‘irligi tanasining uchdan biriga teng keladi. Bu bir tonnalik mashina 300 kilogramlik yukni olib ketyapti deganidir.
Yuqorida aytganimizdek, bir kilogram asal ishlab chiqarish uchun kichik va mehnatkash hasharot – asalari bir necha yuz minglab, taxminan 400 ming kilometr masofani bosib o‘tadi.
Ba’zi sanoat sohasida rivojlangan mamlakatlar homashyolarni boshqa qit’alardan oladi. Kemalar ortga qaytayotganda, shu kemaning o‘zida mazkur homashyoni qayta ishlash jarayoni o‘tkaziladi. Men Yaponiya haqida bir maqola o‘qigandim. Unda aytilishicha, Yaponiya zanglamaydigan po‘lat eksporti bo‘yicha yetakchi mamlakatlardan biri bo‘lishiga qaramay, ularda mutlaqo homashyo yo‘q ekan. Ular homashyoni Avstradiyadan olib, ortga qaytayotgan kemalarda homashyoni qayta ishlash bo‘yicha murakkab jarayonlar o‘tkazar ekanlar. Keyin ushbu qayta ishlangan mahsulot sanoat korxonalariga topshirilar ekan.
Asalari nektarni olib, iniga qaytar ekan, yo‘lda nektarni asalga aylantirish bo‘yicha o‘ta murakkab kimyoviy amaliyotlarni bajarar ekan. Iniga yetib borgach, qayta ishlov berilgan mahsulot yana qayta ishlanib, sof asal holiga keltiriladi.
Bahor kelib, gullar qiyg‘os ochilgan paytlarda nektar yig‘uvchi arilar o‘zidagi yukni boshqa ariga topshirib, yana darhol nektar yig‘ishga jo‘nab ketar ekan. Asalarilar orasida uzoqqa ucholmaydigan zaiflari bo‘ladi. Ular mehnatkash do‘stlarining yiqqan nektarlarini qabul qilib olib, inga yetkazar, uni inga olib kirib, munosib joyga joylashtirar ekan.
Asalarilar oilasida malika ari bo‘ladi. U boshqalardan hajmining kattaligi bilan ajralib turadi. Malika asalari bahor faslida har kuni mingtadan to ikkimingtagacha tuxum qo‘yadi. Aqlni lol qoldiradigan hodisalardan yana biri shuki, ushbu malika ari malika arichalarni bir joyga, erkak arichalarni yana bir o‘ringa, urg‘ochi arichalarni esa boshqa joyga tuxum shaklida qo‘yar ekan.
Urg‘ochi arilar orasida malikaga xizmat qiladigan, unga taom keltirib turadigan “oqsoch” arilar ham bor ekan. Ba’zi arilar malikalariga shohona taom sifatida gul changi yig‘ib keladilar. Agar malika ari o‘lsa, inda tartibsizlik va zaiflik yuzaga keladi. Malika asalari insonni chaqmaydi. Erkak asalarilarning vazifasi – malikalarni urug‘lantirish, urg‘ochi asalarilarning vazifasi xizmat qilish, malikaning vazifasi tuxum qo‘yishdir.
Bularning hammasi Alloh taoloning azamatiga dalolat qiluvchi mo‘jizalardir. Alloh taolo asalarilarni yuksak darajada o‘zaro yordamlashib, tartibli, samarali mehnat qilib yashaydigan jamoa etib yaratdi. Shuning uchun asalarilar jamoasida buzg‘unchilik, talofot yetkazish degan narsalar kuzatilmaydi. Bu jamoa bir maqsad yo‘lida birlashgan, jips jamoadir. Jamoa rahbari bo‘lgan malika asalari bilan biror masalada hech kim tortishmaydi. Jamoadagi har bir asalari malikaning maxsus moddasidan uning shu yerdaligi his qilib turadilar. Chunki ushbu moddani maxsus xizmatchilar har bir uyaga yetkazib turadilar.
Yuqorida aytganimizdek, agar malika o‘lsa, uyada tartib-intizom buzilishi sodir bo‘lib, bekorchilik tarqaladi va ishlar to‘xtaydi. Ba’zi paytlarda malika yo‘q bo‘lsa, o‘rniga uning o‘rinbosari yoki “valiahdi” jamoani boshqarib turadi.
Urg‘ochi asalarilar juda ko‘p vazifalarni bajaradilar. Ularning umriga, jismoniy tuzilishiga qarab ish taqsimlanadi. Ular orasida yosh arichalarga qaraydigan “enaga”lar, “tarbiyachi”lar, uyaga suv tashib keladigan urg‘ochilar, uyani yoz fasliga tayyorlaydigan, qishda uyani ilitadigan, in quruqshab qolsa, namlantiradigan, uyani tozalaydigan, uning devorlarini maxsus moddalar bilan yaltiratadigan arilar ham bo‘ladi.
Shuningdek, uyani dushmandan himoya qiladigan qo‘riqchi arilar ham bo‘lib, ular inga kirmoqchi bo‘lgan asalaridan maxfiy so‘z (parol)ni so‘rar ekanlar. Agar aytsa, uyaga kirishga ruxsat berar, aytmasa, uni o‘ldirar ekanlar. Zarurat tug‘ilgan paytda maxfiy so‘z boshqasiga almashtirilar ekan.
Ba’zi asalarilar mumni olti burchakli qilib yasash ishlari bilan shug‘ullanadilar. Bu shakl mukammal hisoblanib, orasida bo‘sh, g‘ovak joylar qolmaydi. Asalarilar mumni olti burchak qilishda shu darajada aniqlik bilan ish olib boradilarki, kataklarning biri ikkinchisidan millimetrning o‘ndan birichalik ham farq qilmaydi.
Yana shunday asalarilar borki, ularning vazifasi – gullar joylashgan makonlarni aniqlashdir. Gullar makonini topishgach, darhol uyaga qaytib, tanalarining orqa tarafini qimirlatib, maxsus raqsga tushishadi. Bu raqs boshqa ishchi asalarilarga gullargacha qancha masofa borligini, ularning miqdorini va yo‘nalish qaysi tarafdaligini ko‘rsatadi. Agar “razvedkachi” asalari dum tarafini tezroq qimirlatsa, u bepoyon gulzor topganidan dalolatdir.
Uyadagi ichshi asalarilar olib keladigan nektar asal uchun homashyodir. Nektar yig‘ish uchun o‘nlab kilometr uzoqliklarga uchib ketgan asalari yana uyasini aniq topib qaytib kelishining siri haligacha aniqlanmagan.
Asalarilar imkon qadar qisqa vaqt ichida ko‘proq nektarni tashib keltirish va saqlash bo‘yicha eng samarali hasharotlardir. Shuningdek, o‘simliklarni changlatish bo‘yicha ham eng ko‘p xizmat qiladigan jonzotlar shulardir.
Alloh taolo yuqoridagi oyatda “Unda odamlar uchun shifo bordir” deb marhamat qilgan.
Asalda shifo uchun yetmish to‘rttadan ko‘proq turdagi kerakli moddalar bor.
Damashqda ishlaydigan bir jarrohni bilaman. U har safar jarrohlik amaliyotini yakunlagach, tikilgan joy tezroq bitishi uchun jarohat ustiga asaldan ip qo‘yadi.
Bugungi kunda do‘konlarda sotilayotgan turli ichimliklarning ko‘pida zarracha tabiiy modda yo‘q. Hammasi kimyoviy moddalar bilan to‘lgan.
Ba’zi asal yetishtiruvchilar uya yoniga quyoq shinni qo‘yadilar. Asalari uni shimib, o‘shandan asal tayyorlaydi. Ammo bu asalning ozuqaviy va tibbiy foydasi u qadar ko‘p emas. Insonga har tomonlama foydasi ko‘proq bo‘lgani gul nektari asosida olingan asaldir.
Asal insoniyat uchun ham ozuqa, ham shifodir.
Bir guldan nektar so‘rib bo‘lgach, sheriklari ovvora bo‘lmasligi uchun unga belgi qo‘yishni asalariga kim o‘rgatdi?! Uzoq masofaga uchib ketgan jonzotga yana adashmay o‘z inini topib kelishni kim ta’lim berdi?! Albatta, Buyuk Musavvir bo‘lgan Alloh taolo o‘rgatgandir!
So‘zimizni ushbu oyat bilan yakunlasak:
هَذَا خَلْقُ اللَّهِ فَأَرُونِي مَاذَا خَلَقَ الَّذِينَ مِن دُونِهِ بَلِ الظَّالِمُونَ فِي ضَلَالٍ مُّبِينٍ
“Bu Allohning yaratganidir. Qani menga ko‘rsating-chi, Undan boshqalar nimani yaratdilar. Yo‘q! Zolimlar ochiq-oydin adashuvdadirlar” (Luqmon surasi, 11-oyat).
Alloh taolo barchamizni Qur’on oyatlarini o‘qib, tadabbur qilib, yaratgan maxluqotlari xususida tafakkur qilishimizni va iymonimiz nuri yanada ziyoda bo‘lishini nasib etsin, omin!
Doktor Muhammad Rotib Nabulsiyning mav’izalari asosida Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Shayx Nadim Jisr 1956 yili Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilib bo‘lgach, olam-olam taassurotlar bilan yurtiga qaytib ketadi. Zotan, u ishonchlilik jihatidan Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turuvchi asar – “al-Jome as-Sahih”ning muallifi, mo‘minlarning hadis ilmidagi amiri degan sharafli maqom egasi bo‘lmish Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qilishdek baxtga musharraf bo‘lgan edi. Uning bu tarixiy ziyorati haqida yozgan adib Xurshid Davron maqolasini quyidagi satrlar bilan yakunlaydi: “Vataniga qaytgan Shayx Nadim ¬Jisr yana uzoq yillar muftiy bo‘lib xizmat qiladi, talay kitoblar tasnif etadi. U Imom Buxoriy marqadiga qilgan safari haqida biron nima yozganmi-yo‘qmi, afsuski, bexabarmiz”.
Ulug‘ muhaddisga bag‘ishlangan asar
Adibning mazkur satrlari bizni Shayx Nadim Jisrning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishishga undadi. Izlanishlar natijasida ayon bo‘ldiki, u Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilib qaytganidan so‘ng “Imon qissasi: falsafa, ilm va Qur’on o‘rtasida” nomli asarni yozgan. Bu asarning birinchi nashri 1961 yilda, ikkinchisi 1962 yilda va uchinchisi 1969 yilda dunyo yuzini ko‘rgan. Unda Shayx Nadim Jisr Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilishi asnosida uning vujudini chulg‘ab olgan ruhiy kechinmalar ijodiy obrazlar – Shayx Mavzun Samarqandiy va shogirdi Hayron ibn Az’af Panjobiy o‘rtasidagi falsafiy muloqot tarzida bayon qilingan. Ulamolar fikricha, bu asar arab islom olamini mahv etishga qaratilgan dahriylik to‘lqiniga qarshi kurashishning ilmiy-falsafiy loyihasi sifatida yozilgan.
Mazkur asardagi Imom Buxoriy qabrining ziyorati bilan bog‘liq sahifalarni e’tiboringizga havola etmoqchimiz.
Bolalik xotiralar
Bolalik yillarim shahrimizdagi Taynol masjidida o‘tgan. U shaharning chekkasidagi xushbo‘y va maftunkor bog‘larimizdan birining ichida joylashgan. Mening bolalik xotiralarim bilan bog‘liq qadrli onlar aynan o‘sha yerda o‘tgan.
U yer menga hayit kunlarining salqin tonglarini eslatib turadi. O‘sha kezlarda otam quyosh chiqishidan oldin meni ergashtirib, masjid yonida joylashgan qabristondagi marhumlarimizni ziyorat qilishga olib chiqar, keyin masjidda iyd namozini o‘qir edi. O‘shanda men masjid hovlisidagi quduq va hovuz o‘rtasida joylashgan daraxt tagida o‘ynar edim. Otam bir guruh qariyalar qurshovida o‘z xonasida o‘tirar, ular uning so‘zlariga quloq solib turar edi. Ana u qo‘shaloq zinapoyali minora ham menga bir nimalarni eslatib turadi... biz masjid hovlisi tarafdan kirib unga ko‘tarilar va bir zumda o‘zimizni haramning ichida ko‘rar edik.
Bu masjid menga allaqachon vafot etib ketgan va qalbimning tubini ezib turadigan davomli xafalikni qoldirgan ana shu kishilarning barchasini eslatib turadi. Shu bois qachon Taynol masjidiga qaytsam, bu xotiralar temir va olovli panjalari bilan mening ezilgan qalbimni yana tirnay boshlaydi.
Kunlar, kunlar ortidan yillar o‘tdi. Biz mahallamizdan uzoqlashdik, masjiddan olislarga ketdik. Borib-borib, shaharni butunlay tark etdik. Uzoq yillik musofirlikdan so‘ng yana unga qaytdik. Taynol masjidiga bo‘lgan sog‘inchim meni u tomonga yetaklab keldi. Bir kuni choshgoh vaqti namozxonlar yo‘qligida masjidga keldim. Bolaligimda o‘ynab o‘tkazgan joylarni aylanib chiqdim. O‘tmish xotiralarimning barchasini ko‘z oldimdan o‘tkazdim va... uzoq yig‘ladim.
Xartanglik musofir
Jimlik qa’riga g‘arq bo‘lib, masjidning viqorli minoralaridan taralayotgan yig‘iga o‘xshash ovoznigina eshitib turar ekanman, banogoh masjidning sharqiy qismida joylashgan xona ichidan bir ovoz keldi. Keyin xonaning eshigidan soch-soqoli oppoq, ko‘rinishi salobatli, sipo kiyingan bir qariya chiqib, mening oldimga keldi. Salom bergach, yonimga o‘tirdi va “Birodar, nega yig‘layapsiz?” dedi. Men: “Otamning davrida mana shu masjid ichida o‘tgan bolalik yillarimni eslab”, dedim. U: “Otangiz kim?” dedi. Men otamning ismini tilga olar-olmas uning badani titrab ketdi. Ko‘z yoshlarga to‘la nigohlari bilan menga tikilib qaradi va: “Otangiz Shayx Jisrmi?” deb so‘radi. Men: “Ha. Hazrat, o‘zingiz kimsiz?” dedim. U bunday dedi: “Men aslida uzoqdan – Misrdan kelganman. Yarmi Shom diyoriga, yarmi Hijozga tarqalib ketgan “Oli Moiy” qabilasidanman. Taqdir bobomni Hijozdan Hindistonga yetaklab kelgan va u shu yerda yashab qolgan. Ismim Hayron ibn Az’af Panjobiy”. Men: “Hindistondan bu yerga nima uchun keldingiz?” dedim. U: “Men Hindistondan kelmadim, Samarqanddan, to‘g‘rirog‘i Samarqanddagi Xartang qishlog‘idan keldim”, dedi. Men: “Shuncha olis yerdan bizning diyorimizga nima uchun keldingiz va bu masjidda istiqomat qilib turganingizga sabab nima?” dedim. U: “Otangizni ziyorat qilish uchun yurtingizga bir kirib o‘tay dedim”, dedi. Men unga hayrat bilan tikilib qoldim. Chunki otam ancha yillar oldin vafot etib ketgan edi. U bunday dedi: “Hayron bo‘lmang. Men Hijozga ketayotib, uning qabrini, shayxim menga ta’riflab berib va otangiz unda dars berganini aytib suyukli qilib qo‘ygan mana shu masjidni ham ziyorat qilish uchun keldim. Namozxonlar menga otangiz o‘zining xos xonasi qilib olgan mana shu xonani ko‘rsatishdi. Bu masjid hayotimning eng totli va qadrli onlari o‘tgan “Xartang” masjidiga juda o‘xshab ketar ekan. Shu bois shayximni Alloh yo‘liga boshlab qo‘ygan kishi yashagan mana shu joyda haj mavsumi boshlanguncha bir necha kun qolib, Allohga ibodat qilishni ixtiyor qildim”.
Men: “Xojam, shayxingiz kim?” dedim. U: “Samarqand ulamolaridan Shayx Abu Nur Mavzun rahimahulloh”, dedi. Men: “Kunlaringizni ibodat bilan o‘tkazyapsizmi?” dedim. U: “Hozir ha, ammo oldin zalolatda yurgan vaqtim va qanday qilib imon keltirganim haqidagi qissani yozayotgan edim. Uni menga shayxim Mavzun aytib turgan. Otangiz rahimahullohni shu orqali taniganman”, dedi. “Zalolatda yurgan va imonga kelgan kunlaringiz haqidagi hikoya nimalardan iborat?” dedim. “Buning tarixi uzun, Xudo oson qilsa, uni odamlar o‘qishi uchun nashr qildiraman”, dedi.
U shunday dedi-yu, qabrlari bor xonaga kirib ketdi. Birozdan so‘ng katta bir daftarni olib chiqib, oldimga qo‘ydi: “Bu – shayx Mavzun aytib yozdirgan gaplar, men unga biron bir qo‘shimcha qo‘shmagan holda chiroyli qilib ko‘chirib chiqdim”. “Bu katta kitob ekan. Uni o‘qish uchun uyimga olib borib, ikki kundan keyin sizga qaytarib bersam maylimi?” dedim. U: “Turkchani bilasizmi?” dedi. Men: “Ha, uni juda yaxshi bilaman”, dedim. U: “Bu kitobim mendan sizga hadya. Unda otangizning kitobidan qisqartirib olishni rejalashtirgan mavzu, shuningdek, zalolatda yurgan va imonga kirgan kunlarim bilan bog‘liq tafsilotlar barchasi bayon qilingan. Uni olib arab tiliga tarjima qiling, chop ettirib odamlarga tarqating. Buning uchun sizdan haq so‘ramayman. Ammo ulug‘ Allohdan so‘raganim shuki, bu ishimni O‘zining roziligi uchun xolis qabul etsa va odamlar uchun foydali qilsa. Vafot etib, amallarim to‘xtaganidan so‘ng menga ham foydasi tegadigan bir amal bo‘lsa...”.
Imom Buxoriy ziyorati
Boyagi odam bir necha kundan so‘ng Hijozga safar qildi. Men esa kitobni tarjima qilishga kirishdim va bu bir necha yil davom etdi. Keyin zamona zayli bilan Toshkentga safar qiladigan bo‘lib qoldim. Eng buyuk maqsadim – Imom Buxoriy roziyallohu anhuning qabrini ziyorat qilish, undan so‘ng Hayron ibn Az’af bilan uchrashib, tarjima qilingan kitobni uning o‘ziga ko‘rsatish edi. Bu ishda menga mamlakatning eng katta muftiysi, otamning do‘stlaridan biri bo‘lmish solih, obid, zohid va avliyo zot Boboxon rahimahullohning o‘g‘li oliyjanob va muruvvatli zot Shayx Ziyouddin yaqindan yordam berdi. U Xartangga borish haqidagi niyatimni bilgach, Samarqandga, u yerdan Xartanggacha menga hamrohlik qildi.
O‘sha yerda masjid xodimidan surishtirib bildimki, Hayron ibn Az’af haj ibodatini ado qilish uchun Makkaga jo‘nab ketgan va o‘sha yerlarda qazo qilgan. Biz Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qildik. Marqadi ustida bir muddat tik turib qoldik. Yon-atrofga boqib, masjidning Hayron rahimahulloh menga ta’riflab berganidek Taynol masjidiga o‘xshab ketadigan jihatlari borligiga guvoh bo‘ldim: Bog‘-rog‘lar ichida bir o‘zi qad rostlab turibdi. Imom Buxoriyning qabri kichkina bog‘ ichida, soyali daraxt tagida o‘z holicha ajralib turibdi... atrofi o‘ralmagan, hech qanday bezak berilmagan va suvalmagan.
Men Hayron va ustozi dars o‘qigan kichkina xonaga kirdim. Ko‘rdimki, uning o‘zi menga ta’riflab berganidek, u Imom Buxoriyning qabriga qarab solingan edi.
Shayx Nadim orzu qilgan majmua
Taniqli adibimiz Shayx Nadim Jisrning Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilishi haqidagi maqolasini “U Imom Buxoriy marqadiga qilgan safari haqida biron nima yozganmi-yo‘qmi, afsuski, bexabarmiz”, deb tugatganidek, bizda ham, afsuski, javobsiz bir savol paydo bo‘ldi: Shayx Nadim Jisr hozir hayot bo‘lib, Imom Buxoriyning muborak qabrini ziyorat qilish uchun kelganida, bugungi holatni ko‘rib nima degan bo‘lar edi? Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tarafidan ilgari surilgan tashabbus – Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan maskan uning islom olamidagi mavqeiga munosib bo‘lishi zarur, degan maqsad ortidan qad ko‘targan mahobatli majmuani ko‘rib, qanday holatga tushar edi? O‘zi ta’riflaganidek, 1956 yillarda “kichkina bog‘ ichida, soyali daraxt tagida o‘z holicha ajralib turibdi... atrofi o‘ralmagan, hech qanday bezak berilmagan va suvalmagan”, xullas, tashlandiq holga kelib qolgan qabr va u bilan tutash maskanda bunyod etilgan ulkan ziyoratgohni, balki kattayu kichik ziyoratchilar uchun ilm-ma’rifat, tarbiya va ma’naviyat maskaniga aylantirilganini ko‘rib, uni e’tirof etgan bo‘lmasmidi?
Alouddin NЕ’MATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.