Mushriklarning jabr-zulmi kuchaygach, musulmonlar Madinaga hijrat qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qizlari Fotima roziyalohu anho bilan Ummu Gulsum roziyalohu anhoni olib kelish uchun ishonchli sahobalarni Makkaga yubordilar. Shunday qilib, Fotima roziyallohu anho o‘n sakkiz yoshida Makka bilan vidolashdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Oisha roziyalohu anhoga uylanganlaridan keyin sahobalardan, Fotima roziyalohu anhoga sovchilar kela boshladi. Fotima roziyalohu anho otalarining xizmatlarida turgani bois sahobalar shu paytgacha bunga jur’at qila olishmagan edi. Avvalo, Hazrati Abu Bakr roziyalohu anhu va keyinroq Hazrati Umar roziyalohu anhu og‘iz soldilar. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam buyuk bir nazokat ila uzr bayon qildilar. Hazrati Umar roziyalohu anhu bu sharafni Hazrati Ali roziyalohu anhuga loyiq ko‘rib, taklifini unga aytdilar. Ammo Hazrati Ali roziyalohu anhu: “Hazrati Abu Bakr (roziyalohu anhu) va hazrati Umar (roziyalohu anhu)dek zotlarga rad javobini bergan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mening taklifimni qabul qilishlari mumkinmi?” degan andishada edi. Hazrati Umar roziyalohu anhu Hazrati Ali roziyalohu anhuni Nabiy alayhissalomning kuyovi bo‘lishga eng munosib zot ekanligiga ishontirdilar. Hazrati Ali roziyalohu anhu Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga bordilar. Ammo uyalganlaridan ziyorat sababini ayta olmadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Abu Tolib o‘g‘lining qanday ehtiyoji bor ekan?” dedilar. Bo‘lajak kuyov tortina-tortina gap boshladilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning qizlari Fotima (roziyalohu anho)ning qo‘lini so‘rab keldim”. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak chehralarida mamnuniyat hislari namoyon bo‘ldi. Ertasiga Hazrati Ali roziyalohu anhu takror Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga bordilar. Nabiy alayhissalom:
— Mahr uchun yoningizda biron narsa bormi? — deya so‘radilar.
Ali roziyalohu anhu:
— Yo‘q, ey Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam), — dedi.
— Falon kuni sizga bir zirh bergan edim, o‘sha qani? Hazrati Ali roziyalohu anhu xursand bo‘lib:
— O‘zimda turibdi, ey Nabiyulloh (sollallohu alayhi va sallam), — dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sarpo, sovg‘a-salom olishlari uchun uni sotishga buyurdilar. Hazrati Usmon roziyalohu anhu zirhni 470 dirhamga xarid qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam pulning bir qismini xushbo‘yliklar olish uchun Bilol roziyalohu anhuga qolgan qismini Ummu Salama roziyalohu anhoga berib, Fotima roziyalohu anho uchun kiyim-kechak xarid qilishni buyurdilar. So‘ngra Sarvari olam sollallohu alayhi va sallam Anas roziyalohu anhu orqali Hazrati Abu Bakr, Umar, Usmon, Talha, Zubayr roziyalohu anhular va ansorlardan yana shuncha kishini huzurlariga chorladilar. Fotima roziyalohu anhoning qoshiga borib: “Ey Fotima! Ali senga uylanmoqchi, bunga nima deysan?” dedilar. Muhtarama qizlari qattiq hayo va ibolari bois sukut saqlab, hech qanday javob bermadilar. Bu esa rozilik alomati edi. Bu asnoda chaqirilgan sahobalar ham yetib kelishdi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam ularga shunday dedilar:
— Tanho hamdu sanoga loyiq, qudrati ila butun mavjudotni yaratgan Allohga behad shukrlar bo‘lsin. Shubhasiz, Alloh taolo oila qurishni va qarindosh-urug‘larni hurmatlashni amr etdi: “U suvdan — nutfadan insonni yaratib, so‘ng uni nasl-nasab egasi va kuda-anda qilib qo‘ygan Zotdir. Darhaqiqat, Parvardigoringiz (har ishga) qodirdir” (Furqon, 54) Endi maqsadga kelsak, Haq taolo amriga ko‘ra, Fotimani Aliga nikohlab beraman. Agar rozi bo‘lsa, to‘rt yuz misqol kumush evaziga vojib bir amal va qoim bir sunnat ila Fotimani Aliga uzatayotganimga sizlarni shohid qilyapman. Alloh ularning mol-dunyolariga baraka berib, nasllarini aziz qilsin. Mana shuni sizlarga ma’lum qilib, o‘zimga va barchangizga Allohdan mag‘firat tilayman”. So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi va sallam bir tovoq xurmo keltirib, mo‘tabar mehmonlarga tortiq qildilar. Bu orada Hazrati Ali roziyalohu anhu ham yetib keldilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tabassum ila: “Ey Ali! Men to‘rt yuz misqol kumush evaziga Fotimani senga nikohladim”, dedilar. Hazrati Ali roziyalohu anhu shukr sajdasini ado qildilar. Sarvari koinot sollallohu alayhi va sallam Hazrati Ali roziyalohu anhu va Fotima roziyalohu anhoning haqqiga: “Alloh oilangizga baraka va xursandchilik bersin. Sizlarga solih farzandlar ato etsin”, deb duo qildilar. Hazrati Ali roziyalohu anhu benihoya xursand bo‘ldilar. Zero, hayotlarida eng buyuk voqea yuz bergan - Payg‘ambarlar xotami Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qizlariga uylanish sharafiga muyassar bo‘lgan edilar. Davomi bor...
Saidabror Umarov
«Nikoh» so‘zi, avval ham aytib o‘tganimizdek, lug‘atda «qo‘shilish», «jamlanish», «yaqinlashish» ma’nolarini anglatadi.
Shariatda esa: «Nikoh bahralanish egaligini hosil qiluvchi bog‘lanishdir».
Boshqa fiqhiy mazhablar ta’rifida: «Nikoh er-xotin orasida shar’iy yo‘l bilan huzurlanish halolligini ifoda qiluvchi va o‘sha huzurlanishni muboh qiluvchi aqddir».
Shayx Muhammad Abu Zahra quyidagi ta’rifni ixtiyor qilgan:
«Nikoh erkak va ayol orasidagi yaqinlikni, ikkisining o‘zaro hamkorligini ifoda qiluvchi hamda ikkisining huquq va majburiyatlarini chegaralovchi aqddir».
Nikohning shariatga kiritilishi hikmatlari:
1. Nikohdagi shaxs va uning jufti halolining haromdan saqlanishi.
2. Inson sulolasini inqirozga uchrab yo‘q bo‘lib ketishdan himoya qilish.
3. Naslu nasabning boqiy qolishi va muhofaza qilinishi.
4. Jamiyat qurishning asosi bo‘lgan oilani barpo qilish.
5. Oila va jamiyat a’zolari orasida o‘zaro aloqalarni o‘rnatish va ularni rivojlantirish.
Alloh taolo insonni tabiatan jamoatchilikda yashashga moyil qilib yaratgan. Inson zoti bu dunyoda yashar ekan, uning o‘ziga o‘xshash insonlar bilan aloqa qilishga hojati tushadi va busiz yashab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham turli insoniy aloqalar mavjud va ularsiz dunyo hayoti obod bo‘lmaydi.
Ammo barcha insoniy aloqalar ichida eng muqaddasi nikoh aloqasidir. Barcha insoniy aloqalar o‘z-o‘zidan o‘rnatilib va yuritilib ketaversa ham, nikoh aloqasi alohida e’tiborga sazovordir. Shuning uchun ham Alloh taoloning oxirgi va mukammal dini, Qiyomatgacha boqiy qoluvchi dini, barcha zamonlar va makonlarda insoniyatga ikki dunyo saodat yo‘lini ko‘rsatib beruvchi dini – Islom nikoh aloqasini insoniy aloqalar ichida eng e’tiborli va eng muqaddas aloqaga aylantirgan. Bu aloqa, Islom ta’limotiga binoan, Alloh taoloning amri bilan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan va mo‘min-musmonlarning guvohligi bilan quriladigan aloqaga aylantirilgan. Nikoh aloqasi haqida Qur’oni karimda oyatlar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ko‘plab ta’limotlar hamda Islom fiqhida qator hukmlar kelgan.
Mazkur muqaddas aloqaning mohiyatini, negizini va asosini ushbu bobda zikri kelayotgan «nikohlanish», bizning urfimizda «nikoh o‘qitish» deb ataladigan marosim tashkil etadi. Ba’zi odamlarning bilimsizligi va beparvoligi oqibatida aynan oila qurishning javhari bo‘lgan mana shu ishni unutib qo‘yadiganlar ham yo‘q emas.
Bundan bir necha yil avval ikki-uch kishi muhim savollari borligini aytib, oldimga kelishdi. Kirib, bir yaqinlari o‘g‘lini uylantirayotgani, hamma narsa tayyor bo‘lganida bola: «Nikoh o‘qilmasa bo‘lmaydi» deb turib olganini, ota-onasi esa: «Eskicha nikohning nima keragi bor?» degani va orada kelishmovchilik chiqqanini aytib, ulardan qay birlari haq ekanini so‘rashdi.
Ming afsuski, hozirgacha musulmonlar orasida nikohning asli, oila poydevori, haromni halol qiladigan, boshqalar uchun shunchaki odat bo‘lgan er-xotinlik aloqasini ibodat darajasiga ko‘taradigan asosiy omil bo‘lmish nikoh aqdiga unchalik ahamiyat bermaydigan, unga «eskicha odat» deb qaraydiganlar bor.
Bu o‘ta noxush holatga chek qo‘yishimiz kerak. Aynan shar’iy nikoh saodat manbai ekanini anglab yetishimiz va uni qadrlay bilishimiz lozim. Shariatning har bir musulmon uchun farz bo‘lgan ushbu hukmini yaxshilab o‘rganishimiz zarur.
Keling, bizda «nikoh o‘qitish» deyish odat tusiga aylanib qolgan «aqdi nikoh»ning shariatdagi hukmlarini diqqat bilan o‘rganib chiqaylik.
Shar’iy nikohning to‘g‘ri bo‘lishi shartlari:
1. Iyjob va qabul.
Nikoh tuguni iyjob va qabul ila bog‘lanadi.
Ya’ni er-xotinlik aloqasi nikohlanmoqchi bo‘lgan ikki tarafdan birining nikohlanish rag‘batini bildirishi va ikkinchisining o‘sha rag‘batni qabul qilishi ila yuzaga chiqadi.
«Iyjob» – aqdi nikohda ishtirok etadigan ikki tomonning biridan shu masalada rag‘bat sodir bo‘lganini anglatadigan narsa, «qabul» esa, ikkinchi tomondan ana shu rag‘batni qabul qilganini bildirish uchun sodir bo‘lgan narsadir.
Bizning voqeligimizda nikoh o‘qiyotgan domla kelindan «Falonchiga turmushga chiqishga rozimisiz?» deb so‘raganda kelinning «Ha» yoki «Roziman» deyishi iyjob bo‘ladi. Domla kuyovdan «Falonchini jufti halollikka qabul qildingizmi?» deb so‘raganda kuyovning «Qabul qildim» deyishi «qabul» bo‘ladi.
Shuningdek, bir erkak ayol kishiga: «Menga xotin bo‘lishga rozimisan?» desa, bu «iyjob» bo‘ladi. Ayol unga «Roziman», deb javob bersa, bu «qabul» bo‘ladi. Yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin.
Ba’zi vaqtlarda valiylar yoki vakillar orqali ham «iyjob-qabul» bo‘lishi mumkin.
Hanafiy mazhabida faqat iyjob va qabulgina nikohning rukni hisoblanadi.
Iyjob va qabul, ya’ni rozi-rizolikni alohida va jamoatchilik oldida so‘rashni joriy qilishda yoshlarga o‘z erklari bilan oila qurayotganliklarini yana bir bor namoyon qilish ma’nosi ham bordir. Agar ichkarida odamlarning xabarisiz qiyin-qistov bo‘layotgan bo‘lsa, yana bir imkon yaratib, ochig‘ini e’lon qilish uchun yigit va qizga fursat beriladi.
2. Iyjob va qabulda ishlatilgan iboralar abadiylikni ifoda qilishi shart.
Agar bu iboralar vaqtinchalikni ifoda qilsa, nikoh bog‘lanmaydi. Vaqtini tayin qilib «falon oyga, falon yilga nikohlandik» deyilsa, nikoh botil bo‘ladi. Shuning uchun ham muvaqqat nikoh va mut’a nikohi harom hisoblanadi.
Iyjob va qabulning lafzi «Nikohlanishga rozi bo‘ldim va nikohlandim» kabi o‘tgan zamon fe’li yoki «Menga nikohlan» deganda «Nikohlandim» deyish kabi buyruq va o‘tgan zamon fe’li ila ifoda etiladi.
Yoki bir taraf nikoh rag‘batini bildirganda ikkinchi taraf «Qabul qildim», desa ham, iyjob-qabul sobit bo‘ladi.
Nikoh va uylanish ma’nolari Qur’oni karimda kelganligi uchun mazkur ikki lafzni ishlatish afzaldir. Odatda «nikoh» va «uylanish» lafzlarining ishlatilishi hammaga ma’lum va mashhur.
3. Kelin-kuyov bir-birlarining iyjob va qabul haqidagi lafzlarini eshitishlari shart.
Chunki ovozi eshitilmagan shaxs g‘oyib shaxs bilan barobardir.
Shuningdek, kuyov-kelinning iyjob va qabul haqidagi lafzlarini o‘sha yerda hozir bo‘lgan guvohlar ham eshitishlari shart.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Valiysiz va ikki odil guvohsiz nikoh yo‘qdir», dedilar (Ahmad va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).
4. Valiyning bo‘lishi.
Valiyni hanafiy mazhabi «nikohning shartlaridan biri» desa ham, boshqa mazhablar «nikohning ruknlaridan biri» deganlar. Shunga binoan, «valiy» nikohning to‘g‘ri bo‘lishi unga bog‘liq shaxs bo‘ladi.
Odatda, ota yoki uning o‘rniga qolgan shaxs valiy bo‘ladi. Valiylar tartibi, ota yo‘q bo‘lsa, bobo, tug‘ishgan aka‑uka, ota bir aka-uka, ona bir aka-uka, amaki bo‘lib ketaveradi.
Hanafiy mazhabida: «Odam ajratishni bilmaydigan, aldanib qoladigan kishi ham valiy bo‘lmaydi», – deyilgan.
Valiy nikohda o‘zining o‘rniga vakil tayin qilishi joizdir.
5. Ikki adolatli guvoh.
Iyjob va qabulsiz nikoh bo‘lmaganidek, kamida ikki er kishi yoki bir er va ikki ayol kishi guvohligisiz ham nikoh bo‘lmaydi.
Yangi qurilgan oila jamiyatning yangi a’zosi bo‘ladi. Shuning uchun ham jamiyatning vakillari bo‘lmish guvohlar ularning halol-pok oila qurayotganlariga jamiyat nomidan shohid bo‘ladilar.
Shohidsiz nikoh bo‘lmaydi. Ana o‘sha guvohlar ikki shaxsning halol-pok yo‘l, nikoh yo‘li bilan oilaviy turmush qurishganiga shohid bo‘ladilar va buni boshqa kishilarga ham yetkazadilar. Shuningdek, er-xotin orasida nikoh masalasida da’volashuv bo‘lib qolsa, qozining oldida guvohlik ham beradilar. Ushbu e’tibordan nikoh guvohsiz bo‘lishi mumkin emas.
Nikohda guvohlar ikki er kishi bo‘lishi kerak. Hanafiy mazhabida ikki er kishi bo‘lmasa, bir er kishi va ikki ayol kishi bo‘lsa ham, bo‘laveradi. Ammo faqat ayol kishilarning yolg‘iz o‘zlarining guvohligi kifoya qilmaydi.
Guvohlarda quyidagi shartlar bo‘lishi lozim:
1. Aql. Majnun kishi guvoh hisoblanmaydi.
2. Balog‘atga yetganlik. Yosh bola guvoh hisoblanmaydi.
3. Hur. Qul guvoh bo‘lmaydi.
4. Musulmonlik. Nomusulmon kishi guvoh bo‘lmaydi.
5. Ikkala guvoh ham nikohlanuvchi ikki tomonning gaplarini eshitishlari kerak.
6. Guvoh adolatli (diniy jihatdan to‘liq, odil odam) bo‘lsa, yaxshi bo‘ladi. Bo‘lmasa, adolati surishtirilmagan, yolg‘onchiligi, fosiqligi ma’lum bo‘lmagan kishi ham bo‘laveradi. Hanafiy mazhabida bu masala boshqa mazhablarga qaraganda bir oz kengroq olingan.
Nikoh ikki fosiqning huzurida ham to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin ularning guvohliklarining ta’siri da’vo paytida o‘tmaydi.
Fosiq – shariatga xilof ish qiladigan odam. Boshqa mazhablarda fosiqning guvohligi o‘tmaydi. Ammo Hanafiy mazhabida yuqorida zikr qilingan shart ila uning nikohdagi guvohligi qabul qilingan.
Nikoh ikki tarafning ikki o‘g‘li yoki bir tarafning ikki o‘g‘li huzurida ham to‘g‘ri bo‘ladi. Misol uchun, ajrashib ketgan er-xotin o‘zlarining ikki o‘g‘li guvohligida yoki birlarining ikki o‘g‘li huzurida qayta yarashsalar bo‘ladi.
Ularning guvohligi o‘zining yaqini foydasiga qabul qilinmaydi. Misol uchun, erning ikki o‘g‘li guvohligida nikoh qilindi. Keyin er-xotin orasida nizo chiqib, qoziga murojaat qilindi. Ikki o‘g‘ilning guvohligi otaning foydasiga qabul qilinmaydi. Ammo erning xuddi o‘sha o‘g‘illarining guvohligi xotinning foydasiga qabul qilinadi. Chunki ular bilan xotinning orasida qarobat – yaqin qarindoshlik yo‘q.
Nikoh ikki zimmiyning guvohligida to‘g‘ri bo‘ladi va ularning guvohligi musulmonning ziddiga o‘tmaydi.
Zimmiy – Islom davlati soyasida yashayotgan g‘ayridin shaxs. Agar musulmon odam zimmiy ayolga uylanayotgan bo‘lsa, ikki zimmiy erkakning guvohligida qilingan nikoh to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo keyinchalik mazkur er-xotinning orasida nizo chiqib qolsa va ishlari mahkamada ko‘riladigan bo‘lsa, zimmiylarning musulmonning ziddiga bergan guvohligi qabul qilinmaydi.
Agar vakil qiluvchining o‘zi hozir bo‘lsa, uning vakili guvoh bo‘la oladi. Shuningdek, balog‘atga yetgan, o‘ziga boshqa odam valiy qilingan qiz hozir bo‘lsa, uning valiysi ham guvoh bo‘la oladi.
Ammo vakil qiluvchi va valiy qiluvchi hozir bo‘lmasa, vakil ham, valiy ham guvoh bo‘la olmaydi. Chunki bu holatda ularning har biri aqdi nikohning bir tarafi bo‘ladi. Nikohdan o‘tuvchining o‘zi aqd paytida hozir bo‘lsa, uning o‘zi aqdning bevosita egasi bo‘ladi hamda vakil va valiyning guvoh bo‘lishlari imkoni tug‘iladi.
Xuddi shu nikoh aqdini bog‘lash paytida guvohlarning oldida nikohning asl va muhim amallaridan biri – mahr masalasini ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bizning hozirgi sharoitimiz shuni taqozo qiladi. Chunki mahr nimaligini bilmaydiganlarimiz bor. Agar nikoh o‘qiyotgan olim kishi bu masalani tushuntirib, amalga oshirib qo‘ymasa, bu o‘ta muhim narsa umuman esga kelmay, shariatning hukmlaridan biri poymol bo‘lishi, ikki tarafning gunohkor bo‘lishi hech gap emas.
Nikohga oid ma’lumotlarni turli munosabatlar bilan odamlarga bayon qilganimizda, jumladan, mahr masalasini tushuntirganimizda, «Biz oila qurganimizda bu kabi gaplar bo‘lmagan edi», «Mahr nimaligini bilmay, oila qurgan ekanmiz, endi nima bo‘ladi?» degan odamlar bo‘ldi. Ana shu e’tibordan, muhtaram ulamolarimiz nikoh o‘qish paytida ushbu masalani o‘rtaga tashlab, bayon qilib, hal etib qo‘yishlari juda yaxshi ish bo‘ladi.
"Baxtiyor oila" kitobidan