Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Qanchadan qancha xo‘roz “Men qichqirganim sababli Quyosh chiqadi” deb ishonadi va qanchadan qancha ahmoq “Mensiz hayot davom etmaydi” deb o‘ylaydi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Johil kimsaning tortishuvda yengilishi amri maholdir.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Ba’zi odamlardan hayot har qancha olsa ham, ular boy bo‘lib qolaveradilar.
Ba’zi odamlar hayotdan har qancha olsalar ham, kambag‘al bo‘lib qolaveradilar.
Shams Tabriziy rahimahulloh
*****
Bo‘sh idishlar jarangdor ovoz chiqaradi. Ichi to‘la idishlar unday emas. Odamlar ham shunday. Faqat aqli bo‘sh kishilargina shovqin-suron, baqir-chaqir qilib yurishadi. Sen ular bilan tortishib, vaqtingni zoye qilma.
“Hikmat durdonalari”
*****
Suv bemaza so‘zlarni aytuvchi tildan boshqa hamma narsani yuvib, tozalaydi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Vatanlar urush sababli o‘lmaydi. Balki ular o‘z farzandlarining xiyonati sababli o‘ladi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Agar meni yomon ko‘rmoqchi bo‘lsang, bu sening ishing. Bu borada senga hech narsa deya olmayman. Lekin o‘zingni meni yaxshi ko‘radigandek tutma.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ طَيْسَلَةَ بْنِ مَيَّاسٍ قَالَ: كُنْتُ مَعَ النَّجْدَاتِ، فَأَصَبْتُ ذُنُوبًا لَا أَرَاهَا إِلَّا مِنَ الْكَبَائِرِ، فَذَكَرْتُ ذَلِكَ لِابْنِ عُمَرَ، قَالَ: مَا هِيَ؟ قُلْتُ: كَذَا وَكَذَا. قَالَ: لَيْسَتْ هَذِهِ مِنَ الْكَبَائِرِ، هُنَّ تِسْعٌ: الْإِشْرَاكُ بِاللهِ، وَقَتْلُ نَسَمَةٍ، وَالْفِرَارُ مِنَ الزَّحْفِ، وَقَذْفُ الْمُحْصَنَةِ، وَأَكْلُ الرِّبَا، وَأَكْلُ مَالِ الْيَتِيمِ، وَإِلْحَادٌ فِي الْمَسْجِدِ، وَالَّذِي يَسْتَسْخِرُ، وَبُكَاءُ الْوَالِدَيْنِ مِنَ الْعُقُوقِ. قَالَ لِي ابْنُ عُمَرَ: أَتَفْرُقُ مِنَ النَّارِ وَتُحِبُّ أَنْ تَدْخُلَ الْجَنَّةَ؟ قُلْتُ: إِيْ وَاللهِ. قَالَ: أَحَيٌّ وَالِدُكَ؟ قُلْتُ: عِنْدِي أُمِّي. قَالَ: فَوَاللهِ لَوْ أَلَنْتَ لَهَا الْكَلَامَ، وَأَطَعَمْتَهَا الطَّعَامَ، لَتَدْخُلَنَّ الْجَنَّةَ مَا اجْتَنَبْتَ الْكَبَائِرَ.
Toysala Ibn Mayyosdan rivoyat qilinadi:
«Najdaning odamlari bilan birga edim. O‘shanda bir qancha gunohlar qildim. O‘zimcha mazkur gunohlarni gunohi kabiralardan deb bilardim. Shuni Ibn Umarga aytdim.
«Ular nimalar?» dedi u.
«Bunday, bunday», dedim.
«Bu narsalar gunohi kabira emas. Ular (kabiralar) to‘qqizta: Allohga shirk keltirish, odam o‘ldirish, jang paytida dushmandan qochish, pokiza ayolni zinoda ayblash, riboxo‘rlik qilish, yetimning molini yeyish, masjidda dindan chiqish, odamlarni masxara qilish, bolasi oq bo‘lgan ota-onaning bundan yig‘lashi, – deb turib, Ibn Umar menga: – Sen do‘zaxdan qo‘rqasanmi, jannatga kirishni xohlaysanmi?» dedi.
«Allohga qasamki, shunday», dedim.
«Ota-onang tirikmi?» dedi.
«Onam bor», dedim.
«Allohga qasamki, agar onangga yumshoqso‘z bo‘lsang va unga taom bersang hamda gunohi kabiralarni qilmagan bo‘lsang, albatta jannatga kirasan», dedi».
Sharh: Demak, Allohga shirk keltirishdek, birovni o‘ldirishdek ulkan gunohlarning qatoriga ota-onaga oq bo‘lish ham qo‘shilgan ekan. Ota-onaga oq bo‘lish juda katta gunoh hisoblanadi.
Bu rivoyatda ota-onaga oq bo‘lish, ularning nazaridan qolish qanchalik ulug‘ gunoh ekanini ta’kidlash bilan birga, ota-onaga yumshoqso‘z bo‘lish, ularga taom tutish, ularning xizmatida bo‘lish bandani do‘zaxga kirishdan saqlab, uning jannatga kirishiga sabab bo‘ladigan amallardan ekani ta’kidlanmoqda.
Bu rivoyatda asosan gunohi kabira haqida so‘z borgani uchun, ulamolarimiz uni qanday ta’riflaganlarini bilib olsak, yaxshi bo‘ladi.
Ko‘pchilik ulamolar: «Gunohi kabira – bu dunyoda hadd jazosiga loyiq, ya’ni shariatda jazosi belgilab qo‘yilgan gunoh yoki oxiratda do‘zaxga kirishga, la’natga va g‘azabga sazovor qiladigan gunohlardir», deganlar.
Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:
1. Ilmi yetishmaydigan kishi o‘zining xayoliga kelgan hukm bilan kifoyalanib yurmasdan, olim odamdan so‘rashi lozimligi.
Rivoyat qahramoni Toysala ibn Mayyos xavorij Najda ibn Omirning odamlari bilan birga bo‘lgan. U o‘zi qilgan gunohlarni katta gunohlar deb, noumid bir holatda yurar edi. Ammo Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan so‘raganidan keyin, o‘zi sodir etgan gunohlar kabira emasligini bilib oldi.
Albatta, bu unga yengillik yaratganida shubha yo‘q. Shu bilan birga, gunohi kabiralar nimalar ekanini ham bilib oldi.
2. Olim odam savolga qisqa qilib emas, balki batafsil javob berishi yaxshi ekani.
3. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning nazarida gunohi kabiralar to‘qqizta ekani.
4. Allohga shirk keltirish gunohi kabiralardan ekani.
5. Beayb insonni o‘ldirish gunohi kabiralardan ekani.
6. Jang paytida dushmandan qochish gunohi kabiralardan ekani.
7. Pokiza ayolni zinoda ayblash gunohi kabiralardan ekani.
8. Riboxo‘rlik qilish gunohi kabiralardan ekani.
9. Yetimning molini yeyish gunohi kabiralardan ekani.
10. Masjidda dindan chiqish gunohi kabiralardan ekani.
11. Odamlarni masxara qilish gunohi kabiralardan ekani.
12. Bolasi oq bo‘lgan ota-onaning bundan yig‘lashi farzand uchun gunohi kabiralardan ekani.
13. Ota-onaga yumshoqso‘z bo‘lish, ularga taom berish va gunohi kabiralarni qilmaslik albatta jannatga kirishga sabab bo‘lishi.
Hishom ibn Urva otasidan rivoyat qiladi:
«Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat» (Isro surasi, 24-oyat) degani «ota-onang yaxshi ko‘rgan har qanday narsadan bosh tortma» deganidir».
Sharh: Roviyning otalari Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu Alloh subhanahu va taoloning Isro surasidagi oyatni tafsir qilib, ota-onang aytgan ishdan bosh tortma, ular nimani yaxshi ko‘raman desa, shuni qilib ber, degan ma’noni aytgan ekanlar.
Alloh taolo Isro surasida:
«Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va «Robbim, ular meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», deb ayt», degan (24-oyat).
Farzand ota-onaning huzurida o‘zini qanchalik xokisor tutsa, shunchalik yaxshi. U o‘z rahmatini xokisorlik ila ota-onasiga pastlatib, poyandoz qilsa ham oz. Shu bilan birga, doimo ularga Alloh taolodan rahm-shafqat tilab duo qilib turishi lozim.
Ota-onani hurmatlash, e’zozlash masalasida hech bir tuzum yoki tarbiya vositasi Islomga teng ham, yaqin ham kela olmaydi. Ota-onaning hurmati, farzand ustidagi haqqi to‘g‘risidagi oyatlar, hadislar, islomiy hikmatlar, musulmonlar hayotidagi tajribalar dunyo tarixida bu boradagi misli ko‘rilmagan oliymaqom narsalar ekani ma’lum va mashhurdir.
Hofiz Abu Bakr Bazzor Buraydadan, u kishi o‘z otalaridan qilgan rivoyatda quyidagilar keltiriladi:
«Bir odam ziyoratda onasini ko‘tarib yurib tavof qildirayotgan ekan. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan:
«Onamning haqqini ado qildimmi?» deb so‘rabdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Yo‘q, bir oh tortishining haqqini ham ado qilganing yo‘q», degan ekanlar.
«Odoblar xazinasi» kitobi 1-juz