Joriy yilning 21 sentyabr kuni Turkiyaning Ibn Haldun universitetida "XXI asr tahdidlari va islom ma’rifati g‘oyalari" mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi. Ushbu anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Ushbu konferensiyada O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari ishtirok etganlari ma’lum qilingan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomida Idora raisining o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur ishtirok etdilar.
Anjuman doirasida jahonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishda islom dinining ahamiyati, uning o‘rni haqida fikrlar bildirilib, hamjihatlikda ish olib borish istiqbolda ulkan natijalarga erishishning asosi ekani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkiya diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi.
O‘MI Matbuot xizmati
Rivoyat qilinishicha, bir kuni sahroda bir otliq kishi ketib borardi. Cho‘lda sarson bo‘lib, adashib chanqoqdan tinkasi qurigan bir kishini uchratdi. Bu odam otliqdan suv so‘radi, otliq unga suv berdi. Yo‘lovchi biroz o‘ziga kelgach otliqdan uni o‘zi bilan olib ketishini iltimos qildi. Otliq rozi bo‘ldi va yo‘lovchini otiga minishiga izn berdi.
Ammo, yo‘lovchi ko‘p toliqqani uchun otga o‘zi mingasha olmadi va: "Men chavandoz emasman, oddiy dehqonman, shuning uchun otga minishga o‘rganmaganman. Iloji bo‘lsa menga otga minishimga yordamlashib yuborsangiz", deb iltimos qildi.
Otliq otdan tushib, unga yordam berdi. Biroq, yo‘lovchi otga mingach, mohir chavandoz kabi otni choptirib qochib qoldi.
Shunda otliq o‘zini aldanganini angladi va qochayotgan o‘g‘rining ortidan qichqirib: "Menga qilgan bu ishingni hech kimga aytma, iltimos! Yo‘qsa, odamlar bir-birlariga muruvvat qilmay qo‘yadilar", dedi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV