YOMON BO‘LMAYDI...
Supurgini tik qilib qo‘ysa, qiblaga qaratsa;
Mehmon ketgandan keyin orqasidan supurilsa;
Qalampir, supurgi kabi narsalarni qo‘ldan qo‘lga bersa;
Oldidan qora mushuk kesib o‘tsa;
Ostonada ko‘rishilsa yoki o‘tirilsa;
Chap qovoq uchsa;
Chap kaft qichisa;
Xo‘roz bemahal qichqirsa;
Bir kunda ikki kelin tushirgan hovliga ikkala kelin bir vaqtda, bitta darvozadan kirib borsa;
Boyo‘g‘li sayrasa;
Duo qilinayotganda dasturxon ustida qalampir yoki pichoq turgan bo‘lsa;
Hovliga majnuntol ekilsa;
Safar oyida to‘y qilinsa;
Anjir daraxtining o‘tini yoqilsa;
Supradagi unni kaftining orqasi bilan to‘plasa;
Suprani yozgan odamdan boshqasi yig‘ishtirsa;
Shomdan keyin so‘rab chiqqanga sigir suti berilsa;
Birov tishlagan narsani yesa;
Piyoladagi choy tugamasdan, ustiga choy quyilsa... HЕCh NARSA BO‘LMAYDI!
* * *
BAXT YOKI BAXTSIZLIK...
Peshonaning kengligi;
Qo‘lning uzunligi;
Tana a’zolarining shakli, hajmi;
Ko‘zning rangi;
Chiptadagi raqamlarning mutanosibligi;
Siniq oynaga qarash;
Xontaxta yoki stolning burchagiga o‘tirish;
Supurgi yoki o‘qlov uchida turtish BILAN YUZAGA KЕLMAYDI!
* * *
DAROMAD VA BARAKAGA...
Choyning ustidagi pufakchalarni sochga surtish;
O‘ng kaft qichishi;
Birinchi sotilgan narsaning pulini barcha matolarga tekkizib chiqish;
Dam urilgan pulni hamyonda asrash;
Ertalabda hech kimga, hatto oila a’zolariga ham pul bermaslik
ASOS BO‘LMAYDI!
* * *
TUG‘RUQNING OG‘IR YOKI YENGIL KЕCHISHI...
Ko‘rpa-to‘shaklarning astar tomoni bilan taxlanganiga;
Homiladorlik davrida g‘o‘zapoya o‘tini tandirga ildiz tomoni bilan solinganiga;
Kasalxonaga ketayotib, kiyimlarni ilgichlardan chiqarib yoki kir yoyish uchun bog‘langan dorlarni yechib yoxud shkaf kabi jihozlarning eshiklarini ochishga;
Suvda qaynatilgan moshning tez ochilishiga BOG‘LIQ EMAS!
* * *
NAZAR VA KO‘Z TЕGISHIDAN...
Darvoza tepasiga, hovlidagi ustunlarga osiladigan hayvon kalla suyagi, taqa, isiriq, qalampir kabi narsalar;
Burjga qarab tavsiya qilinadigan turli rangli toshlar;
Qo‘lga, bo‘yinga osilgan ko‘zmunchoq, kiyimga qadab qo‘yilgan do‘lana KABI NARSALAR SAQLAMAYDI!
* * *
KIMNINGDIR O‘LIMIGA...
Yulduz uchishi;
Idish-tovoqlarni qozonning ichiga solib yuvish;
Go‘dakni derazadan uzatish, olish;
Beshikni ikki kishi ko‘tarishi;
Pichoq damining tepaga qarab turib qolishi;
Odamning egnida kiyim chatilishi, tikilishi
SABAB BO‘LMAYDI!
* * *
BULARGA ISHONSANGIZ ADASHASIZ!
Kechqurun tirnoq olsa (yoki seshanba, shanba va hokazo kunlari) tirnoq olsa, bir yomonlik keladi;
Chaqaloqni juma kuni cho‘miltirib bo‘lmaydi, savobini ko‘tara olmaydi;
Duo qilinayotganda dasturxon ustida pichoq tursa, uydan baraka uchadi;
Shomdan keyin sut, qatiq sotilsa yoki berilsa, sigirning suti kamayadi;
Azali xonadon a’zolari marhumning “qirqi chiqqunicha” tuxum yeyishlari gunoh;
Taom avvalini go‘sht bilan boshlasa, bosh farzandi o‘g‘il bo‘ladi;
Taomning qirmochini yegan yoki qozon tagini yalagan qizning to‘yida yomg‘ir yog‘adi;
Erkak kishi uydan chiqarkan, yo‘lini ayol kishi kesib o‘tsa o‘sha kuni ishi yurishmaydi;
Tirik odamning bo‘yini qarichlab yoki boshdan oyog‘igacha metrlab o‘lchab bo‘lmaydi, o‘likni o‘lchagandek bo‘ladi;
Yangi tug‘ilgan chaqaloqni “qirqi chiqmasdan” yuvintirib, soch va tirnoqlarini olib bo‘lmaydi;
Shanba kuni qo‘ldan pul ketsa, faqirlik keladi, aksincha, pul kelsa, boylik keladi;
Supurgini qo‘shniga berib bo‘lmaydi, uydan baraka qochadi;
Qo‘shnidan supurgi, igna so‘rab bo‘lmaydi, yo‘qsillik keltiradi;
Nonni dasturxonga toq qo‘yib bo‘lmaydi, azali joyda toq qo‘yiladi;
Chorshanba kuni soch-soqol olib bo‘lmaydi, chunki u kuni hatto to‘ng‘iz ham tuk tashlamas ekan;
To‘q ko‘k rangli libosni kiyib bo‘lmaydi, chunki u azadorlarning libosi hisoblanadi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning ustiga yolg‘onchi yillar soya soladi. O‘sha kezlarda yolg‘onchi tasdiqlanadi, rostgo‘y yolg‘onchiga chiqariladi. Xoin kishi ishonarli bo‘ladi, omonatdor kishi xoinga chiqarib qo‘yiladi va ruvaybiza gapiradi”, dedilar. U zotga: “Ruvaybiza” kim? – deyildi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ommaning ishini gapiradigan esi past odam”[1], dedilar.
Ibn Manzur “Lisonul arab” kitobida: “Ruvaybiza – bir ish qilish qo‘lidan kelmaydigan notavon odam. Ko‘pincha, bu so‘z esi pastlarga nisbatan ishlatiladi, chunki ular uyida ko‘p o‘tirishadi va katta ishlar bilan kam shug‘ullanishadi”, degan[2].
Davralarda o‘tirib poyintar-soyintar gap gapiradigan kishini uchratganmisiz?
Yoki maza-bemaza ishlar to‘g‘risida uzundan-uzun maqolalar yozadigan muxbirlarni uchratasizmi?
Yoxud bekorchi ko‘rsatuvlarga chiqib, birorta foyda keltirmaydigan ishlarni gapiradigan odamlarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ko‘pincha bunday holatlar zarar keltirib, dilni xira qiladi. Odamlarning boshini aylantirib, fikrlarini chalg‘itadi.
Hammajlislarning qay biri yaxshiroq?
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Yo Allohning Rasuli, bizlarga qay bir hammajlis yaxshiroq?” – deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uni ko‘rish sizga Allohni eslatadigan, u bilan gaplashish ilmingizga ilm qo‘shadigan va amali sizlarga oxiratni eslatadiganidir”, [3] dedilar.
Bizning hamsuhbatlarimiz orasida bunday sifatlilar topiladimi?
Do‘st-yorlar bilan birga o‘tirsangiz, o‘sha o‘tirishingizni Habibimiz sollallohu alayhi vasallam o‘rgatgan lafzlar bilan yakunlash esingizdan chiqmasin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Birov bir davrada o‘tirsa va behuda gaplar ko‘payib ketsa, o‘rnidan turayotib: “Subhanakallohumma va bihamdika, ashhadu allaa ilaha illaa anta. Astag‘firuka va atuubu ilayk”, deydigan bo‘lsa, o‘sha majlis davomida bo‘lgan ishlar mag‘firat qilinadi”[4].
O‘ylab ko‘ring, shu zikrni aytish uchun qancha vaqt ketadi? Bor-yo‘g‘i bir necha soniya. Biroq qanchadan-qancha odamlar bu fazilatdan bebahra qolishyapti. Axir, bu olamlar Robbi tarafidan bo‘ladigan afv va mag‘firatku...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Ibn Moja rivoyati.
[2] Lisonul arab, 7/153.
[3] Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Termiziy rivoyati.