O‘n bir farzandli Gen va Halilintar oilasi Indoneziyadagi ko‘p bolali xonadon hisoblanadi. Bu oila ziyorat turizmni faol targ‘ib etmoqda.
Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmatining xabar berishicha, bu oila 2014 yilda yurtimizda, jumladan, Samarqandda sayohatda bo‘lib, bundan juda katta taassurot oladi. Shu sababli ular mamlakatimizdagi tarixiy-madaniy inshootlar, muqaddas qadamjolar va xalqimiz madaniyati, an’ana va urf-odatlari haqida “O‘zbekiston – mehmondo‘st davlat” (“UZBEKISTAN NEGARA SAHABAT”) nomli kitob yozdi. Hozirgacha bu kitob 100 ming nusxada nashr etildi va Indoneziyada juda mashhur bo‘ldi. “GenHalilintar” oilasi mazkur kitobni o‘zbek tiliga tarjima qilish va Samarqandda nashr etishni rejalashtirgan.
Ta’kidlash lozimki, “GenHalilintar” oilasini “King of YouTube” (Yutub qiroli) deb ham atashadi. Chunki, oila YouTube kanalida juda katta – 15 millionlik auditoriyaga ega. Ularning O‘zbekistonga safari haqidagi videosini tomosha qilganlar hozirgacha 150 mingdan oshdi.
“GelHalilintar” Samarqand shahrida turizmni rivojlantirishni istaydi. Buning uchun ularning o‘zi ham qadimiy va hamisha navqiron shahar turizm sohasiga investitsiya kiritish niyatida.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 26 may kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Islom – salomatlik targ‘ibotchisi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, shuningdek, yosh olimlar, doktorant va magistrlar, yurtimiz va xorijlik professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislari qatnashdi.
Mazkur anjumanda islom dinining inson salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rag‘batlantirish hamda jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, "Islomda sog‘lom turmush tarzi", "Ibn Sinoning to‘g‘ri ovqatlanish va tanani sog‘lom saqlashga oid tavsiyalari", "Farzand kamolotida jismoniy tarbiyaning o‘rni", "Yosh avlodni sog‘lom e’tiqod va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ushbu anjuman natijasida islomda sport, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq masalalar haqidagi tadqiqotlar takomillashishi barobarida salomatlikka oid diniy-axloqiy qarashlar, ilmiy mulohazalar va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati