Alloh ta’alo Kalomi sharifida marhamat qiladi: “Darhaqiqat, (Biz) odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizda (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik, hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan afzal qilib qo‘ydik”. Isro surasi 70-oyat.
Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.) Ka’bapo‘shga osilib, ushbu baytning hurmati gunohlarimni mag‘firat qilishingni so‘rayman deb duo qilayotgan kishini eshitib, shunda Ey Allohning bandasi o‘zingni hurmatingdan so‘ragin, albatta, mo‘minning hurmati Allohning nazdida bu baytning hurmatidan ulug‘ dedilar”.
G‘iyosiddin kichkina Alisher Navoiyga: “Ey o‘g‘lim, Ibrohim (a.s.) Ka’bani bino qilib, mag‘rurlanib qarab turganlarida, g‘oibdan bir yalang‘ochniki kiyintirdingmi?, bir ochniki qornini to‘ydirdingmi? buncha mag‘rurlanasan degan ovoz kelibdi dedilar.
Abdurahmon Jomiy aytadilar:
Ka’baning bunyodkori Ibrohim (a.s.)dir.
Ko‘ngil ka’basining yaratuvchisi Alloh ta’olodir.
Alisher Navoiy aytadilar:
Kimki bir ko‘ngli buzuqni xotirin shod aylagay,
Oncha borkim Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay.
Ko‘ngli yarim, dilxasta, xojatmandni hursand qilish, agarchi Ka’ba vayron bo‘lgan bo‘lsa, uni obod qilgandan yaxshiroq savobdir.
Bir mo‘minni dilini og‘ritish, ko‘nglini qoldirish, obro‘sini to‘kish, Ka’bani vayron qilgandan ham kattarok gunohdir.
Abu Said Xudriy (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.) Qaysi bir mo‘min och birodariga taom yedirsa, Alloh ta’olo unga qiyomat kuni jannat mevalaridan yediradi. Qaysi bir mo‘min chanqagan birodariga suv bersa, Alloh ta’olo qiyomat kuni unga Rohiq ul-maxtumdan ichiradi. Qaysi bir mo‘min kiyimi yo‘q mo‘minga kiyim kiydirsa, Alloh ta’olo unga jannatning ko‘m-ko‘k liboslaridan kiydiradi dedilar”.
Ahmad Yassaviy aytadilar:
Qutilarsan Haq yo‘linda jon bersang,
Hulla bo‘lar bir g‘aribga to‘n bersang,
Soya bo‘lar bir muhtojga non bersang,
Bir ochni to‘ydirmoq Hajdir yoronlar!
Ummatning ilm dengizi deb nom olgan zot Abdulloh ibn Abbos (r.a.) aytadilar: “Musulmon oilani bir kun, bir hafta yoki Alloh ta’olo xohlaganicha taomlantirish men uchun haj ketidan haj qilgandan yaxshiroq”.
Alisher Navoiy aytadilar:
Ka’baki, olamning o‘lub qiblasi,
Qadri yo‘q, andoqki, ko‘ngil ka’basi.
Olamning qiblasi bo‘lgan ka’baning ko‘ngil ka’basichalik qadri yo‘q.
Toshkent shahar Shayxontoxur tumani
“Obidxon Maxdum” masjidi imom-xatibi
Atamurodov Abdujalil