Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida, shu yil 1 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining «Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilingan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligida Hadis ilmi maktabi oliy diniy ta’lim muassasasi shaklida tashkil etildi va 5 dekabr kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, 23-sonli guvohnomaga ega bo‘ldi.
Ushbu oliy diniy ta’lim muassasasini Bosh qomusimizning 26 yilligi arafasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida ham o‘zi xos ramziy ma’no bor. Hadis ilmi maktabining tashkil etilishi Konstitutsiyamizda va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan diniy ta’lim olishga bo‘lgan fuqarolarimiz huquqlarini amalga oshirishlari uchun yana bir katta imkoniyat bo‘ldi.
Guvohnomani topshirish jarayonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari Hadis ilmi maktabi ulug‘ allomalarimiz, muhaddis ajdodlarimiz ishlarini davom ettirish imkoniyatini taqdim etishi, bu dargohda ta’lim olgan yoshlarimiz kelajakda malakali mutaxassislar sifatida ajdodlarimizning davomchisi bo‘lishga va dinimizning ezgu ta’limotlarini odamlar ongu shuuriga singdirishga xizmat qilishlarini alohida qayd etdilar.
Hadis ilmi maktabi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilab, ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Qur’oni karim oyatlarini tafsir, sharhlashga ehtiyoj bormi? Binobarin Qur’oni karimning qator oyatlarida Alloh taolo oyatlarni tushunish va fahmlash oson, yengil ekanligi ta’kidlangan-ku? Bundan go‘yoki Qur’on oyatlarini tushuntirishga hojat yo‘qdek ko‘rinadi. Biroq, oyatlar diqqat bilan o‘rganilsa, Qur’oni karimda ikki xil hodisa va narsalar bayon etilishi ma’lum bo‘ladi.
Ulardan biri oddiy voqelikka taalluqli bo‘lib, oldingi payg‘ambarlar, ularning xalqlari bilan bog‘liq tarixiy voqealar, Allohning ne’matlari, osmon va yerning yaratilishi, ilohiy qudrat va hikmat, do‘zax azoblari haqidagi hamda boshqa xabarlarni o‘z ichiga oladi.
Ikkinchisi esa, shariat ahkomlari, ixtilofli masalalarni o‘z ichiga oladi.
Qur’onda zikr (dars, va’z, nasihat) deb nomlangan birinchi turdagi mavzuni, shubhasiz, tushunish oson, hatto savodsiz dehqon ham undan o‘zi manfaat topishi mumkin. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyilgan:
وَلَقَدۡ يَسَّرۡنَا ٱلۡقُرۡءَانَ لِلذِّكۡرِ فَهَلۡ مِن مُّدَّكِرٖ
"Biz Qur’onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo‘ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!" (Qamar surasi, 22-oyat).
Oyatdagi "Zikr uchun" so‘zi asosiy diqqatini Qur’ondan o‘rganishga qaratadi va faqat shu maqsadda oson, degan ma’noni anglatadi, lekin hech qanday holatda bu osonlik qonunlar va ta’limotlarning talqini bilan bog‘liq emas. Agar bu turdagi narsalar va hodisalarning ta’birini har kim bilsa edi, Alloh taolo Payg‘ambarimizga Kitobni o‘rgatish va tushuntirish vazifasini yuklamagan bo‘lardi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, Qur’on oyatlarini tushuntirish, sharhlashda Payg‘ambar alayhissalomga muhtoj bo‘linadi. Alloh taolo bu haqda bunday marhamat qiladi:
وَتِلۡكَ ٱلۡأَمۡثَٰلُ نَضۡرِبُهَا لِلنَّاسِۖ وَمَا يَعۡقِلُهَآ إِلَّا ٱلۡعَٰلِمُونَ
"Ushbu misollarni Biz odamlar (ibrat olishlari) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar" (Ankabut surasi, 43-oyat).
Shunday qilib, birinchi turga oid oyatlarni tushunish osonligi, Qur’ondagi amrlarning qonuniy va amaliy xulosalarini aniqlab beradigan payg‘ambarga ehtiyojni istisno qilmaydi.
"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi