Shu kunlarda O‘zbekiston milliy kutubxonasi delegatsiyasi AQSHda bo‘lib, bir qancha yirik kutubxona muassasalari faoliyati bilan tanishmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar sohasidagi aloqalar ham yangi bosqichga chiqmoqda. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi va AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi o‘rtasida imzolangan memorandum asosida mamlakatimiz kutubxonachilari shu kunlarda AQSHda axborot-kutubxona faoliyatidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda.
AQSH Davlat departamenti har yili dunyo bo‘ylab 5 mingga yaqin mutaxassislarni “Yetakchilar uchun xalqaro mehmonlar dasturi” asosida tajriba almashish va malaka oshirishga taklif etadi. Kutubxonachilarimiz Vashington, Portlend, Ayova, Buffalo shaharlaridagi davlat va jamoatchilik kutubxonalari, oliy ta’lim muassasalarida kutubxonachilar tayyorlaydigan fakultetlar, arxiv, muzey kabi muassasalar ish faoliyati bilan tanishmoqda.
AQSH Milliy kutubxonasi, ya’ni, Kongress kutubxonasining Afrika va Yaqin Sharq bo‘limida mamlakatimizga oid ko‘plab nodir manbalar saqlanadi. Buyuk ajdodlarimizning durdona asarlari Kongress kutubxonasining boyligi hisoblanadi. Jumladan, Burhoniddin Marg‘inoniy, Ahmad Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Ibn Sino kabi bobolarimizning g‘arb tamaddunida o‘ziga xos o‘rin tutgan asarlari mavjud.
–Joriy yilda Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat axborot-kutubxona markazi tashkil etilganiga 120 yil to‘ladi, –deydi mazkur axborot-kutubxona direktori Shohidbek Aslonov. – Bugungi kunda ushbu sanaga jiddiy hozirlik ko‘rmoqdamiz. Shu bois Ahmad Farg‘oniyning turli mamlakatlardagi asarlarini jamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. XIX asrgacha astronomiya ilmida asosiy darslik sifatida o‘tilgan “Samoviy jismlar harakati va umumiy ilmi nujum” kitobining 1493 yilda lotin tilida chop etilgan nusxasining elektron ko‘rinishi Farg‘ona viloyat axborot kutubxona markaziga taqdim etildi.
Shuningdek, xuddi shu kitobning 1669 yilda arab va lotin tilida chop etilgan va bugungi kunda kitobning asl nusxasi Ayova shtati universitetining kutubxonachilik ishlari va axborot texnologiyalari fakultetida saqlanib kelinayotir. Mazkur kitobni ham elektron ko‘rinishga o‘tkazib, Farg‘ona kutubxonasiga taqdim qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi.
AlQuranuz