Insonni boshqa jonzotlardan ajratib turuvchi va uning asosiy xususiyatini belgilovchi “fahm-farosat, o‘ylash, anglash va tafakkur malakasi”ni anglatuvchi atama “aql” deyiladi.
Darhaqiqat, aql orqali ilmu ma’rifat sirlari ochiladi. Jamiyatning murakkab muammolari hal etiladi, turli-tuman hayotiy voqealar, nozik masalalar o‘z yechimini topadi. Chunki, inson faqat aql bilan narsaning mohiyatini ravshan anglashi mumkin. U aql bilan fikrlaydi, aql bilan harakat qiladi.
Alloh taolo xabar berib aytadi:
“…Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?! Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar”.(Zumar surasi 9-oyat)
Alloh taolo mazkur oyati karima orqali inson aqli ilmu ma’rifat va imon bilan hamohang ekanini ta’kidlaydi. Zero, imon aql vositasi ila yuzaga keladi. Aql haq bilan botil, hidoyat bilan zalolat orasini ajratib beradi. Yomonlik bilan yaxshilik o‘rtasini farqlaydi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Aql haq va botilni ajratadigan qalbdagi nurdir”, -deganlar.
Omir ibn Abdulqays: “Aqling seni noloyiq ishlardan qaytara olsa, demak sen aqllisan”, — degan.
Alloh taolo inson zotini aql tufayli mukarram etib, uni barcha jonzotlardan afzal qildi. Aql sababidan insonga turli burch va vazifalarni yukladi.
Alloh taolo O‘z irodasi va qudrati ila insonni aqlli qilib yaratdi. Shuning uchun ham islom ta’limoti aql rivoji va taraqqiyotiga katta ahamiyat beradi. Zero, islom dini aql yuritish, fikrlash, nazar solish va ibratlashishga chaqiruvchi dindir. Islom aqidasiga ko‘ra, ilohiy vahiy bilan aql o‘zaro ziddiyatga bormaydi, chunki payg‘ambarlarga berilgan vahiy va aql Alloh taoloning ilohiy tuhfalari hisoblanadi. Qur’oni karim oyatlarini chuqurroq mushohada qilsak, vahiy va aql bir-birini naqadar qo‘llab quvvatlashini yaqqol ko‘ramiz. Alloh taolo aytadi:
“Albatta, osmonlar va Yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashib turishida, odamlar uchun foydali narsalar ortilgan kemalarning dengizda suzishida, Alloh osmondan tushirib, u sababli (o‘lik) yerni tiriltirgan suvda, turli jonzotlarni unda (yerda) tarqatib qo‘yishida, shamollarni (turli tomonga) yo‘naltirishida va osmon bilan Yer orasidagi bo‘yin sundirilgan bulutlarda aqlni ishlatadigan kishilar uchun alomatlar (Allohning vujudi va qudratiga dalillar) bordir”. (Baqara surasi 164-oyat)
Alloh taolo boshqa bir oyati karimada sog‘lom aql egalarini fikr yuritishga va turli hissiyotlarni isloh etishga chorlaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning hadislari barcha insonlarga ilm-ma’rifat hosil qilishda aqlni ishlatish ahamiyatini, turli hayotiy muomalalarda aql bilan ish tutishni o‘rgatadi. Aql – idrok etish, ajratish va hukm chiqarishda asosiy omildir. Turli fiqhiy masalalar yechimida ijtihod qilish va ularni yangilashda aqlning o‘rni e’tirof etilgan. Ibodatlar va hayotiy ishlarda aqlu tafakkurni o‘z o‘rnida ishlatish vojibligi alohida ta’kidlanadi.
Shu sababli yashayotgan oilamiz, mahalla-ko‘y, qishlog‘imiz, shahrimizda har bir ish qilishimizda, muomalamizda shoshqaloqlik qilmay, bo‘lar-bo‘lmas gaplarga uchmay, Alloh bergan aqlimizni ishlatishimiz, har narsani aql tarozusida o‘lchab, keyin ish qilishimiz yoki gapirishimiz darkor bo‘ladi.
Bishr Hofiy; “Agar insonlar Alloh taoloning buyukligi haqida fikrlashsa edi, Unga hech qachon osiy bo‘lishmas edi”. degan
Inson to‘g‘ri va chiroyli fikr qilishi orqali barcha yomonlik va qabihliklardan yuz o‘girib, chiroyli va maqbul ishlarni qilishga kirishadi. Tafakkur qilish orqali inson zoti o‘rtasida fazilatli munosabatlar o‘rin oladi. G‘iybat, hasad, gunoh, mas’uliyatsizlik, razolat va jaholat chekinadi.
Botir Nosirov
Xovos tumani «Husnobod»
jome masjidi imom-xatibi
O‘MI matbuot xizmati
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi