Kuni kecha, 20 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida jamoatchilik vakillari, mahalliy aholi bilan samimiy suhbat qilib, o‘quv yurtlari, ishlab chiqarish korxonalari va issiqxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Shu yil 20 noyabr kuni muhtaram Prezidentimizning “Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu Qarorda meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash va eksport qilish hamda tejamkor texnologiyalardan foydalangan holda issiqxonalarni yaratish masalasiga katta e’tibor berilgan. Shuningdek, issiqxonalarni ular joylashgan hududning o‘ziga xos xususiyatlari, iqlim sharoitlari va qishloq xo‘jaligi ekinlariga ijobiy ta’sir etuvchi boshqa omillarga ham alohida e’tibor qilingani sohani rivojlantirishga katta omil bo‘ladi.
Dini mubinimizda dehqonchilik masalasiga alohida e’tibor berilgan. Ko‘plab oyati karima, hadisi shariflarda hosil Alloh taoloning irodasi bilan yetilishi bayon etilgan. Bu esa dehqonlarning mehnati Allohning ostida ekaniga va Alloh taolo ularga ko‘makchiligiga dalolat qiladi. Chunki dehqonchilikka nazar solinsa, bu kasb insonning qalbini Alloh taoloning toatiga yaqin qiladi. Dehqon odam urug‘ni ekadi, so‘ng urug‘i unib chiqishidagi Alloh taoloning qudratiga guvoh bo‘ladi. Alloma Movardiy aytadilarki: “Insonning tirikchiligi uch narsaga bog‘langan bo‘ladi: dehqonchilik, tijorat va hunarmandchilik. Mening nazdimda dehqonchilik eng pokizasi va eng afzalidir”, deganlar. Shunday ekan muftiy hazratlari issiqxonalar faoliyatini rivojlantirish orqali, xalqimiz dasturxonini to‘kin-sochin qilish savobli amal ekanini bildirib, hosilga qut-baraka tilab duo qildilar.
Muftiy hazratlari Qo‘ng‘irot tumanida jamoatchilik vakillari, mahalliy aholi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bugungi kunda davlatimiz Rahbari tomonidan olib borilayotgan ulkan o‘zgarishlar, Yaratgan Parvardigorning bergan ne’matlariga shukrona qilish va Islom dini ma’rifatini to‘g‘ri yetkazish haqida so‘zlab berdilar.
Qoraqalpog‘iston safari davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati