Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Dunyo o‘tish joyidir, doimiy yashash joyi emas. Modomiki, boshqalarga yaxshilik yetishini orzu qilar ekansan, demak, yaxshilikdasan. Go‘zal niyatli bo‘lishga haris bo‘l! Chunki, go‘zal niyat qilish ham savob deb yoziladi. Bas, niyatlaringizga qarab rizqlanasizlar.
«Xovatir roqiya jurnali»
*****
Ey Robbim! Qalblarimizni nifoqdan, amallarimizni riyodan, tillarimizni yolg‘ondan, ko‘zlarimizni xiyonatdan poklagin! Zero, Sen ko‘zlarning xiyonatini va qalblar yashirgan narsani bilasan.
*****
Kim havoyi nafsni ulfat qilib olsa, qulaydi.
Kim taqvoni ulfat qilib olsa, yuksaladi.
*****
«Agar insonlarning qalblarini ko‘rishga imkoningiz bo‘lganda, har bir qalbda og‘riqli qissa borligini ko‘rgan bo‘lardingiz. Shunday ekan, bir-birimizga nisbatan rahmli bo‘laylik! Shoyadki, Alloh taolo bizga ham rahm qilsa!»
*****
«Ixtiro qildi» emas, «Kashf qildi» deyiladi! Inson hech qachon biror narsani yaratolmaydi, ya’ni yo‘qdan bor qilolmaydi, hosil qilolmaydi! Balki, bor narsani kashf qilishi, ya’ni bor narsadan hosil qilishi mumkin.
*****
«Falonchining shogirdiman» deyishning o‘zi bilan shogird bo‘lib qolinmaydi. Avvalo, ustozning go‘zal xulqi, odobi, ilmi o‘zlashtiriladi va qoldirgan ilmiy merosiga, ko‘rsatmalariga amal qilishda bardavom bo‘linadi. Qolaversa, o‘sha olim ham uni shogirdim, deb bilishi kerak. «Falonchining shogirdiman» degan gapni brend kabi qilib olmaslik lozim. Biror olim bilan ko‘p birga bo‘lgan, hatto bir uyda ko‘p yil birga istiqomat qilgan insonlar bor bo‘ladi, lekin o‘zlarini hadeb shogirdiman, shogirdiman deb ko‘z-ko‘z qilverishmaydi.
*****
Qiyinchilik haqida gapiradilar va og‘riqlar to‘g‘risida yozadilar. Hatto botiniy aqllari mahzunlik uchun dastur ishlab chiqadi.
Ofiyat ne’matini anglamoqchi bo‘lsang, shifoxonaga bor.
Hurriyat ne’matini anglamoqchi bo‘lsang, qamoqxonaga bor.
Hayot ne’matini anglamoqchi bo‘lsang, qabristonga bor.
Mazkur joylardagi kishilarga nisbatan sening mahzunligingning vazni qancha?!
Ey Robbim! Ne’matlaring uchun O‘zingga hamd bo‘lsin!
*****
— Agar Alloh taolo bandasini yaxshi ko‘rsa, nima qiladi?
— Xato qilgan paytda uni istig‘for aytishga ilhomlantirib qo‘yadi.
*****
Qabrga Munkar va Nakirning qo‘rqinchli suratda kirishi mayyitning azoblanishiga kifoya qiladi. (Qabrdagi boshqa azoblar gapirilmayapti.)
*****
Umar roziyallohu anhu yaxshilik qilishda Abu Bakr roziyallohu anhuga yetolmadilar, lekin qolgan barchadan o‘zib ketdilar. Yaxshilik qilishdan to‘xtamaylik!
*****
— Yoshingiz nechchida?
— Sog‘lig‘im joyida.
— Pulingiz bormi?
— Qarzim yo‘q.
«Xovatir roqiya jurnali»
*****
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohning elchisi bo‘la turib tavoze’li holda yashadilar va shunday holda vafot etdilar.
Biz kim bo‘libmiz takabburlik qilgani?!
*****
Ey Robbim! Ko‘zlarimizni uyqudan uyg‘otganingdek, qalbimizni g‘aflatdan uyg‘ot!
*****
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sahobalar aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sariyog‘ va xurmoni yaxshi ko‘rar edilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja rivoyati).
Xurmo kam kaloriyali meva hisoblanib, unda bor-yo‘g‘i 23 kilo kaloriya mavjud. Biroq xurmoning tarkibida inson organizmi uchun zarur bo‘lgan 30 ga yaqin turdagi aminokislotalar mavjud bo‘lib, ularning aksariyati boshqa mevalarda uchramaydi.
Shuningdek, u kaliy, magniy, temir, mis va vitaminlar ayniqsa B6ga boydir.
Xurmo organizmdagi xolesterin darajasini pasaytirish orqali yurak kasalliklari xavfini kamaytiradi. Ichak faoliyatini yaxshilaydi va qabziyatning oldini oladi. Uni muntazam iste’mol qilish ichak mikroflorasini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.
Xurmo tarkibidagi kaliy qon bosimini me’yorlashtirishga va yurak funksiyasini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. Unda B6 vitamini va antioksidantlar miyadagi yallig‘lanish jarayonlarini kamaytiradi, xotirani mustahkamlaydi, fikrlash qobiliyatini yaxshilaydi.
Tarkibidagi glyukoza, fruktoza va sukroza kabi tabiiy shakarlar tufayli xurmo organizmga energiya beradi. Shu sababli u jismoniy charchoq paytida va iftorlikda eng yaxshi ozuqa hisoblanadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam qishda xurmo bilan, yozda suv bilan og‘iz ochar edilar.
Xurmo tarkibidagi kalsiy, magniy va fosfor suyaklarni mustahkamlaydi va osteoporoz kabi kasalliklar xavfini kamaytiradi. Undagi antioksidantlar esa, teri qarishini sekinlashtiradi va uning elastikligini saqlaydi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, homiladorlik davrida muntazam xurmo iste’mol qilish tug‘ruq jarayonini osonlashtirishga yordam beradi.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki: “Subhanallohi va bihamdihi”, desa, u uchun jannatda bir xurmo ekiladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD