O‘tgan kuni Jizzax shahri “Xo‘ja Nuriddin” jome masjidida eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan kishilar bilan diniy-ma’rifiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Tadbirda imom-xatiblar, otinoyilar va imkoniyati cheklangan kishilarning 120 nafari ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyati vakili Mehmon Jabborov va Diniy idora mas’ul xodimi Munira Abubakirova eshitish va gapirish qobiliyati cheklanganlar borasida yurtimizda olib borilayotgan keng kshlamli islohotlar va xayriya tadbirlari haqida so‘zlab berdilar.
Ma’lum bo‘lishicha, Jizzax shahrida eshitish va ko‘rish qobiliyati cheklangan shaxslar orasida missionerlar ta’siriga tushib qolish, o‘z dinlaridan voz kechish holatlari kuzatilgan. Shuningdek, yoshlar orasida missionerlar tomonidan turli adabiyot va risolalar tarqatish holatlariga guvoh bo‘lingan.
Dunyo miqyosida g‘oyaviy tahdid sifatida namoyon bo‘layotgan missionerlik faoliyat xatti-harakatlarini o‘z o‘rnida anglash, doimo ogoh bo‘lish va mazkur harakatni o‘z vaqtida bartaraf etish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanini anglash lozim.
Shu sababli, ushbu hududdagi diniy muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun diniy-ma’rifiy suhbatlar va surdo tarjimalari olib borildi. So‘zga chiqqan notiqlar asosiy maqsad imkoniyati cheklangan kishilarning dinimizni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash, bu boradagi ishtiyoqlarini qo‘llab-quvvatlash, Islom dinining insonparvar g‘oyalarini targ‘ib qilish va shu orqali yot g‘oyalarga barham berish ekanini ta’kidladilar. Shunday tadbirlar orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni tushkunlikdan asrash va jamiyatda fuqarolar tengligini ta’minlash ham ko‘zda tutilgani alohida qayd etildi.
Yakunda eshitish va ko‘rish qobiliyati cheklangan shaxslar o‘qilgan ma’ruzalardan Islom dini haqida zarur ma’lumotlar olganlari va missionerlarning kirdikorlarini yaqqol tushunib yetganlarini ma’lum qilishdi. Bunday tadbirlar davomiy bo‘lishini istashdi.
Tadbir so‘ngida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan mehr-muruvvat hadyalari tarqatildi. Jizzax shahridagi ko‘r, soqov, gung, jismonan nogironligi bo‘lgan kishilarning xonadonlariga borib sovg‘alar ulashildi.
Ushbu tadbirlarning muhim jihati shundaki, yuzlab ko‘ngli yarimta, qalbi o‘ksik kishilarimizga shodlik ulashildi, xonadonlariga xursandchilik kirib bordi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida: «Alloh taologa farzlardan keyingi eng sevimli amal musulmonning qalbiga xursandlik kirgizishdir», deganlar.
Eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan bunday insonlarning siniq ko‘ngillarini ko‘tarib, dillariga xursandchilik ulashish har bir vijdonli inson uchun huzurbaxsh amallardan ekaniga shubha yo‘q.
Munira ABUBAKIROVA,
O‘MI mutaxassisi
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati