Ota-ona haqiga duo qilish.
“Ey, Rabbimiz! Hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va (barcha) mo‘minlarni mag‘firat qilgin!” (Ibrohim surasi, 41-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson vafot etgach amallari to‘xtaydi. Faqat unga uch narsadan savob yetib turadi: sadaqai joriya, foydali ilm, uning haqiga duo qiluvchi solih farzand” (Imom Buxoriy rivoyati).
Sufyoni Savriy aytadi: “Mayyitlar duoga tiriklar taom, ichimlikka muhtoj bo‘lganlaridan ham muhtojroqdirlar”.
Ota-ona qabrini ziyorat qilish.
Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ota-onasi yoki ulardan birining qabrini har juma kuni ziyorat qilib, “Yosin” surasini tilovat qilib, uning savobini ularga bag‘ishlasa, suradagi har bir harf adadicha Alloh taolo ularning gunohlarini mag‘firat qiladi”, dedilar (Imom Daylamiy rivoyati).
Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘liklaringizga “Yosin” surasini tilovat qiling”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Imom Navaviy rahmatullohi alayhi qabrni ziyorat qiluvchi Qur’oni karimni tilovat qilgandan so‘ng ushbu duoni o‘qishi lozimligini ta’kidlaydi: “Allohumma avsil savaba ma qara’tuhu ila “fulan” (Allohim, ushbu o‘qigan Qur’on tilovatidan hosil bo‘lgan savobni (mayyitning ismi zikr etiladi) ...ga yetkazgin).
Ibn Hojar Haytamiy rahimahulloh: “Mayyitning haqiga Qur’oni karimdan tilovat qilib, uning savobini bag‘ishlash bilan birga, mayyit haqiga Allohning rahmat va mag‘firatini ham so‘rab duo qilish qabrlarni ziyorat etishdan ko‘zlangan asosiy maqsaddir”, degan.
Ota-ona haqiga istig‘for aytish.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Mayyitning vafotidan keyin darajasi ko‘tarildi. Shunda u: “Yo Robbim! Bu nima?” dedi. “Bolang senga istig‘for aytdi”, deyildi.
Muhammad ibn Sirriyn aytadilar: “Kunlarning birida Abu Hurayra roziyallohu anhuni: “Allohim! Onamni va meni hamda onamga va menga istig‘for aytganlarni mag‘firat qilgin” deyayotganini ko‘rdik. Shundan beri Abu Hurayraning duosidan umidvor bo‘lib, unga va onasiga mag‘firat so‘raydigan bo‘ldik”.
Ota-ona nomidan sadaqa qilish.
Onamiz Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir odam kelib: “Yo Allohning Rasuli, onamning joni birdan chiqdi. Vasiyat qila olmadi. O‘ylaymanki, agar gapirsa, sadaqa qilar edi. Uning nomidan sadaqa qilsam, unga savobi yetadimi?” deb so‘radi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Nasoiy rivoyati).
Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh onam vafot etdi. Onamning nomidan biror narsa sadaqa qilsam bo‘ladimi? Qaysi sadaqa afzal?” deb so‘radim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarga suv ulashish”, dedilar. (Imom Nasoiy rivoyati).
Ota-onaning do‘stlari va yaqinlarini hurmat qilish.
Abu Usayd roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir odam: “Yo Allohning Rasuli! Men uchun ota-onamga ular dunyodan o‘tgandan keyin qiladigan yaxshilik qoldimi?” deb so‘radi. “Ha! To‘rt xislat qoldi: Ularga duo qilish. Ularga istig‘for aytish. Ularning ahdiga vafo qilish. Ularning do‘stlarini va ularsiz silai rahm bo‘lmaydigan kishilarni ikrom qilish”, dedilar».
«Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!» (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo barchamizga ota-onamiz tiriklik vaqtida ularga yaxshiliklarni qilib, roziliklarini topib, duolarini olishga tavfiq ato etsin. O‘tganlaridan keyingi haqlarini ham ixlos bilan ado etishga muyassar qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhabbat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.
Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayotidagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qondirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat barqarorligini ta’minlashdir.
Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.
Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.
Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinchligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fidoyilik ko‘rsatishi lozim.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).
Bu oyat nikohdagi juftlarning bir-biriga muhtojligi va ular o‘rtasidagi yaqinlikni ta’riflaydi.
Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqibatida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayotiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.
Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning boshqa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.
Kechira olish – go‘zal fazilat, dinimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqazishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.
Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.
Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.
Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mustahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi