Zubayr roziyallohu anhu hijratdan 28 yil oldin Makka shahrida tug‘ilgan. Uning to‘liq ismi Zubayr ibn Avvom ibn Xuvaylid ibn Asad ibn Abduluzzo ibn Qusay ibn Kilob. Uning nasabi Qusoyda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘lanadi. Kunyasi Abu Abdulloh. Yasrib (Madina)da birinchi tug‘ilgan Abdulloh ibn Zubayr (roziyallohu anhu)ning otasi.
Otasi Avvom ibn Xuvaylid. Onasi Safiya bint Abdulmuttalib ibn Hoshim ibn Abdumanof ibn Qusay ibn Kilob ibn Murra Payg‘ambarimiz alayhissalomning ammasi.
Zubayr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan boja bo‘lgan. Ayoli ulug‘ sahobiya Asmo bint Abu Bakr. Ularning Abdulloh, Urva, Munzir, Osim, Muhojir, Ja’far degan o‘g‘illari, Xadijai Kubro, Ummu Hasan va Oysha degan qizlari bo‘lgan.
Abu Abdulloh roziyallohu anhu Islomni birinchilardan bo‘lib qabul qilgan ulug‘ sahoba. U o‘n olti yoshida Islomga kirgan. Ayrim manbalarda sakkiz yoki o‘n ikki yoshda bo‘lgani yozilgan. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhudan keyin to‘rtinchi yoki beshinchi bo‘lib musulmon bo‘lgan.
Zubayrning yoshligi Makkada o‘tgan. Otasidan erta yetim qolgan. Onasi farzandim ulg‘ayganda, chidamli, mard odam bo‘lsin deb, uni og‘ir jismoniy mashqlar bilan chiniqtirib tarbiyalagan. U baland bo‘yli, soqoli siyrak, bug‘doyrang, sochini yelkasiga tushurib yuradigan kishi edi.
Zubayr roziyallohu anhu Islom tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega. U uch marta hijrat qilgan sahobalardan biri. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning davrlarida barcha g‘azotlarda ishtirok etgan. Unin o‘zi bu borada bunday degan: “Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qay bir jang yoki sariyaga chiqqan bo‘lsalar, men ham birga borganman”. Badr jangida qo‘shinning o‘ng qanoti qo‘mondoni, Makka fathida muhojirlarning uch bayroqdorining biri bo‘lgan. Umar ibn Xatob (roziyallohu anhu)ning xalifalik davrida Misrni fath etish uchun Amr ibn Os roziyallohu anhuga yordamchi sifatida o‘n ikki ming askarga boshliq qilib yuborilgan. Hazrat Umar roziyallohu anhu o‘zidan keyin xalifalikka nomzodlar orasida Zubayr roziyallohu anhuni ham sanab: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etganlarida ulardan rozi edilar”, degan.
Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan juda ham oz hadis rivoyat qilgan. Chunki u hadis aytishda xato qilib, U zot alayhissalomga yolg‘on to‘qib qo‘yishdan qattiq qo‘rqardi. Unga o‘g‘li Abdulloh ibn Zubayr: “Nima uchun falonchilar kabi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan hadis rivoyat qilmaysiz?” dedi. Abu Abdulloh roziyallohu anhu: “Men musulmon bo‘lganimdan beri Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ajraganim yo‘q. Lekin, u zotning: “Kim menga yolg‘on to‘qisa, o‘z joyini do‘zaxdan tayyorlasin”, deganlarini eshitganman”, deb javob bergan. Sahobadan o‘g‘illari – Abdulloh, Mus’ab, Urva va Ja’far, Moilk ibn Avs, Ahnaf ibn Qays Abdulloh ibn Omir kabilar hadis aytishgan. Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisni ikkitasi muttafaqun alayhdir. Imom Buxoriy to‘rtta, Imom Muslim esa bitta hadisni o‘z to‘plamlarida keltirishgan.
Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu jannat bashorati berilgan o‘n sahobaning biri. Abdurahmon ibn Avf (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Abu Bakr jannatda, Umar jannatda, Usmon jannatda, Ali jannatda, Tolha jannatda, Zubayr jannatda, Abduramon ibn Avf jannatda, Sa’d ibn Abu Vaqqos jannatda, Said ibn Zayd jannatda Abu Ubayda ibn Jarroh jannatda”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Abdulloh roziyallohu anhu musulmon bo‘lgandan to Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etgunlaricha u zot bilan birga bo‘lgan. Barcha ishlarda Nabiy alayhissalomning yordamchilari bo‘lgan. Uhud jangi oldidan mushriklar bayroqdori Talha ibn Abu Talha yakkama-yakka jangga chaqirdi. Musulmonlardan Zubayr roziyallohu anhu chiqdi va dushman bilan olishib uni yengdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Har bir nabiyning havoriysi bor. Mening havoriyim Zubayrdir. Odamlarning yakkama-yakka olishuvga chiqmay qolganlarini ko‘rdim. Agar u chiqmaganida, albatta, o‘zim chiqardim”, deganlar.
Oysha roziyallohu anho: “Ularga jarohat yetgandan keyin ham Alloh va Payg‘ambar (buyruqlari)ga itoat etgan edilar. Ularning chiroyli ish qilib, taqvoli bo‘lganlariga ulkan mukofotlar bordir” (Oli Imron surasi, 172-oyat) oyatini o‘qib, Urvaga: “Ey opamning o‘g‘li, otang Zubayr va Abu Bakr o‘shalardan edi”, degan.
Badr jangida Zubayr roziyallohu anhu boshiga sariq salla o‘rab olgan edi. Jang paytida Allohning izni bilan yordamga tushgan farishtalar ham sariq sallada bo‘lishgan. Bu haqda Nabiy alayhissalom: “Farishtalar Zubayr siymosida tushishdi”, deb marhamat qilganlar.
Xandaqda jangida ittifoqdosh Banu Qurayza qabilasi o‘z ahdini buzib, dushman bilan til biriktirgani haqida xabar keldi. Buni aniqlash uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Banu Qurayzaga borib, menga ularning xabarini bilib keladi?” deb so‘radilar. Zubayr roziyallohu anhu: “Men borib kelaman”, dedi. U zot: “Senga ota va onam fido bo‘lsin”, dedilar.
Zubayr roziyallohu anhu ko‘p yillar mobaynida: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ota-onam senga fido bo‘lsin”, deganlar”, deb faxrlanib aytib yurgan.
Manbalar asosida Olmazor tumanidagi
“To‘xtaboy” jome masjidi
imom noibi Bahriddin PARPIYEV tayyorladi.
Munosabat
Avvalo, barcha yurtdoshlarimizni xursandchilik ayyomi – Qurbon hayiti bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Mamlakatimizda Qurbon hayiti nafaqat diniy, balki umummilliy bayram sifatida ham keng nishonlanadi. Zero, ushbu kunda yurtdoshlarimiz bir-birini hayit bilan samimiy tabriklab, o‘zaro sovg‘alar ulashadi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, xayriya ishlari amalga oshiriladi.
Shu ma’noda, ushbu qutlug‘ bayram insonparvarlik va bag‘rikenglik ramzi bo‘lish bilan birga, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat va hamjihatlik kabi fazilatlarni ham o‘zida mujassam etadi.
Yurtimizda hayit bayramini munosib kutib olish va o‘tkazish, shuningdek, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimizning ko‘p asrlik an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun barcha zarur tayyorgarliklar ko‘riladi, mamlakatimizning barcha hududlarida tom ma’noda bayram shukuhi hukm suradi.
Kezi kelganda yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya asosida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham katta islohotlar amalga oshirilayotgani, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilib, soha faoliyati samaradorligi yangi bosqichga chiqarilayotganini alohida qayd etish lozim.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi yillarda yurtimizning har bir go‘shasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi yakuniga yetib bormoqda, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi qad rostlamoqda.
Yaqinda Prezidentimiz ushbu majmuaga tashrif buyurib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, zarur ko‘rsatmalar berdi. Zero, bu davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘ra bilishi, ulug‘ ajdodlarga yuksak ehtiromining yorqin ifodasidir.
E’tiborga sazovor jihatlardan yana biri shuki, Prezidentimiz qo‘ng‘iroq qilib, hojilarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Bundan hojilarimiz behad mamnun bo‘ldi, e’tibor va ehtiromdan xursand bo‘lgan ziyoratchilarimiz ko‘zlarida yosh bilan duo qildilar.
Arafot maydonida, duolar mustajob bo‘ladigan ayni onlarda Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigini katta hayajon bilan eshitdik. Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab, duolar qildik.
Ayniqsa, tabrikda hojilarimiz alohida eslab o‘tilgani ziyoratchilarimizni cheksiz quvontirdi.
Barcha yurtdoshlarimiz qatori hojilarimiz ham ushbu tabrikdagi olijanob g‘oya va tashabbuslarga befarq emasligini izhor qildi.
Tabrikdagi “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob g‘oya barcha jabhalardagi islohotlarning asosi ekanini alohida e’tirof etish va hojilarimizning tashabbuslari ham ushbu g‘oyaga hamohang ekanini qayd etish lozim.
Bu Arafot maydonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hojilarimizning murojaatida ham o‘z aksini topdi. Jumladan, mazkur murojaatda hojilarimiz yurtga qaytgach, “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi Renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Prezidentimizga ko‘makchi bo‘lamiz, deb va’da berdi.
Shuningdek, Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarni targ‘ib etish borasida faol bo‘lishni aytib o‘tdi.
O‘z navbatida, hojilarimiz kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish, xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish kabi tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga ahd qildi.
Aziz yurtdoshlar! Shubhasiz, ushbu shukuhli kunlar tom ma’noda barchamiz uchun katta bayram, xursandchilik onlaridir. Mo‘tabar manbalarda saodatli damlarni shodu xurramlik bilan o‘tkazish bo‘yicha ko‘p tavsiyalar kelgan. Ulamolarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridan”, deyishadi. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim. Ayniqsa, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatishga shoshilishimiz lozim.
Ushbu fazilatli kunlarda muborak manzillarda turib, ona Vatanimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga yanada farovon hayot, farzandlarimizga baxtu saodat so‘rab, duolar qilmoqdamiz!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy