Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

Kamtarlik

24.01.2024   773   4 min.
Kamtarlik

Kamtar boshliq eng afzal odam sanalishidan tashqari, eng ko'p faoliyatli kishi hamdir, zero, u doim xatolarini e'tirof etishga, ergashuvchilariga yorug'lik ulashishga tayyor bo'ladi. Boshqalardan ta'lim olaveradi. Bu esa kamtarona boshliqlik sifatlaridandir.

Kamtar odam nafsni boshqarishga eng qudratli odam hisoblanadi. Nafsni boshqarish ayni vaqtda muvaffaqiyatli hayot kalitlaridandir.

Kamtar inson o'ziga juda kam e'tibor beradi, natijada ig'vogarlik qilinadigan o'rinlarda ham o'zini boshqara biladi. Boshqalarni qanday bo'lsa shundayligicha qabul qiladi, ular bilan bog'lanishi, mustahkam aloqalarni o'rnatishi oson bo'ladi.

Kamtar odam “Butun olam mendan qarzdor”, “Mening mavqeyim boshqalarnikidan baland” kabi xayollardan xoli bo'ladi. U hamma narsani yaxshi qabul qilshim, kechiruvchan bo'lishim, shaxsiy fikrlarimni boshqalarnikidan Afzal ko'rib, o'zimni oqlamasligim kerak, deb biladi.

Kamtar tolibi ilm, talabalar ichida eng ilmlisi bo'ladi, xuddi chuqur erda suv ko'p bo'lgani kabi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh bandani kechirimliligi tufayli faqat va faqat qadrini ko'taradi. Qaysiki banda Alloh oldida o'zini kamtar tutsa, Alloh uni yuqorilatadi” (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kamtarlar sayyidi edilar, buyuk qadr-qimmatlari, oliy maqomlaridan tashqari u zotda kibr, dimog'dorlikdan asar ham bo'lmagan. Mo'minlarga qanotlarini pastlatar, ularga kattalik qilmasdilar, ular orasida o'tiganda xuddi ulardan bo'lgan bir oddiy odam singari o'tirardilar. Tashqaridan kelgan odam u zotni ajrata bilmasdi, chunki to'g'ri kelgan joyga o'tirib ketaverardilar. Savol so'rab kelgan begona odamlar “Muhammad kim?” deya so'ragani ham bejizga emas!

Abu Zarr va Abu Hurayra roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari orasida o'tirar edilar, begona odam kelsa, payg'ambar qaysi birlari ekkanini ajrata olmay so'rardi. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga alohida joy qilishni qasd qildik, toki begona odam kelsa, bilishi uchun. Tuproqdan minbar qurdik, keyin unga o'tiradigan bo'ldilar, biz esa atroflarida o'tirar edik” (Abu Dovud rivoyati).

Kamtarlik bilimsiz odamninig bilimsizligini satr qiladi. Kibr esa aksincha, bilimli odamning fazlini yo'qqa chiqaradi. Oqil odam daraxtning shoxiga o'xshaydi, kattalashgani sari enkayib, kamtarlashib boradi.

Bir rivoyatda aytilishicha, Ali roziyallohu anhu go'sht sotib olib, yopinchiqlariga solibdilar. Odamlar: “Ey mo'minlar amiri, keling, sizdan olaylik”, deyishibdi. Shunda u zot: “Yo'q, boshliq odam ko'tarishga haqliroq”, degan ekanlar.

Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Olimga nimani nasihat qilaman?

09.06.2025   6475   2 min.
Olimga nimani nasihat qilaman?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.

Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».

Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan