Shifokorlar xulosasi: aksariyat insonlardagi surunkali kasalliklar asosan ruhiy buzilish yoki zo‘riqishdan kelib chiqadi va aynan shuning uchun ham darddan tuzalishi qiyin bo‘ladi. Kuzatuvlar natijasida ma’lum bo‘ldiki ko‘nglida va ongida salbiy fikrlar (g‘araz, hasad va alam) saqlaydigan insonlarda surunkali kasalliklar tez shakllanadi va tuzalishi ham qiyin kechadi. Bu toifadagi insonlarning eng xavflisi kishilarga nisbatan kechirimlilik hissi past darajadagilardir. Kechirimlilarga nisbatan kechirmaydigan insonlarda bosh miya, asab va yurak, shuningdek oshqozon bilan bog‘liq surunkali patologik simptomlar ko‘p uchraydi. Mazkur toifadagi insonlar avvalo ichki dunyo va fikrlarini ijobiy tomonga o‘zgartirishlari lozim.
Zero, Alloh taolo kechirimlilik xususida biz bandalarga shunday marhamat qiladi:
“Agar sizlar (ularni) afv etsangizlar, koyimasangizlar va kechirsangizlar, u holda, albatta, Alloh (ham) mag‘firatli va rahmlidir” (Tag‘obun, 14).
“Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (yomonlikni) go‘zalroq (muomala) bilan daf qiling! (Shunda) birdan siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq (qalin) do‘stdek bo‘lib qolur” (Fussilat, 34).
“... balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizmi?! Alloh mag‘firatli va rahmlidir.” (“Nur” surasi, 22-oyat)
Albert Enshteyn dars o‘tish jarayonida to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozib, o‘ninchisining javobini atay xato chiqardi. Sinfda o‘tirganlar kulib yubordi. Shunda Enshteyn ham qo‘shilib kulib qo‘ydi va so‘zida davom etdi:
“Men to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozganimda hech kim meni tabriklamadi. Ammo birgina xato qilganimda hamma kulib yubordi. Hayotda juda ko‘p odam voqea-hodisalarga, kishilarning tutumlariga shunday yondashadi. Ya’ni, o‘zidan boshqalarning yutug‘ini nazardan qochirib, xatosini tez ko‘rishadi. O‘ziga nisbatan esa, unday emas... Sizlarga bu masalani atay xato ishlab ko‘rsatishimdan maqsad, ertangi hayotingizda ana shunday vaziyatlarga to‘g‘ri yondashing. Zero, xato qilmaydigan yagona odam bu – hech narsa qilmaydigan odamdir”.
Darhaqiqat, biz ojiz bandalar Allohning huzurida qancha xatolar, gunoh ishlar qilamiz va Uning mag‘firatidan umidvor bo‘lamiz. Lekin bir inson xato qilsa tezda qo‘limizni bigiz qilib ko‘rsatamiz. Ayniqsa, bizga nisbatan nimadir sodir etib qo‘ysa, kechirmaymiz. Jag‘imiz tolguncha shikoyat qilaveramiz. Bu sinovli, o‘tkinchi dunyoda yondashuvimizni to‘g‘rilab olaylik, azizlar! Shunda yashash ham osonlashadi, halovatimiz ham yo‘qolmaydi...
Akbarshoh Rasulov