Kuni kecha, 1 dekabr kuni Nukus shahridagi “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o‘rta maxsus islom bilim yurtida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning mavlidi shariflari munosabati bilan bilim yurti talabalari orasida «Hadis» va «Siyrat» bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Musobaqa Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Tadbirni bilim yurti mudiri Shamsiddin Bauatdinov kirish so‘zi bilan ochdi va Payg‘ambar alayhissalomni yaxshi ko‘rish dinimizdagi vojib amal ekani, bu borada mo‘tabar manbalarda yetarlicha ma’lumotlar keltirilgani, Ul zotning sunnatlari va hadislarini o‘rganish muhim ekanini so‘zlardi. Shuningdek, bu borada davlatimizda olib borilayotgan islohotlar va yangilanishlar haqida gapirib o‘tdi. Kelajakda bilim yurtimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziydek ulug‘ ulamolar yetishib chiqishiga umid bildirdi va talabalarni bu borada astoydil ta’lim olib o‘z ustilarida ishlash kerakligini uqtirdi.
Musobaqada bilim yurti 2, 3, 4-bosqich talabalaridan har biridan 4 nafar talaba saralab olindi va o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Talabalarning bilimlarini baholash uchun bilim yurti o‘qituvchilari tomonidan hakamlar hay’ati tuzilib, baholab borildi.
«Hadis» bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning shartlari qo‘ydagicha:
1. Oltita sahih to‘plam egalari hayoti va ijodi haqida.
2. Hadis e’roblarini to‘g‘ri qo‘yish va ma’nosini aytish.
3. “Al-Adab al-mufrad” kitobidan 200 ta hadisni yoddan aytish.
«Siyrat» bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning shartlari esa qo‘yidagicha:
1. Imom Barzanjiyning Nabiy alayhissalomga yozgan mavlid kitobidan 5 mabhasdan birini aytish;
2. “Rasululloh sollallohu alayhi va salam va ahli bayt” hamda “siz Payg‘ambar alayhissalomni ko‘rganmisiz” kitobidan tezkor savol javob qilish.
3. Ijodiy ish.
Musobaqa yakunida «Hadis» yo‘nalishi bo‘yicha:
1-o‘rinni 4-kurs talabalari, 2-o‘rinni 3-kurs talabalari va 3-o‘rinni esa 2-kurs talabalari qo‘lga kiritdi.
«Siyrat» yo‘nalishi bo‘yicha:
1-o‘rinni 4-kurs talabalari, 2-o‘rinni 3-kurs talabalari va 3-o‘rinni esa 2-kurs talabalari qo‘lga kiritdi.
Musobaqa davomida talabalarga tezkor savollar taqdim qilindi. Bundan tashqari talabalar tomonidan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayissalomga maktub, salovat va nashidalar aytilib, tadbirning yuqori saviyada o‘tkazilishiga imkoniyat yaratildi.
G‘oliblar bilim yurti tomonidan tayyorlangan faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Adilbay Yerejepov,
Bilim yurti ma’naviyat va ma’rifat
ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Dunyoga muhabbatni ketkazish va oxirat g‘amini qalbda paydo qilishning yo‘li bor. Yigirma to‘rt soat ichidan ozgina vaqt ajrating, kechayu kunduzlarimiz g‘aflatda o‘tayotganini o‘ylang, o‘limni unutganimizni o‘ylang, hali Alloh taoloning huzurida hozir bo‘lishdan, buyuk hisob-kitobdan, jazo va mukofotdan g‘aflatda qolganimizni o‘ylang. Shu narsalar haqida o‘ylashga vaqt ajrating, bir kunmas bir kun o‘laman, keyin Alloh taoloning huzurida qanday qilib hisob beraman? So‘rovlariga nima deb javob qilaman?, deb o‘ylang. Shu o‘ylar har doim qalbda tirik tursin.
Agar kishi har kuni shu narsalarni fikrlab tursa, bor-yo‘g‘i bir necha haftada, inshaAlloh, dunyoga muhabbat qalbidan chiqib ketadi. Alloh taolo O‘zining rahmatidan barchamizga bu aytilganlarga amal qilish tavfiqini ato etsin, omin.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan