O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari Tursunzoda tumanidagi “Bog‘i somon” dehqon xo‘jaligiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xo‘jalik rahbari Kamol hoji Madumarov asli oltiariqlik usta dehqon farzandi. U ota kasbini davom ettirib, qut-baraka, elda obro‘ topgan. Bugungi kunda xo‘jalik uzumzori 500 gektarga yetgan. O‘nga yaqin navdagi shirin va hosildor uzumlar dovrug‘i butun mintaqamizga taralgan.
Prezidentimiz uzumzor bog‘ va mahsulotlar omborini ko‘zdan kechirdi. Shavkat Mirziyoyev Kamol ota Madumarovga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan Captiva avtomashinasini sovg‘a qildi.
Davlatimiz rahbari shu tumandagi «Vatan» dehqon xo‘jaligida ham bo‘lib, uning rahbari Ne’mat hoji Usmonovga yana bir avtomashina tuhfa etdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlariga oid Farmonni imzoladi.
Hujjat Konstitutsiyaviy sud faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish hamda sud ishlarini yuritishda shaffoflik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan. Unda quyidagilar nazarda tutilgan:
– fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish tartib-taomillarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish;
– konstitutsiyaviy shikoyat institutini takomillashtirish va sud himoyasini kuchaytirish;
– davlat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan konstitutsiyaviy nazoratni ta’minlash;
– 2026–2027 yillarda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish dasturini amalga oshirish;
– sud ishlarini yuritishda "E-KSUD" axborot tizimini joriy etish, elektron murojaatlar, onlayn kuzatuv va videokonferensiya orqali sud majlislarida ishtirok etish imkoniyatlarini yaratish;
– sud majlislarini jonli efirda uzatish, audioyozuv orqali qayd etish va elektron bayonnomalarni shakllantirish;
– davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiya orqali fuqarolar va tadbirkorlarni ortiqcha ovora qilmasdan zarur ma’lumotlarni elektron shaklda olish amaliyotini joriy etish.
Farmon Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda sud tizimida zamonaviy, ochiq va xalqqa yaqin mexanizmlarni joriy etishga xizmat qiladi.