O‘MI Matbuot xizmati
Yurtimiz ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutayotgan "Marg‘ilon allomalari" rukni ostida chop etilayotgan kitoblar turkumi yana bir qimmatli asar bilan boyidi. Marg‘ilon shahri «Robiya hoji ona» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh domla Fayzullayev muallifligida tayyorlangan turkumning 15-qismi nashrdan chiqdi.
Yangi kitob «Habibinga yetkur mani yoki Muhammadumar G‘urbatiy na’tlari» deb nomlanib, unda Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan cheksiz muhabbat ifodalanadi.
Ma’lumki, Rasululloh alayhissalomga muhabbat – iymonning asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Mo‘min qalbi u zotni chin dildan yaxshi ko‘rmas ekan, iymonning to‘liqligi va kamolini tasavvur etib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bunday asarlar har bir musulmonning qalbida Payg‘ambarimizga bo‘lgan muhabbatni yanada mustahkamlaydi.
Ushbu kitob XIX asrda yashab ijod qilgan fazilatli ulamo, tasavvuf ilmi bilimdoni va oshiq shoir Muhammadumar G‘urbatiy qalamiga mansub na’tlardan iborat. Undagi har bir satri Payg‘ambar alayhissalomga bo‘lgan ishq va muhabbatni tarannum etadi. Bu esa o‘quvchi qalbida muhabbat ruhini kuchaytirish, Rasulullohni yaqindan anglash va u zotga cheksiz sadoqatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu kitobning aynan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak tavallud oylarida nashr yuzini ko‘rishi xalqimiz uchun katta tuhfa bo‘ldi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati