“Ayting: “Osmonlar va Yerdagi narsalarga (ibrat nazari bilan) boqingiz!” (Yunus, 101)
Ulamolar, inson zoti uchun Alloh taolo tomonidan yaratilgan har bir narsada ibrat va tafakkur namunasi mujassamdir, odam bolasi ularni ko‘rganda fikr yuritib “ibrat nazari bilan boqmog‘i” lozim deyishadi.
Bizga tortiq qilingan ona zaminimiz Yer sayyorasi ham uncha katta bo‘lmagan yulduz – Quyosh atrofida aylanuvchi 8 ta sayyoradan biri bo‘lib, galaktikamizdagi yulduzlarning taxminiy soni esa 200-400 milliard atrofida deb baholanadi.
Astronom olimlarning ta’kidlashicha bizning galaktikamiz – Somon Yo‘li, spiralsimon galaktika tipiga kirar ekan. O‘z navbatida galaktikalarning ham bir nechta tiplari mavjud. Amerikalik olim Edvin Xabblning fikriga ko‘ra, koinotda elliptik, linzasimon, spiralsimon va noto‘g‘ri tipdagi galaktikalar bor.
Tadqiqotchilar Koinotning zamonaviy astronomik metodlar yordamida tadqiq qilish mumkin bo‘lgan qismini Metagalaktika deb ataydi. Uning o‘lchami va hajmi kuzatuv asboblarining imkoniyatlari kengayishi bilan ortib boraveradi.
Bugungi kunda Metagalaktikaning o‘lchami relikt nurlanish asosida aniqlangan va barcha yo‘nalishda 14 milliard parsek, sodda qilib aytganda 46 milliard yorug‘lik yiliga teng deb qaraladi. Ayni damgacha olimlar tomonidan aniqlangan Yerdan eng uzoqda joylashgan obyekt (2016 yil aniqlangan) GN-z11 galaktikasi hisoblanadi. Uning qizilga siljishi z=11,1 ga teng va bu taxminan 13,4 milliard yorug‘lik yiliga teng bo‘lgan masofa demakdir.
Mutaxassislarning fikricha zamonaviy teleskoplar mavjudligiga qaramasdan galaktikalarning aniq sonini aniqlash mushkul vazifa hisoblanadi, chunki biz Koinotning faqatgina biror bir kichik qisminigina to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatishimiz mumkin xolos. Bazi olimlarning so‘ngi ma’lumotlariga qaraganda Koinotdagi galaktikalarning soni taxminiy 100-200 milliardga yetadi.
Germaniyada superkompyuter yordamida o‘tkazilgan tajribalar asosida aniqlangan qiymat esa yanada kata – 500 milliard! Tabiiyki, bu raqamlar absolyut aniq emas, balki taxminiy raqamlardir.
Shu o‘rinda tabiiy bir savol tug‘iladi: olimlar galaktikalar sonini qanday aniqlashadi? Gap shundaki, Xabbl kosmik teleskopi kabi kuchli teleskoplarda Koinotning ma’lum bir qismi chuqur o‘rganiladi. Buning uchun Xabbl teleskopi tanlangan joyga yuzlab soatlar davomida qaratilib, Koinotning ushbu qismiga “chuqur” kirib boradi. Shu yo‘sinda olingan tasvirlar asosida galaktikalaring umumiy soni taxminan aniqlanadi. Katta ehtimollik bilan aytish mumkinki, Koinotdagi galaktikalarning ko‘pchiligi karlik (mitti) galaktikalar hisoblandi. Masalan, Mahalliy galaktikalar to‘dasiga kiruvchi galaktikalardan 3 tasi yirik spiralsimonlardir: Andromeda, Somon Yo‘li va Uchburchak. Qolgan barchasi karlik va noto‘g‘ri galaktikalardir.
Demak, bugungi kunda kuzatiladigan galaktikalarning umumiy soni biz qo‘llayotgan zamonaviy teleskoplarning kuchiga judayam bog‘liq bo‘lib, agar kelajakda kuzatuv asboblari yanada takomillashsa, Koinotdagi biz kuzatishimiz mumkin bo‘lgan obyektlarning ham soni yanada oshishi aniq. Shuni inobatga oladigan bo‘lsak, galaktikalarning soni ham 500 milliarddan ancha ko‘pligiga shubha yo‘q.
Aslida 500 milliard galaktika ham yetarli darajadan ortiq. Masalan, agar siz ularni sanab chiqaman desangiz “non-stop” rejimida taxminan 15845 yil (tasavvur qiling, eramizdan avvalgi so‘ngi tosh davridan boshlab hozirgacha) vaqt sarflashingizga to‘g‘ri keladi! Ya’ni o‘rtacha 80 yil umr ko‘radigan inson butun umrini to‘laligicha faqatgina galaktikalarni sanab chiqishga sarflagan taqdirda ham u bugungi kunda ma’lum bo‘lgan galaktikalarning 0,005 foizini sanashga ulgurardi, xolos.
Ushbu maqolani o‘qish jarayonida hayolingizdan beixtiyor shuncha yulduzlar, osmon jismlari va galaktikalar qanday qilib hech qanday vositasiz koinotda muallaq, bir-biriga urilmasdan turibdi va cheksiz adaddagi bu jismlarni kim yaratgan degan savollar kelishi mumkin. Bu savol soha olimlarini ham chuqur o‘yua toldirmoqda. Ta’kidlash joizki, yuqoridagi ma’lumotlar dunyoning eng rivojlangan davlatlaridagi eng zamonaviy tadqiqot markazlarida olib borilgan izlanishlar xulosasidir. Ammo, bundan qariyb bir yarim ming yil avval hech qanday teleskop va kompyuter bo‘lmagan davrda Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nozil bo‘lgan Kitob – Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Osmonlar va Yerdagi narsalar Uning mulkidir. Hamma(si) Unga bo‘ysunuvchidir. (U) Yeru osmonlarning Yaratuvchisidir. Biror ishni qiladigan bo‘lsa, (faqatgina unga) «Bo‘l!» desa, bas, u bo‘ladi. (Baqara, 116, 117)
Yana:
“(Odamlar) Uning ilmidan faqat (U) istagan miqdoricha o‘zlashtirurlar. Uning Kursiysi osmonlar va Yerni (ham) o‘z ichiga sig‘dira olur. U ikkisini muhofaza etish Uni toliqtirmas. U Oliy va Buyukdir”. (Baqara, 255)
“Osmonlar, Yer va ular o‘rtasidagi borliq ustidan hukmronlik faqatgina Allohga tegishlidir. Xohlagan narsani yaratadi, Alloh har narsaga qodirdir.” (Moida, 17)
“Yerda, xoh osmonda biror zarra miqdorida yoxud undan kichikroq narsa ham Rabbingizdan chetda qolmaydi, balki (u) aniq bitik (Lavhul-mahfuz)da bordir.” (Yunus, 61)
Endi Oli Imron surasining quyidagi ikki oyatiga e’tibor bering:
“Osmonlar va Yerning yaratilishida, tun va kunning o‘rin almashib turishida aql egalari uchun alomatlar bordir.” (Oli Imron, 190)
“Ular turib ham, o‘tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar (va duo qiladilar:) «Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni be-huda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan”. (Oli Imron, 191)
Mazkur oyatlarda Alloh taolo Osmonlar va Yerning nima sababdan yaratilgani va ular nima vazifani bajarishini ochiq-oydin bayon etmoqda.
Milliardlagan galaktika, undan ham ko‘p yulduzlar va hatto ona zaminimiz ham biz bandalarning aql yuritib, tafakkur qilib va natijada Alloh taologa itoat etmog‘imiz uchun yaratilgandir!
Maqolani internet manbalar asosida
Saidabror umarov tayyorladi
“IQNA” saytining “Maspero” nashriga tayanib xabar berishicha, Misr milliy matbuot tashkiloti rahbari, yozuvchi Ahmad al-Muslimaniy Misrdagi taniqli qorilarining fotosuratlari, qo‘lyozmalari, shartnomalari, yozib olingan qiroatlari va ularga tegishli bo‘lgan ashyolarni o‘z ichiga olgan “Qur’on qorilari muzeyi” tashkil etilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, muzey Qur’oni karim radio tarmog‘iga aloqador bo‘lib, unga “Maspero” radio va televideniye binosida maxsus joy ajratilgan.
Al-Muslimaniyning so‘zlariga ko‘ra, muzeyga eng ko‘zga ko‘ringan nufuzli Qur’on karim qorilarining oilalari bilan yangi muzey uchun qorilarga tegishli ashyolarni yig‘ish uchun munosabatlar o‘rnatilgan. Muzey taqdim etilgan ashyolar ko‘rgazmaga qo‘yilganidan keyin tartibga keltiriladi va ommaga tashkillashtirilgan tashriflar uchun faoliyatini boshlaydi.
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi