Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Dekabr, 2024   |   29 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:25
Bismillah
29 Dekabr, 2024, 29 Jumadul soni, 1446

O‘zini-o‘zi turli yo‘llar bilan qasddan o‘ldirishning og‘ir gunohligi haqida fatvo

8.11.2018   9753   13 min.
O‘zini-o‘zi turli yo‘llar bilan qasddan  o‘ldirishning og‘ir gunohligi  haqida  fatvo

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ وَعَلَى اَلِهِ وَاَصْحَابِهِ اَجْمَعِينَ. اَمَّا بَعْدُ

Inson doimo o‘ziga berilgan barcha ilohiy ne’matlarga shukr qilib, hayotda duch keladigan har qanday musibat va qiyinchiliklarga sabr qilishi va Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim bo‘ladi. Turli shaytoniy vasvasa, tushkunlik va umidsizlikka berilmay, Inson degan ulug‘ nomga muvofiq ish tutish chin mo‘min-musulmonga xos ishdir. Zero, Alloh taolo bu dunyoni imtihon dunyosi qilib, unda bandalarini turli xil yo‘llar bilan sinashini ma’lum qilgan. Qur’oni karimda bu haqda shunday degan:

وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ قَالُوا إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ

ya’ni: Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar” (Baqara surasi, 155-oyat).

Inson o‘zi kutmagan musibatli holatlarga duch kelganda albatta, bu musibatdan qutulish choralarini qidiradi. Ba’zan imon-e’tiqodning sustligi, sabr-toqatning ozligi sababli, shayton vasvasasi g‘olib kelishi oqibatida boshiga tushgan musibat yoki qandaydir og‘ir sharoitda qolgan kishi turli xildagi noxush ishlarga qo‘l urib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun, Alloh taolo musibatlarni yengishda sabr-qanoatga suyanish, Uning taqdiriga rozi bo‘lish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini bayon etmoqda.

Afsuslar bo‘lsinki, keyingi vaqtlarda ayrim kishilar, ayniqsa, xotin-qizlar bilib-bilmay o‘zlarining jonlariga qasd qilish orqali, Alloh taolo ato etgan hayot nurini bevaqt so‘ndirishga, ikki dunyoda abadiy la’natga va do‘zax azobiga duchor bo‘lishga sabab bo‘ladigan og‘ir gunohga qo‘l urmoqdalar. Inson o‘ziga omonat qilib berilgan jonni o‘z qo‘li bilan halokatga tashlashi, ya’ni o‘z joniga qasd qilishi nafaqat musibatdan qutulishning eng noto‘g‘ri  yo‘li, balki undanda kattaroq musibatga o‘zini mubtalo qilish demakdir. Chunki, o‘z joniga qasd qilish Alloh taoloning unga ato etgan ne’matlariga, xossatan, berilgan umr – holi hayotga noshukurlik hamda Odilu Hakim zotning belgilab qo‘ygan taqdiriga nisbatan ulkan isyondir.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadislarda o‘z joniga qasd qilishning ayanchli oqibatlari aniq bayon etiladi. Sobit ibn Zahhokdan rivot qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عَنْ ثَابِتِ بْنِ الضَّحَاكِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِشَيْءٍ فِي الدُّنيَا عُذِّبَ بِهِ يَومَ القِيَامَةِ.

ya’ni: “Kim bu dunyoda o‘zini biror narsa bilan o‘ldirsa, qiyomatda ham unga o‘sha narsa bilan azob beriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

O‘z joniga qasd qilishning og‘ir gunoh ekanligi, unga tayinlangan jazodan ham ma’lumdir. “Sahihi Buxoriy” va “Sahihi Muslim”  kitoblarida keltirilishicha:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ تحَسَّى سَمًّا فَقَتَلَ نَفْسَهُ فَسَمُّهُ فِيِ يَدِهِ يَتَحَسَّاهُ فِيِ نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فيِهَا أَبَدًا وَمَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِحَدِيْدَةٍ فَحَدِيدَتُهُ فِي يَدِهِ يَطْعَنُ بِهَا فِي بَطْنِهِ فِي نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا وَمَنْ تَرَدَّى مِنْ جَبَلٍ فَقَتَلَ نَفْسَهُ فَهُوَ يَتَرَدَّى فِي نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا وَالَّذِى يَتَقَحَّمُ فِيهَا يَتَقَحَّمُ فِي النَّارِ وَالَّذِي يَخْنُقُ نَفْسَهُ يَخْنُقُهَا فِي النَّارِ

ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar:“Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirsa, qiyomat kunida o‘sha zahari qo‘lida, uni ichgan holda jahannam olovida abadiy qoladi. Kim o‘zini temir parchasi bilan o‘ldirsa, o‘sha temir parchasini qorniga suqqan holida jahannam o‘tida abadiy qoladi. Kim tog‘ tepasidan tashlab o‘zini-o‘zi o‘ldirsa, jahannamda ham shu xil azobga giriftor bo‘ladi. O‘zini biror narsaga urib o‘ldirgan kimsa, do‘zaxga  o‘zini urib azoblaydi. O‘zini o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirgan kimsa, jahannamda ham o‘zini bo‘g‘ib azoblaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Boshqa hadisda Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:

 عَنْ جُندُبِ بْنِ سُفيَانَ رَضِيَ اللهُ عَنهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَليْهِ وَسَلَّمَ: "خَرَجَ بِرَجُلٍ فِيمَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ خَرَاجٌ فَلَمَّا آذَاهُ اِنْتَزَعَ سَهْمًا مِنْ كِنَانَتِهِ فَنَكَّأَهُ فَلَمْ يَرقَأِ الدَّمُ حَتَّى مَاتَ

فَقَالَ اللهُ تَعَالَى: "بَادَرَنِي ابْنُ آدَمَ بنَفْسِهِ فَقَتَلَهَا، فَقَدْ حَرَّمْتُ عَلَيْهِ الجَنَّةَ"

(رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ)

ya’ni: Jundub ibn Sufyon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sizlardan oldingi ummatdan bo‘lgan bir kishining badaniga toshma toshgan edi. Toshma unga ozor beravergach kamon o‘qini qinidan olib, yarani tirnay boshladi. Undan chiqqan qon to‘xtamay oqibatda u kishi o‘ldi. Shunda Alloh taolo: “Bandam shoshib o‘zini o‘ldirdi. Shuning uchun jannatni unga harom qildim”, – dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Dinimizda nafaqat o‘zini qasddan o‘ldirish, balki ehtiyotsizlik tufayli hayotiga zomin bo‘lish ham qattiq qoralanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:

عَنْ عَلِيِّ بْنِ شَيْبَانَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ بَاتَ فَوْقَ بَيْتٍ لَيْسَ حَوْلَهُ شَيْءٌ يَرُدُّ  قَدَمَيْهِ  فَوَقَعَ فَمَاتَ فَقَدْ بَرِئَتْ مِنْهُ الذِّمَّةُ   وَمَنْ رَكِبَ الْبَحْرَ بَعْدَمَا يَرْتَجُّ  فَمَاتَ فَقَدْ بَرِئَتْ مِنْهُ الذِّمَّةُ 

(رَوَاهُ الْحَاكِمُ)

ya’ni: Ali ibn Shaybon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: Kim  uyning atrofi o‘ralmagan tomi ustida tunasa va undan tushib ketib o‘lsa, unga hech kim javobgar emas, kim dengizga mavjlanib turgan vaqtda chiqsa va cho‘kib o‘lsa, unga hech kim javobgar emas” (Imom Hokim rivoyati). Shunga o‘xshash, avtoulovning tezligini haddan oshirib haydash, yoki tamaki va giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishga mukkasidan ketish oqibatida inson o‘z hayotiga zomin bo‘lishi ham o‘z joniga qasd qilgan bilan barobardir. Shunday ekan, inson hayotiga xavf tug‘diradigan har qanday holatlardan o‘zini saqlashi lozim bo‘ladi.

Inson qilgan gunohlariga sidqidildan tavba qilsa, Alloh taolo uni mag‘firat qiladi. Ammo, insonning o‘z joniga qasd qilish holatida, agar uning bu xatti-harakati amalga oshsa, unga bu gunohdan tavba qilishning imkoni bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘z joniga qasd qilish insonga nisbatan shayton vasvasasining eng avj nuqtasi va shaytonning bir inson ustidan g‘alabasi hisoblanadi. Bu dardga aksar holda yoshlarning mubtalo bo‘layotganini alohida e’tirof etish lozim. Xo‘sh, undan qanday saqlanmoq kerak?

Mazkur illatni keltirib chiqaruvchi eng asosiy omillardan biri yoshlarimizning hayot haqidagi tushunchasining sayozligi, hayotni yengil-yelpi filmlar orqali tasavvur qilishi, shuningdek, milliy qadriyatlarimiz hamda Islom dini ta’limotlaridan yiroqlashib ketishi buning bosh sabablaridan biri hisoblanadi. Chunki, milliy qadriyatlarimiz zamirida va Islom dini ta’limotlarida, xususan, Qur’oni karim va hadisi shariflarning bir necha o‘rinlarida jon egasining o‘z joniga qasd qilishidan qat’iy qaytarilgan. Aksincha, Alloh taolo omonat qilib bergan hayot ne’matini, umrimiz yillarini chiroyli solih amallar va savobli ishlar bilan o‘tkazishga, kundalik hayotiy qiyinchilik va muammolarni aql-zakovat bilan hal etishga harakat qilish va Alloh taoloning rahmatidan doimo umidvorlik bilan yashashga intilish haqiqiy imonli insonning barkamol fazilati bo‘lib hisoblanadi.

Asosiy muammolarimizdan biri ruhiy tushkunlikka berilayotgan bunday toifa insonlarga yaqinlari tomonidan o‘z vaqtida e’tibor berilmasligi, beparvolik, uni qiynayotgan, javobini topa olmayotgan masala yechimini hal qilib berilmasligidir. Shuning uchun barchamiz bir-birimizga nisbatan mas’ul ekanligimizni unutmaylik. O‘zaro e’tiborli, mehr-oqibatli bo‘laylik.

Alloh taologa shukrki, biz – musulmonlar inson uchun hamma hayot sharoitlari to‘liq muhayyo qilingan farovon jamiyatda yashamoqdamiz. Birov-birovni haq-huquqini kamsita olmaydi. Bunday adolatli jamiyatda yashash ayni saodatdir. Binobarin, bizning Vatanimizda o‘zini-o‘zi o‘ldirishga hech qanday sabab yo‘q.

Har bir inson, xoh erkak va xoh ayol bo‘lsin, ushbu haqiqatni yaxshi tushunib olishi va shunday to‘kin, tinch va farovon zamonda hamda adolat  ustivor bir jamiyatda yashayotgani uchun Alloh taologa shukr qilishi lozim. Har qanday ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni sabru qanoat va husni tadbir bilan hal qilsa bo‘ladi. Ammo besabrlik ila noshukrlik qilinsa, oqibati xayrli bo‘lmaydi. Hadislarda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘zini o‘ldirgan odamga janoza namozi o‘qimaganliklari aytilgan.

عَنْ جَابِرِ بْنِ سَمُرَةَ أَنَّ رَجُلًا قَتَلَ نَفْسَهُ فَلَمْ يُصَلِّ عَلَيْهِ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ

ya’ni: Jobir bin Samuradan rivoyat qilinadi, bir kishi o‘zini o‘ldirib qo‘ydi, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam unga janoza namozi o‘qimadilar (Imom Termiziy rivoyati). Imom Nasaiyning rivoyatlarida Rasululloh sallalohu alayhi vasallam:

أَمَّا أَنَا فَلَا أُصَلِّي عَلَيْهِ

 ya’ni: “Men unga janoza namozi o‘qimayman”, – deganlar.

Shunga ko‘ra ba’zi ulamolar, o‘zini o‘zi o‘ldirgan kishiga imom janoza namozi o‘qimaydi, balki, mayyitning yaqinlaridan biri o‘qiydi, deganlar. Buning sababi, odamlar o‘z joniga qasd qilishning oqibati yomon bo‘lishi, hatto unga katta jamoat bo‘lib, imom boshchiligida namoz o‘qilmasligini bilsinlar va bunday gunohi azimga qo‘l urishdan qo‘rqsinlar, degan ma’no bor.   

Ruhiy kasalliklar tufayli o‘z joniga qasd qilganlar bundan mustasno. Zero, aql-hushi joyida bo‘lganlargina mukallaf hisoblanadilar. Ya’ni, shariat ko‘rsatmalarini bajarishga va taqiqlaridan saqlanishga buyurilgan bo‘ladilar. Ammo, ruhiy kasalligi bor kishi o‘zining hech qanday tasarrufidan mas’ul bo‘lmaydi.

Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz hadislariga amal qilgan holda va mazkur dalillar asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi yurtimizdagi barcha musulmonlarga murojaat qilib, o‘zini-o‘zi o‘ldirish kabi noshar’iy holatlarga qarshi keskin choralar ko‘rishga chaqiradi. Insonlar shunday holatlarga duch kelgan taqdirda uni bartaraf etishning chora-tadbirlarini ko‘rish barcha imom-xatiblarning eng muhim vazifasi va ham diniy, ham insoniy burchlaridir, deb hisoblaydi.

Barcha imom-xatiblar inson o‘zini-o‘zi o‘ldirishni yoki o‘ziga o‘t qo‘yishi katta gunoh ekanligini musulmonlarga oyat va hadislar bilan isbotlab tushuntirishlari lozim. Bunday noshar’iy ishlar Alloh taoloning bandalariga bergan hayot ne’matiga noshukrlik ekanini batafsil anglatib  borishlari zarurdir.

Shu bilan birga imom-xatiblardan o‘zini-o‘zi o‘ldirganlarga janoza namozi o‘qishdan bosh tortishlari, uylariga duoyi fotihaga, ma’raka marosimlariga bormasliklari talab etiladi. Balki, shunday holat yuz berganda janozani mayyitning uyida yaqinlaridan biri o‘qishlarini  tushuntirishlari lozim bo‘ladi. Imom-xatiblar shu yo‘l bilan o‘zini-o‘zi o‘ldirgan shaxslarning gunohi qanchalik og‘ir ekanini xalqqa oshkor qilgan va  musulmonlarni bu mudhish fe’ldan asragan bo‘lishadi.     

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi mazkur dalillar va fatvolarga asoslangan holda barcha imom-xatiblar mazkur fatvoning mazmun va mohiyatini mo‘min-musulmonlarga batafsil tushuntirib berib, barchani ogohlikka, hushyorlikka chaqirishlarini talab qiladi.

Alloh taolo har bir bandasiga ato etgan ne’matlariga shukr qilishga va  sinov uchun yetgan musibatlarga sabr qilishni nasibu ro‘ziy aylasin!

Vallohu a’lam bissavob.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Ulamolar kengashi raisi, muftiy

 Usmonxon  ALIMOV

28.08.2018 y.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ilm-fan va olimlar shahri

27.12.2024   5148   3 min.
Ilm-fan va olimlar shahri

Dunyo ilm-fan rivojida Islom ma’rifati va madaniyatining o‘rni beqiyosdir. Ko‘plab allomalar va ulamolarning ma’naviy-ilmiy asarlari o‘z davridan hozirgi vaqtgacha ahamiyatini yo‘qotmasdan ilm-fan taraqqiyotiga muhim manba sifatida e’tirof etib kelinmoqda. Umumjahon e’zozlagan olimlar va ulamolar Bog‘dod, Damashq, Samarkand, Buxoro, Granada va Tripoli kabi shaharlarda yashab ijod qilganlar. Ular: Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamahshariy kabi ulamolar dinimiz rivojiga hissa qo‘shgan. Abbosiylar davridan boshlab Tripoli shahri mana bir necha asrdirki ilm-fan markazi bo‘lib qolmoqda. Fotimiylar davrida esa Tripoli shahri poytaxt bo‘ldi. Halifa Ibn Ammor Tripolini ilm markaziga aylantirdi va o‘z davrining eng yirik kutubxonalaridan biri ochildi. Manbalarga ko‘ra unda yuz ming jild kitob mavjud edi. Uning davrida olimlar, ulamolar va yozuvchilar ulug‘langan. Ularga g‘amxo‘rlik qilingan va alohida halifa e’tirofida bo‘lishgan.
 

Hozirgi kunda ham Tripolida nufuzli xalqaro tashkilotlar, universitetlar, kutubxonalar va ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat yuritib kelmoqda. Shahar ulamolar, olimlar, tadqiqotchilar va talabalar bilan gavjum. Poytaxtning o‘zida 100 dan ko‘p nufuzli universitetlar mavjud. Tripoli universiteti esa o‘zida ham diniy va dunyoviy ilmlarni jamlagani bilan boshqa universitetlardan ajralib turadi. Ushbu dargoh “200 nufuzli Islom universitetlari” ro‘yxatiga kiritilgan. Tripoli universiteti 1957 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 70 000 dan ortiq talabalar bu dargohda ta’lim olib kelishmoqda. U turli yo‘nalishdagi 20 ta kollejni birlashtiradi. Islomshunoslik, Ilohiyat, Fiqh, Huquqshunoslik, Tibbiyot, Xorijiy tillar va Iqtisodiyot kabi fakultetlardan tashkil topgan. Tripoli universiteti dinimiz qadriyatlari doirasida rivojlanishni va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llovchi ta’lim muassasasidir. Universitetning maqsadi talabalarga Islom dini va axkomlari asosida ilmiy va axloqiy ta’lim berish va turli dunyoviy bilimlarni o‘rgatishdir. Tripoli universitetining o‘ziga hos jixati shundaki har bir talaba moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlikni o‘rganishi shart. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi talabalar universitet tomonidan rag‘batlantiriladi.


Islomshunoslik yo‘nalishi talabalari o‘quv dasturi davomida Quroni karimni to‘liq yod olishi, shariat asoslarini o‘rganishi, Islom tarixi, Hadis ilmi, Meros taqsimoti, og‘zaki va yozma nutq san’ati kabi fanlarni o‘zlashtirishi talab qilinadi. Islomning sof fitratini namoyish etish, ilm olish va uni ulashish ushbu yo‘nalish fakultetining maqsadidir. Adashgan oqimlar va ekstremistik qarashdagi guruhlarni Quron va hadis orqali ezgu yo‘lga chorlash ularning vazifasidir.


Tripoli universitetida 3450 ta ilmiy nashr faoliyat ko‘rsatadi. Ularda talabalarning ilmiy ishlari, amaliyot va tadqiqotlar natijalari keltirilgan. Misol tariqasida, “Islom ta’limini o‘rganishda Qur’oni Karimning ta’siri”, Ahmad Abdul Salam Abu Moziriqning “Irshod al-Hiron” kitobi haqida, Shayx Abu Abdulloh Muhammad bin Ali al-Xorubiyning “Riyod al-Azhar” va “Sirlar xazinasi”ning lingvistik talqini kabi ilmiy izlanishlar va maqolalar nashrlar orqali keng ommaga berib boriladi.


Shohruh UBAYDULLOH