Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446

Qish – mo‘minning bahori ruknidan (5-maqola): Tungi ibodat – payg‘ambarlar sunnati va solihlar amalidir

04.01.2019   4842   4 min.
Qish – mo‘minning bahori ruknidan (5-maqola):  Tungi ibodat – payg‘ambarlar sunnati va solihlar amalidir

Hazrati Imom masjidida juma namoziga bir muazzin yigit azon chaqiradi. Bag‘oyat shirali ovozda, qalbga yaqin ohangda, tinglaganda joningiz orom olgandek bo‘lasiz. Har safar juma kuni o‘sha yigitning azon chaqirishini kutib o‘tirar ekansiz, daf’atan xayolingizga kechagina shu azonni tinglab o‘tirmaganmidik, deb o‘y kelib qolasiz va hushyor tortasiz. Yo tavba, vaqt shunchalik tez o‘tyaptimi?..

Darhaqiqat,  vaqt yugurik, umr o‘tkinchi...

Kechagina bahorning bo‘yidan sarmast bo‘lib yurgan edik. Bugun esa  sovuqdan dildirab turibmiz.

Ammo mehribon Parvardigorimiz har bir faslni ham bandalariga qulayliklar davri qilib yaratganki, buni bilgan biladi, bilmagan lallayib o‘tib ketadi. Tunlarning uzayishi, ko‘p vaqtlardan beri bajarishni niyat qilib ammo fursatini topa olmay yurgan ishlarimizning ayni zamoni emasmi. Oila jam bo‘lib miriqib suhbatlashadi, do‘stu qadrdonlarni yo‘qlaysiz, talabalar uchun darsga g‘ayrat qiladi,  mutolaa zavqi, ilmiy ishlar, bahsu munozaralar...

Qishning uzun tunlari ayni  shu ishlarni bajarishga Rabbimiz ato etgan qulaylikdir.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ana shunga diqqatimizni qaratish niyatida “Qish – mo‘minning bahoridir”, deb marhamat qilganlar (Imom Ahmad rivoyati)  va ana shu fasl musulmonning hayotida qanchalik katta ahamiyat kasb etishiga ishorat qilganlar.

Hadisdan anglaymizki, bahor kelganda tabiat  qanday nafas olsa, har tarafga chechaklar hidi tarqalib, olam anvoyi go‘zalliklarga burkansa, mo‘minning qalbida ham  qishning uzun tunlarida xuddi shunday o‘zgarishlar yuz beradi – turfa go‘zalliklari ila bahor kiradi. Mo‘min ushbu faslda: ma’naviy olamida hamda insoniy munosabatlarida bahor hayotini yashaydi, go‘yoki yangidan tiriladi. Ushbu barakotli tunlarni ishlari unumli bo‘lishiga bir vosita qiladi.

Faxri koinotimiz sollallohu alayhi vasallam hadisning davomida  ikki xususiyatni tushuntirib, bu faslni qanday o‘tkazish kerakligi xususida mo‘minlarga tavsiya berganlar: “Qishning kunduzlari qisqarganda, mo‘min ro‘za tutadi; kechalari uzayganda tunlari ibodat qiladi” (Suyutiy, “al-Jomeus-sag‘ir”, I, 718; Bayhaqiy “Siyam”, I, 115).

Ulamolarimiz ushbu hadis sharhida bunday deganlar:

“Mo‘min bu faslda toat-ibodat bog‘larida kezadi, ibodat maydonlarida javlon uradi. qalbi amal bog‘chalarida sayr qiladi. Ibodatlarga yanada g‘ayratli bo‘ladi. Uning shavqi shu qadar bo‘ladiki, na ro‘za uni holdan toydira oladi na uyqusiz tunlarda mudroq bosadi... ya’ni kechaning uzunligi uyquga to‘yib olib, tahajjud va zikrga tiniqqan holda turishiga sharoit yaratadi. Shu hisobda, ham tanasining ehtiyojini qondiradi hamda ibodatni vaqtida bajaradi”.

Demak, qish mo‘minning bahori ekanini belgilovchi birinchi omil kunduzi ro‘za tutishga qulay ekanidir. Bu vaqtda ro‘za tutgan kishi hech qanday qiyinchilik ko‘rmaydi. Payg‘ambar alayhissalom boshqa bir hadisi sharifda: “Qishda ro‘za tutmoq, salqin bir g‘animatdir”, deya bu ro‘zaning qulayligi va barakotini tushuntirganlar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).

Ayonki, ro‘za nafs tarbiyasiga yo‘naltirilgan muhim ibodat. Payg‘ambar alayhissalom farz bo‘lgan ro‘zadan tashqari, nafl ro‘zalarga ham tashviq etishining sababi mo‘minning ma’naviy yuksalishiga undamoqdir. Zotan, kun uzog‘i ibodatda (ro‘zador) bo‘lgan odam ham Rabbini o‘ziga yaqin his qiladi hamda uning insonlar bilan munosabati go‘zal bo‘ladi. Yanada aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ma’nan oziqlangan inson Rabbisiga yanada itoatkor, insonlarga nisbatan yanada shafqatli va marhamatli bo‘ladi. Bu, albatta, mo‘minning ko‘ngil dunyosini va ijtimoiy hayotini bahorga aylantiradi.

Ikkinchi omili esa kechalari ibodatga qoim bo‘lish payg‘ambarlar sunnati va solihlar amalidir. Oyati karimada madh etilganidek, “Ular tong saharlarda istig‘for aytar edilar (Vaz-zoriyot, 18).

O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Osoyishtalik siri

17.06.2025   1793   1 min.
Osoyishtalik siri

Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga: 
 

– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi. 
 

Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan  oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi. 
 

Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.


Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati). 
 

Mana, osoyishtalik siri nimada ekan! 

Akbarshoh Rasulov

 

Ibratli hikoyalar