Hazrati Imom (xalq orasida Xast imom nomi bilan mashhur) – Toshkentning eng asosiy diqqatga sazovor joylaridan biridir. Majmua Toshkent imomi, olim, Qur’on va hadis bilimdoni, Toshkentda islomning ilk targ‘ibotchilaridan biri, shoir va hunarmand Hazrati Imom (uning to‘liq ismi Abu Bakir ibn Ismoil Al-Qaffol Ash-Shoshiy) qabri atrofida bunyod etilgan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, shuningdek, u qulflar va qalitlarni tayyorlash bo‘yicha usta ham bo‘lgan, shu sababli “Qaffol” (qulfchi) laqabini olgan, 72 tilni bilgan va Tavrotni arab tiliga tarjima qilgan.
Abu Bakr Qaffol Shoshiy 976-yilda 73 yoshida vafot etadi va u shu kungacha butun dunyoda musulmonlar tomonidan hurmat qilinadigan maqbarada dafn etiladi.
Ushbu majmuaning me’moriy elementlari turli davrlarda barpo etilgan. “Qaffol Shoshiy” maqbarasi, “Baroqxon” madrasasi va “Mo‘yi Muborak” madrasasi 16-asrda qurilgan. “Nomozgoh” masjidi 18 asrda va “Tilla Shayx” jome masjidi 20-asrda barpo etilgan.
“Hazrat Imom” jome masjidi va O‘zbekiston musulmonlari idorasining yangi ma’muriy binosi yaqin yillarda (2007) O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi va loyihasi bilan barpo etildi.
Hazrati Imom majmuasida katta kutubxona mavjud. Bugungi kunda qo‘lyozmalar soni 30000 mingtani tashkil etadi. Ular “Tilla Shayx” masjidining eski binosidagi saqlash xonasida joylashgan.
Manzil: Zarqaynar ko‘chasi, Chorsu bozorining sharqida.
Kiyinish talablari: O‘zbekistonda ayollar diniy diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilishda tananing ochiq qismlarini (yelkalar, orqa va oyoqlar) yopib yurishi maqsadga muvofiq.
manba: tashkentnews.uz
Ma’rifat soati
Bugun Toshkent shahridagi "Shayx Zayniddin" jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar uchun Ma’rifat soati bo‘lib o‘tdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdulvosit Homidjonov ham tadbirda ishtirok etib, o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berdilar.
Kun tartibida umumiy masalalar, xususan, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish, fuqarolar bilan xushmuomala bo‘lish, mahallalar bilan ko‘proq ishlab, xonadonlarga kirib borishni tizimli yo‘lga qo‘yish bugungi kun talabi ekani eslatib o‘tildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov hamda vakillik mas’ul xodimi Saidxon domla Maxsumov Toshkent shahar hokimligi tomonidan Tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Ma’rifat soati so‘ngida xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati