Rasululloh sollallohu alayhi va salam marhamat qildilar: “Qibtiylar uchun xayr so‘rangiz...“ Moriya al-Qibtiyya roziyallohu anhoning nomi o‘z davrida mo‘minlarning ko‘ngillariga farah baxsh etgan. Bu nom tarixda abadiylangandir. Alloh taolo undan rozi bo‘lsin. Tarixda mashhur bo‘lishiga qaramay, u haqda juda kam yozilgan. Tarixiy manbalarda shaxsiyatini oydinlatuvchi ma’lumotlar deyarli uchramaydi. Moriya roziyallohu anho, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ko‘p marhamatlar ko‘rdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni joriya etib, Madinaning Oliyya degan chekka mahallasidan joy ajratib berdilar. Hijriy 8 yilning ilk oylarida Moriya roziyallohu anhoning homiladorligi ma’lum bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam endi uni tez-tez ziyorat qilib turadigan bo‘ldilar. Oy-kuni to‘lib, Moriya roziyallohu anho o‘g‘il ko‘rdi. Rasululloh sollallohu alayhi va salam juda xursand bo‘ldilar. Chaqaloqqa esa Ibrohim deb ism qo‘ydilar. Suyunchisiga bir qulni ozod etdilar. Chaqaloq emizish uchun Munzir ibn Zayd ibn Najjorning qizi Ummu Burdaga topshirildi. Rasululloh sollallohu alayhi va salam Ibrohimni juda-juda sevardilar. Qayerga borsalar uni ham quchoqlarida qo‘tarib yurar, hatto boshqa zavjalarining xonalariga xam olib borardilar. Ibrohimni ularga yaqin tutib, erkalatib mehr bilan:
— Qarang... Uni xuddi mendan olingan bir parchaga o‘xshatmaydimi? — der edilar.
Ibrohimning tug‘ilishi onasi Moriya roziyallohu anhoning ozod etilishiga sabab bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Uni o‘g‘li ozod etdi“, deb marhamat qildilar. Chaqaloqning tug‘ilishi mo‘minlar onalarining ayrimlarida rashk tuyg‘ularining kuchayishiga turtki bo‘ldi. Oxir-oqibat Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
— Moriyani nafsimga harom qildim, — deyishga ham majbur bo‘ldilar.
Moriya roziyallohu anho bu so‘zdan ranjimadi, aksincha sabr qildi. Shunda Alloh taoloning ushbu oyati nozil bo‘ldi:
“Ey payg‘ambar, nega siz juftlaringiz roziligani istab, Alloh siz uchun halol qilgan narsani (o‘zingizga) harom qilib olursiz?! Alloh mag‘firatli, mehribondir“ (Tahrim, 1).
Tasalli, umid va sevinch bulog‘i bo‘lgan chaqaloq Ibrohim Hazrati Moriya roziyallohu anhoning uyida o‘n olti oy yashadi. Bir yarim yoshli jajji Ibrohim yomon bir dardga chalindi. Onasi Moriya roziyallohu anho va xolasi Sirin uni mehr bilan parvarish qildilar. Ammo kasallik uni tark etmadi. Nihoyat, yuzida o‘lim ko‘lankasi ko‘rina boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi va salam juda qayg‘urdilar. Avval his qilmagani bir siqilish yuraklarini og‘ritdi. Behol bo‘lishlariga qaramay, as'hobdan bir kishiga suyanib, Moriya roziyallohu anhoning uyiga keldilar. Ibrohim yig‘layotgan Moriya roziyallohu anhoning quchog‘ida so‘nggi nafaslarini olayotgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi va salam shafqat bilan uni qo‘llariga oldilar. Muztarib qalblarini tinchlantirish uchun uni bag‘irlariga bosdilar: “Yo Ibrohim, biz sening Alloh taolo huzuriga ketishingga hech qanday to‘siq bo‘lolmaymiz“, dedilar va ko‘zlaridan yosh oqa boshladi. Moriya roziyallohu anho o‘zini tutolmay, faryod cheqdi. Rasululloh sollallohu alayhi va salam uni to‘xtatmadilar. Quchoqlaridagi jigarporalariga qaradilar. U unsiz va harakatsiz edi. Rasululloh sollallohu alayhi va salam: “Yo Ibrohim, agar bu haqiqiy ish, to‘g‘ri va’da bo‘lmaganida va bizdan keyin kelganlar oldin kelganlardan o‘rnak olmaganida, senga bundan ham alamliroq shaklda qayg‘urar edik”, deb marhamat qildilar. Bu so‘zlar bechora Moriya roziyallohu anhoga bir oz tasalli bergandek bo‘ldi. U ko‘z yoshlarini artdi va shunday dedi: “Ko‘z qaynoq yosh oqizadi, qalb qayg‘uradi. Ammo biz Alloh taoloni xushnud etuvchi so‘zdan boshqasini aytmaymiz. Yo Ibrohim, biz sening o‘limingga chindan ham juda-juda qayg‘uryapmiz...”
Saidabror Umarov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Men padari buzrukvorim rahmatullohi alayhdan eshitganman: «Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir o‘g‘illari bor edi. Uni hazrat qayergadir ilm tahsil qilish uchun yubordilar. U olim bo‘lib qaytdi. Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir majlislari bo‘lar edi. Majlisga hazratga yaqin kishilar kelardi. Hazrat ularga nasihat qilib turardilar. O‘g‘illari kelganida, hazrat unga: «Birodar, sen butkul yangi ilm hosil qilib kelgansan, bugun ularga sen va’z qil», dedilar. U judayam tetik edi.
Hazratning taklifini bajonudil qabul qildi. Majlis hali jam edi. U va’z aytdi. Odamlar tinglayverdilar, tinglayverdilar. Lekin ta’sirlanmadilar. Oddiy bir olimning gapini eshitdilar. Shundan keyin hazrat tashrif buyurdilar va o‘tirib, bor-yo‘g‘i shunday bir jumla aytdilar: «Birodar, biz bugun ro‘za tutishni iroda qilgan edik. Kechasi saharlikda ichamiz deb sut saqlab qo‘ygan edik. Lekin taqdirni qarangki, mushuk sutni ichib ketdi va biz ro‘za tuta olmadik».
Bor-yo‘g‘i shu gapni aytdilar. Gaplari qattiq ta’sir qildi. Keyin hazrat o‘g‘illariga bunday dedilar: «Qara, sen soatlab va’z qilding. Ularga hech narsa qilmadi. Men bor-yo‘g‘i bir og‘iz gapirdim, odamlarning qalblariga ta’sir etdi. Sen ilm o‘rganib kelding. Lekin endi qalb dardini paydo qil, qalbingni Allohga qaytarishga, ya’ni bog‘lashga harakat qil. Keyin sening bir so‘zing, u fasohatli-balog‘atli bo‘lsa-bo‘lmasin farqi yo‘q, odamlarning qalblariga, ruhiyatlariga ta’sir qiladi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan