Ertangi kunimiz egalari bo‘lmish – yosh avlodni sog‘lom e’tiqod va qat’iyatli fikr egalari etib tarbiyalash, ularning dunyoviy bilimlari bilan bir qatorda diniy bilimlarini to‘g‘ri shakllantirib borish bugun har qachongidan ham dolzarb vazifaga aylangan. Chunki hozirgi globallashuv hamda hamda e’tiqod niqobi ostidagi qarama-qarshiliklarga to‘la murakkab davr kishini ogoh va ma’nan yetuk bo‘lishga undaydi.
Bu boradagi targ‘ibot tadbirlarida Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar ham faol ishtirok etmoqdalar. Viloyatda diniy soxa xodimlari uchun "Dushanba – ta’lim muassasalari bilan ishlash kuni" deb belgilangan.
Joriy yilning 21 yanvar kuni viloyatning Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Urgut, Payariq, Ishtixon, Jomboy tumanlarida ham shu kunlarda maktab o‘quvchilari bilan “Islomning ilm olishning fazilatlari”, Internetdagi tarmog‘idagi tahdidlar, “Islomda vaqtning qadri”, “Tinchlik-ulug‘ nemat” kabi mavzularda suhbatlar o‘tkazildi.
Ushbu uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchi yoshlarga musaffo islomni yetkazish, dunyodagi yagona najot ilmu-ma’rifatning insoniyatga zarurati, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi milliy o‘zligimiz, turmush va hayot tarzimizga mutlaqo zid bo‘lgan kiyinish va xulq-atvor ko‘rinishlaridan qaytarish, yoshlarga qaratilgan turli tahdidlar, diniy aqidaparastlikka yo‘naltirilgan ta’limotlaridan ogoh etishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi quruvchilarning fidoyi sa’y-harakatlari natijasida yakuniy bosqichda amalga oshirilmoqda. Bir vaqtning o‘zida “Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar” konsepsiyasi asosida 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar mutaxassislari, muzeyshunoslar, tadqiqotchilar, dizaynerlar kabi qator soha vakillari birlashib, kontentlarni tayyorlash ustida ham qizg‘in ish olib borishmoqda. Bugun Markaz rahbari, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov boshchiligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish uchun “Dolzarb 30 kunlik” e’lon qilindi.
Kun tartibidan 20 dan ortiq masala o‘rin olgan yig‘ilishda Markaz kontentini boyitish borasidagi ishlar, loyihalar ijrosi, tahlillar doirasida fikr va mulohazalar tinglandi. Shuningdek, so‘nggi bosqichlarda amalga oshirilayotgan ekspozitsiya loyihalarini jadallik bilan yakuniga yetkazish, kamchiliklarni bartaraf etish asosiy masala sifatida ko‘rildi.
Markaz rahbariyati va ilmiy kengash a’zolari tomonidan bugun Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari tarixi, madaniyati va hayot tarzini qamrab olgan “Vaqt devori” loyihasi doirasida yaratilayotgan oltita yirik barelef kompozitsiyasi, ularning umumiy vizual konsepsiyasi amaliy muhokamasida qayd etilgan kamchiliklar ham muhokama qilindi.
Davlat rahbari bildirgan ishonchni oqlash va topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida bekami-ko‘st bajarish uchun ekspozitsiyalardagi bu kabi loyihalarni yakuniga yetkazish maqsadida Kengash yig‘ilishida “Dolzarb 30 kunlik” e’lon qilindi. Bu davr mobaynida barcha loyihalarning yakuniy bosqichda amalga oshirilishini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
— Prezidentimizning buyuk g‘oya va tashabbusi atrofida bir maqsad yo‘lida olimlar, xalqaro mutaxassislar, dizaynerlar, rassomlar, muhandislar birlashgan. Markaz kontentini boyitish doirasida zimmamizga qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun barchamiz birdek yuksak mas’uliyat bilan ishlashimiz talab etiladi. Shu munosabat bilan "30 kunlik safarbarlik" e’lon qilishni taklif etaman, — dedi F.Abduxoliqov.
Kengash a’zolari va yig‘ilish qatnashchilari bir ovozdan bu taklifni qo‘llab-quvvatlashdi. Shuningdek, navbatdagi muhim masalalar bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati