So‘ngi paytlar jamiyatda asabi tarang, sal narsaga jahl qiladigan, baqirib gapiradigan, xotirjamligi yo‘q, pessimist, negativ fikrlovchi, bir so‘z bilan aytganda jizzaki odamlar ko‘p uchrayotgandek. Hatto, bu qusur ya’ni jizzakilik sindromga ham aylanib ulgurdi. Alal oqibat odamlar bilib bilmay, ham o‘zlariga, ham o‘zgalarga zulm qilishmoqda. Dinimiz musulmonlarni yumshoqlik, halimlik va barcha yaxshiliklarning majmuasi bo‘lgan go‘zal xulqqa da’vat etadi. Zero, Alloh taolo o‘zining suyukli payg‘ambarini maqtab u zotga bergan ne’matini shunday eslatadi: “Albatta Siz ulug‘ xulq ustidadirsiz” (Qalam, 4).
Biz bugun duch kelayotgan jizzakilikning asosiy sabablaridan biri noshukrlikdir. Chunki, noshukr banda harqanday voqelikga salbiy tomondan baho beradi. Ayanchli tomoni “virus”ni tezlik bilan boshqalarga ham yuqtiradi. Alloh taolo O‘z kalomida bandalariga buyruq tarzida shunday marhamat qiladi: “Bas, (ey mo‘minlar!) Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalarning poklarini yeng hamda, agar Allohga ibodat etuvchi bo‘lsangiz, Uning ne’matlariga shukr qilingiz!” (Nahl, 114).
Albatta Allohning ne’matlariga shukr qilsak, Quro’ni karimda “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman” deya vada qilinganidek, yana ham ziyoda bo‘ladi. Aksincha, noshukrlik qilib, itoatsizlik ila, qaytariqlaridan qaytmasak, oyatning davomida marhamat qiladiki: “Bordi-yu, noshukrlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim, 7).
Biz so‘z yuritayotgan jizzakilik asliyatida johillik va noshukrlik, Allohga ishonchsizlik va ilmdan uzoqlashish turadi. Banda o‘ziga berilgan ne’matga shukr qilib, halol pok yo‘lda mustahkam tursa, bandaligini unutmasa Alloh uning qalbiga hotirjamlik ne’matini solib qo‘yadi. Natijada inson o‘zini baxtiyor his etib atrofga, borliqqa va hayotga tabassum bilan, ko‘taringki kayfiyatda nazar tashlaydi. Jizzakilik qilmaydi. Tib ilmining ulug‘ ustozlaridan bo‘lgan vatandoshimiz Abu Ali ibn Sino hazratlari ham ushbu oyatdan shunday xulosa qilgan: “Insondagi ko‘plab dardlar ruhiy muvozanatning buzilishidan kelib chiqadi. Ruhiy muvozanat esa aksariyat holda noshukrlik tufayli buziladi”. Demak, insonning noshukrligi uning sog‘ligi va asab tolalari uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi.
Bir kishi Payg‘ambar alayhissalomdan nasihat so‘radi: Rasululloh (s.a.v.) unga nasihat qilib ushbu oyatni o‘qidilar: “Avf-marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring”. (A’rof, 199). Alloh taolo bu oyat orqali, jizzakilik muolajasi xususida: atrofdagilarning birgina xatosi yoki kamchiligi tufayli unga jahl qilmasdan kechirimli bo‘lish, odamlarga yaxshilik qilib, ularni ham yaxshilikka da’vat etish, eng asosiysi johillardan yuz o‘girib ulardan uzoqroq yurish, noshukr va axloqsiz kimsalar bilan hamsuhbat, hamfikr bo‘lmaslik inson, uning salomatligi, dini va dunyosi uchun ulkan foyda ekanligini Alloh va Rasuli (s.a.v.) ta’kidlamoqda.
Jahl – jizzakilik olib boradigan halokatli yo‘lning oxiri. Jizzaki odam bora-bora o‘zi va atrofdagilarning jahlini junbushga keltirib, ulkan muammo va halokatlarga sabab bo‘ladi. Sahobalardan biri Rasululloh (s.a.v.)ning ro‘paralariga kelib: “Yo Rasululloh din nimadir” deya 3 bora so‘raganda, Rasululloh (s.a.v.): uch bora ham “Din go‘zal xulq, go‘zal xulq esa jahl qilmasligingdir” deya javob berganlar.
Pensilvaniya universiteti olimlari jizzakilikning inson tanasi va salomatligiga qanday ta’sir etishi bo‘yicha turli tadqiqotlar o‘tkazib quyidagicha xulosa taqdim etishgan: Jizzakilik inson salomatligi uchun jiddiy xavflardan biri bo‘lib uzluksiz xarakterga aylansa:
Xulosa shuki, har qanday holatda ham muammo va dardlarni Egasiga topshirish, har bir hodisaning qolaversa, umrning o‘tkinchi ekanligini anglab yashash, ne’matlarga shukr qilguvchi shokirlar qatorida bo‘lish, muammolarga aql va tafakkur bilan, Alloh buyurganidek yechim qidirish, bandasi uchun vada qilingan ikki dunyo saodatiga erishtiradi. Noshukrlik va johillik esa insonning sog‘ligi, tinchligi, obro‘si, ko‘rki, iymoni va oxiratiga ulkan salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Saidabror UMAROV
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Men padari buzrukvorim rahmatullohi alayhdan eshitganman: «Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir o‘g‘illari bor edi. Uni hazrat qayergadir ilm tahsil qilish uchun yubordilar. U olim bo‘lib qaytdi. Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir majlislari bo‘lar edi. Majlisga hazratga yaqin kishilar kelardi. Hazrat ularga nasihat qilib turardilar. O‘g‘illari kelganida, hazrat unga: «Birodar, sen butkul yangi ilm hosil qilib kelgansan, bugun ularga sen va’z qil», dedilar. U judayam tetik edi.
Hazratning taklifini bajonudil qabul qildi. Majlis hali jam edi. U va’z aytdi. Odamlar tinglayverdilar, tinglayverdilar. Lekin ta’sirlanmadilar. Oddiy bir olimning gapini eshitdilar. Shundan keyin hazrat tashrif buyurdilar va o‘tirib, bor-yo‘g‘i shunday bir jumla aytdilar: «Birodar, biz bugun ro‘za tutishni iroda qilgan edik. Kechasi saharlikda ichamiz deb sut saqlab qo‘ygan edik. Lekin taqdirni qarangki, mushuk sutni ichib ketdi va biz ro‘za tuta olmadik».
Bor-yo‘g‘i shu gapni aytdilar. Gaplari qattiq ta’sir qildi. Keyin hazrat o‘g‘illariga bunday dedilar: «Qara, sen soatlab va’z qilding. Ularga hech narsa qilmadi. Men bor-yo‘g‘i bir og‘iz gapirdim, odamlarning qalblariga ta’sir etdi. Sen ilm o‘rganib kelding. Lekin endi qalb dardini paydo qil, qalbingni Allohga qaytarishga, ya’ni bog‘lashga harakat qil. Keyin sening bir so‘zing, u fasohatli-balog‘atli bo‘lsa-bo‘lmasin farqi yo‘q, odamlarning qalblariga, ruhiyatlariga ta’sir qiladi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan